Qog‘oz ko‘rinishidagi attestat o‘ta zarur bo‘lsagina bitiruvchiga beriladi – Xalq ta'limi vaziri

O‘zbekiston 15:03 / 04.06.2020 6036

Bugun, 4 may kuni qabul jarayonlariga bag‘ishlangan brifingda Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov maktab bitiruvchilari uchun elektron attestat berish tartibi haqida ma'lumot berdi.

Xalq ta'limi vazirining ta'kidlashicha, attestatlarni elektron bazaga kiritish ishlari olib borilmoqda.

«Bu yilgi bitiruvchilarning attestatlarini olishining ham keragi yo‘q. Chunki ular onlayn hujjat topshirishlari jarayonida Davlat test markazi bazasi Xalq ta'limi vazirligi bazasidan attestat ma'lumotlarini chiqarib beradi. Abituriyentning faqat pasport ma'lumotini kiritishi yetarli», - deya qayd etdi Sherzod Shermatov.

Vazir bazada barcha ma'lumotlar borligi uchun skaner variantdagi attestatni olishga ham ehtiyoj yo‘qligini aytib o‘tdi.

«Biroq shunday bo‘lsa-da, 15 iyunga qadar barcha bitiruvchilarga telegram yoki elektron pochta orqali skaner variantdagi attestatlar yetkaziladi.

Lekin agar kimgadir attestat juda zarur bo‘ladigan bo‘lsa, maktab qog‘oz ko‘rinishidagi attestatni ham berishi mumkin. Shunday vaziyat bo‘lsa, ijtimoiy masofani saqlash va karatin talablariga qat'iy rioya qilishni ota-onalardan so‘raymiz», - dedi Sherzod Shermatov.

Xalq ta'limi vaziri ota-onalar va bitiruvchilardan agar o‘ta zarur bo‘ladigan holat bo‘lmasa, qog‘oz ko‘rinishidagi attestatni olish uchun maktabga bormaslikni iltimos qildi.

h

Ko‘proq yangiliklar: