Abituriyentlarning hujjatlari onlayn rejimda 1 oy davomida qabul qilinadi – DTM direktori

O‘zbekiston 14:34 / 04.06.2020 29633

U bu haqda Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Musayev boshchiligida o‘tgan brifingda ma'lum qildi.

“Pandemiyani e'tiborga olib bu yil abituriyentlardan hujjatlar davlat xizmatlari markazlari, Yagona davlat interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali onlayn tarzda qabul qilinadi. Reja bo‘yicha hujjatlar 15 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinishi belgilangan, bu muddat bekor qilingani yo‘q. Mana shu jarayonda onlayn tarzda ishtirokchilarning ro‘yxatda o‘tishi rejalashtirilgan. Jarayon bir oy, har kuni 24 soat davom etadi. Tizim muntazam ishlaydi va qabul qilish jarayoni to‘xtovsiz davom etadi. 

Onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlardan avvalgiday ko‘p hujjatlar talab qilinmaydi. Faqatgina shaxsini va ma'lumotini tasdiqlovchi (shahodatnoma yoki diplom) hujjatlar bo‘lsa kifoya. Mana shu hujjatlar bo‘lgan taqdirda internet orqali Yagona davlat interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-saytiga kiradi. U yerda “Ro‘yxatga olish” bo‘limi bor, abituriyent shu yerga kirib birinchi navbatda pasport ma'lumotlarini kiritadi. 

Pasport va ma'lumotini tasdiqlovchi hujjatlardagi ma'lumotlardan boshqa ma'lumotlar talab qilinmaydi. Agar abituriyent qandaydir imtiyozlarga ega bo‘lsa, imtiyozga egaligini tasdiqlovchi hujjat, nogiron yoki harbiy qism tavsiyanomasiga ega bo‘lsa, shularni tasdiqlovchi hujjatlar kerak bo‘ladi. Bu hujjatlarning ham to‘rtta turi talab qilinadi, qolgan barcha hujjatlarni vazirlik va idoralardan elektron tarzda olamiz. 

Bu tartib avvalgi yillarda o‘qishni bitirgan abituriyentlar uchun. Maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining bu yilgi bitiruvchilarining bitiruv, ya'ni o‘rta ma'lumotiga oid ma'lumoti to‘g‘risidagi hujjatlarni elektron shaklda olishimiz mumkin bo‘ladi. Abituriyentlarning pasporti orqali elektron bazadan ularning ma'lumotiga oid hujjat tanlab olinadi”, deya Majid Karimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

DTM direktorining ta'kidlashicha, abituriyentlarda onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida bordi-yu ma'lumotlarni xato kiritib qo‘ygan bo‘lishsa, xatoni to‘g‘rilash imkoni mavjud.

“Abituriyentlarda ro‘yxatdan o‘tish jarayonida hujjatlardagi ma'lumotlarni to‘g‘ri kiritganini, ma'lumotlarni to‘g‘ri to‘ldirganini shaxsiy kabinet orqali tekshirish imkoniyati mavjud. Shuningdek, qandaydir tushunmovchilik yuzaga kelganda aniqlik kiritish va abituriyent bilan bog‘lanish uchun mobil telefon raqamini kiritish kerak va ko‘rsatilgan raqam muntazam ishlab turishi kerak. Keyinchalik imtihonga ruxsatnomani olish uchun telefon orqali xabar beriladi”, deydi Majid Karimov.

Ko‘proq yangiliklar: