Uy-joy kodeksi to‘g‘risidagi qonun yangi tahrirda tasdiqlanadi

O‘zbekiston 09:06 / 04.06.2020 7710

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlari fuqarolar, yuridik shaxslar, davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining quyidagi masalalar bo‘yicha munosabatlarini tartibga soladi:

turar joylarga mulk huquqining yuzaga kelishi, o‘zgartirilishi va bekor qilinishi;

uy-joy fondidagi turar joylar va umumiy mulkdan foydalanish;

binolarni turar joylar va noturar joylar toifasiga kiritish;

uy-joy fondini hisobga olish;

turar joylarni saqlash va ta'mirlash;

ko‘p kvartirali uylarni boshqarish;

fuqarolarning uy-joy huquqlariga rioya etilishi va uy-joy fondidan maqsadli foydalanish ustidan nazorat qilish.

Uy-joy daxlsizdir. Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa maqsad, hamda sud tartibi va sud qaroriga asoslangan hollardan tashqari, hech kim qonuniy asoslarga ko‘ra ushbu uyda yashovchilarning roziligisiz ushbu uy-joyga kirishga haqli emas.

Qonuniy asoslarga ko‘ra ushbu uyda yashovchilarning roziligisiz uy-joyga kirishga, faqatgina fuqarolar hayoti va/yoki mol-mulkini asrab qolish, avariyaviy holatlar, tabiiy ofat, halokat, ommaviy tartibsizliklar va favqulodda xarakterdagi boshqa hollarda ularning shaxsiy xavfsizligi yoki jamoat xavfsizligini ta'minlash maqsadida, shuningdek jinoyat sodir etganlikda gumonlanayotgan shaxslarni qo‘lga olish, sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish yoki sodir etilgan jinoyat yoki yuzaga kelgan baxsiz hodisaning sabablarini aniqlash maqsadida qonunda ko‘zda tutilgan holat va tartibda yo‘l qo‘yiladi. 

Hech kim uy-joydan ko‘chirilishi yoki uning uy-joydan foydalanish huquqi, shuningdek kommunal xizmatlardan foydalanish huquqi cheklanishi mumkin emas, toki bu holat ushbu Kodeks, va boshqa qonunlar bilan nazarda tutilmagan bo‘lsa.

Uy-joy fondi – inson yashashi uchun yaroqli bo‘lgan turar joydan, shu jumladan uylar, kvartiralar, xizmat turar joylari, maxsus uylardan (yotoqxonalar, vaqtinchalik uy-joy fondi uylari, nogironlar, faxriylar, yolg‘iz qariyalar uchun internat-uylar, shuningdek bolalar uylari va boshqa maxsus maqsadli uylardan) iborat bo‘lgan fond.

Uylarda joylashgan savdo, maishiy va nosanoat yo‘nalishidagi o‘zga ehtiyojlarga mo‘ljallangan, yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar uy-joy fondiga kirmaydi.

Uy-joy fondi xususiy va davlat uy-joy fondlaridan iboratdir.

Xususiy uy-joy fondiga quyidagilar kiradi:

fuqarolar mulki bo‘lgan uy-joy fondi (yakka tartibda uy-joy, xususiylashtirilgan, qurilgan hamda olingan kvartiralar va uylar, uy-joy qurish hamda uy-joy fondiga qarashli uylardagi badallari to‘liq to‘langan kvartiralar, fuqarolar tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarda mulk qilib olingan kvartiralar va uylar);

tijoratchi tashkilot bo‘lgan va tijoratchi tashkilot yuridik shaxslarning mulki bo‘lgan va ularning mablag‘lari hisobidan qurilgan yoki auksionda yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarda olingan uy-joy fondi.

Davlat uy-joy fondiga quyidagilar kiradi:

mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida bo‘lgan, mahalliy budjetga tushgan soliqlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha boshqa tushumlar hisobidan barpo etilgan munitsipal uy-joy fondi;

davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining to‘la xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida bo‘lgan idoraviy uy-joy fondi;

mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida bo‘lgan, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan barpo etilgan, shuningdek xususiy, munitsipal, idoraviy uy-joy fondidan olib ularning balansiga berilgan, fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan, kam ta'minlangan toifalari uchun xususiylashtirish huquqisiz ijara shartlari asosida foydalanish uchun berilgan aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi.

Fuqarolarning doimiy yashashiga mo‘ljallangan, belgilangan sanitariya, yong‘inga qarshi, texnik talablarga javob beradigan, shuningdek belgilangan tartibda maxsus uylar (yotoqxonalar, vaqtinchalik uy-joy fondi uylari, nogironlar, faxriylar, yolg‘iz qariyalar uchun internat-uylar, shuningdek bolalar uylari va boshqa maxsus maqsadli uylar) sifatida foydalanishga mo‘ljallangan joylar turar joy deb hisoblanadi.

Turar joy ko‘chmas mulk hisoblanadi.

Ko‘p kvartirali uylardagi turar joylarni sanoat ehtiyojlari uchun ishlatish, ijara yoki arendaga berish man etiladi. Ko‘p kvartirali uydagi turar joyga boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni ushbu joy yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar turkumiga belgilangan tartibda o‘tkazilganidan keyingina joylashtirish mumkin.

Belgilangan tartibda kasanachilik mehnati amalga oshirilayotgan turar joylarni yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar toifasiga o‘tkazish talab etilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: