Chigirtkalar Markaziy Osiyo davlatlari qishloq xo‘jaligiga juda katta talafot yetkazishi mumkinligi ma'lum qilindi

O‘zbekiston 16:43 / 04.06.2020 16632
Bahodir Tojiyev

BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tashkiloti ekspertlarining xulosasida qayd etilishicha, cho‘l chigirtkalari o‘ttizdan oshiq mamlakat, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari qishloq xo‘jaligiga juda katta talafot yetkazishi xavfi mavjud.

“Hozirgi kunda Afrika va Osiyo davlatlarida sahro chigirtkasi yoppasiga ko‘payib, 15 million gektar maydonda uchib, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib o‘tmoqda. Bugungi kunda ularning qishloq xo‘jaligi ekinlariga keltirgan zarari 500 million AQSh dollaridan oshgan. 

2020 yilda respublikamiz bo‘yicha zararli chigirtkalarni 597,9 ming gektarda kimyoviy ishlov o‘tkazilishi bashorat qilingan.

Joriy yilning 3 iyun holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha zararli chigirtkalarning 336 200 gektar maydonda tarqalganligi aniqlanib, 318 900 gektar maydonda kimyoviy ishlovlar o‘tkazildi.

Hozirda hududlarda zararli chigirtkalarga qarshi kurashish tadbirlari o‘tkazilmoqda. Soha olimlari va mutaxassislari tahlillariga ko‘ra joriy yilda zararli chigirtkalarning rivojlanishi va tarqalishiga ob-havoning qulay kelayotganligi, iyun oyida havo harorati isib ketishi bilan yaylovlardagi o‘tlarning qurib qolishi natijasida zararli chigirtkalarning qo‘shni respublikalarning chegaradosh hududlaridan uchib o‘tishi va tabiiy ofat tusida o‘ta murakkab favqulodda vaziyatlar paydo bo‘lishi xavfi mavjud.Ushbu hududlarda o‘z vaqtida qarshi kurashish choralari o‘tkazilib, yaylovlar va qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazishining oldi olinmoqda”, deydi Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev.

Senatorning bildirishicha, joriy yil mavsumida zararli chigirtkalarga qarshi kurash tadbirlarini o‘tkazishga 33,3 mln. so‘m talab etilgan. Lekin hozirgacha mahalliy budjetdan 25,3 mln. so‘m ajratilgan bo‘lib, bu mablag‘ 354,4 ming gektar maydonda chigirtkalarga qarshi ishlov o‘tkazilishini ta'minlaydi.

“Yuzaga kelgan holat tegishli xizmatlardan kuzatuv-nazorat ishlarini kuchaytirish, zarur kimyoviy vositalar va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari zaxirasini o‘z vaqtida yaratishni talab etadi. Pandemiya sababli qo‘shni davlatlar chegara hududlari yopilganligi oqibatida chegaradosh hududlarda zararli chigirtkalarga qarshi kurashish tadbirlari va hamkorlikda kuzatuv-nazorat ishlarini o‘tkazishga imkoniyat bo‘lmayotir. Shu bois qo‘shni davlatlarning tegishli xizmatlari bilan telefon orqali axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Shu bilan birga, mamlakatimizda zararli chigirtkalarga qarshi kurashish tadbirlarida chegara qo‘shinlari, FVV, mahalliy hokimliklar tomonidan choralar olib borilmoqda. Bu borada paydo bo‘layotgan muammolar Vazirlar Mahkamasi orqali hal etilmoqda. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan”, deydi senator Bahodir Tojiyev.

Ko‘proq yangiliklar: