«Obod va xavfsiz mahalla» tamoyilini joriy etishning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi tasdiqlanadi

O‘zbekiston 09:41 / 04.06.2020 5513

Prezidentning “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mahalla tizimini rivojlantirish va jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini joriy etishning 2020 — 2024 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

a) Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mahalla tizimini rivojlantirish va jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini joriy etishning 2020 — 2024 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi tasdiqlanadi va unda quyidagilar nazarda tutiladi:

jamiyatning betakror ijtimoiy tuzilmasi hisoblanadigan mahalla institutini aholining chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish, uning roli va ahamiyatini oshirish;

xotin-qizlar ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish;

jamiyat va oilada sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma'naviy muhit hamda tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni ta'minlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tubdan isloh qilish;

mahalla institutining ichki ishlar organlari, boshqa davlat idoralari va jamoat tashkilotlari bilan uzluksiz, tizimli hamkorligini yo‘lga qo‘yish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari va profilaktika (katta) inspektorlarining roli va mavqeini yanada oshirish, mustaqilligi hamda vakolatlarining amaliy samaradorligini ta'minlash;

sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda xodimlarning mehnatini munosib rag‘batlantirish va moddiy-texnika ta'minotini yaxshilash.

b) Konsepsiyani 2020-2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si tasdiqlanadi.

Konsepsiya tegishli davrga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili alohida tasdiqlanadigan “Yo‘l xarita”si orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab qo‘yiladi.

Ko‘proq yangiliklar: