Finlyandiya BMTning Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha jamg‘armasiga 1 mln yevro ajratadi

O‘zbekiston 11:26 / 04.06.2020 3213

Finlyandiya hukumati va BMT ko‘psheriklik trast jamg‘armasining Nyu-Yorkdagi ofisi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Trast jamg‘armasiga hissa qo‘shish to‘g‘risida bitim imzoladi. Bu haqda O‘zbekistonda Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik jamg‘armasi xabar bermoqda.

2019 yilning noyabrida Bryusselda bo‘lib o‘tgan "O‘zbekiston-Yevropa ittifoqi" Hamkorlik kengashining 15-uchrashuvida Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Finlyandiya hukumati Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast jamg‘armasiga (Trast jamg‘arma) 1 million yevro ajratishga qaror qilganini ma'lum qilgan edi.

2020 yilning 29 mayida Finlyandiya hukumati va BMT ko‘psheriklik trast jamg‘armasining Nyu-Yorkdagi ofisi Finlyandiya tomonining Trast jamg‘armasiga 1 million yevro miqdorida hissa qo‘shishi to‘g‘risida bitimni imzoladi.

Finlyandiya hukumati hissasi Trast jamg‘armasiga kelib tushgandan keyin, bu mablag‘lar barcha manfaatdor tomonlar tomonidan kelishilgan va inson xavfsizligi konsepsiyasi prizmasi orqali o‘zaro bog‘liq muammolarni hal qilishga qaratilgan Jamg‘armaning Yagona strategiyasini amalga oshirish uchun ishlatiladi, bular:

ekologik xavfsizlik;

iqtisodiy xavfsizlik;

oziq-ovqat xavfsizligi;

aholi salomatligi xavfsizligi;

ijtimoiy xavfsizlik;

donorlar yordamining samarasizligi.

Bildirilishicha, bugungi kunga kelib O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan Trast jamg‘armaga 3,5 mln. doll. miqdorida mablag‘ o‘tkazildi. Shuningdek, Norvegiya hukumati 2019 yilning mart oyida 1,1 mln. doll. miqdorida, Yevropa ittifoqi 2020 yilning mart oyida 5,0 mln. Yevro miqdorida jamg‘armaga hissa qo‘shgan.

2018 yilda BMT shafeligida tashkil etilgan Trast jamg‘armasi Orolbo‘yi mintaqasida istiqomat qiluvchi hamjamiyatlarning ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini hal qilishda milliy va xalqaro darajada hamkorlikni amalga oshirish va barqaror rivojlanish sohasida global maqsadlarga erishish bo‘yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni tezlashtirish uchun yagona maydonni taqdim etadi.

Ko‘proq yangiliklar: