Ro‘yxatga olinmagan qurolni ichki ishlar organlariga o‘z ixtiyori bilan topshirish tartibi ochiqlandi

O‘zbekiston 07:30 / 03.06.2020 11742

Vazirlar Mahkamasining “Ro‘yxatga olinmagan qurolni, patronlarni, o‘q-dorilarni, portlovchi moddalarni va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga o‘z ixtiyori bilan topshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxs qurolni, patronlarni, o‘q-dorilarni, portlovchi moddalarni va portlatish qurilmalarini o‘z ixtiyori bilan topshirish to‘g‘risida qarorga kelsa hamda ularni topshirish haqida ichki ishlar organlariga yozma yoki og‘zaki ravishda murojaat qilsa, u qurolni, patronlarni, o‘q-dorilarni, portlovchi moddalarni va portlatish qurilmalarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan deb e'tirof etiladi.

Jismoniy va yuridik shaxs tintuv jarayonida yoki unda qurol, patronlar, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari borligi haqida dalillar keltirilishi natijasida ularni topshirish to‘g‘risidagi qarorga kelsa, u qurolni, patronlarni, o‘q-dorilarni, portlovchi moddalarni va portlatish qurilmalarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan deb e'tirof etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasiga muvofiq qurolni, patronlarni, o‘q-dorilarni, portlovchi moddalarni va portlatish qurilmalarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan jismoniy va yuridik shaxs qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod qilinadi.

Jismoniy yoki yuridik shaxs ichki ishlar organlariga qurol va (yoki) ularning o‘q-dorilarini o‘z ixtiyori bilan topshirganligi uchun pul mukofoti bilan taqdirlanishi, 1974 yilgacha ishlab chiqarilgan fuqaroviy o‘qotar qurol topshirgan jismoniy shaxs esa – uni imtiyozli (ustuvor tarzda) olish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.

Qurolni, patronlarni, o‘q-dorilarni, portlovchi moddalarni va portlatish qurilmalarini o‘z ixtiyori bilan topshirishga istak bildirgan jismoniy shaxs yoki yuridik shaxs nomidan uning ishonchli vakili yozma yoki og‘zaki ravishda ariza bilan bevosita, pochta aloqasi vositalari, telefon aloqa vositasi yoki elektron vositalardan foydalangan holda o‘zining yashash joyi yoki qurol, patronlar, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari saqlanayotgan joy bo‘yicha hududiy ichki ishlar organlariga yoki profilaktika inspektoriga murojaat qiladi.

Arizada quyidagilar ko‘rsatiladi:

jismoniy shaxs uchun − familiyasi, ismi, otasining ismi, ro‘yxatdan o‘tgan yashash joyining va amalda yashash joyining manzillari, pasport ma'lumotlari, bog‘lanish uchun telefon raqamlari;

yuridik shaxs uchun − nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefon raqami, yuridik shaxs nomidan uning ishonchli vakilining lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi, shaxsga oid ma'lumotlari, telefon raqami;

topshiriladigan qurol, patronlar, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari bevosita saqlanayotgan joy, ularning nomi, o‘ziga xos ma'lumotlari va soni (topshirilayotgan qurollarning soni, turi (sistemasi), rusumi, modeli, kalibri, zavodda qo‘yilgan seriyasi, raqami va ishlab chiqarilgan yili; patronlarning va o‘q-dorilarning soni, turi va kalibri, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarining turi (sistemasi), rusumi, nomi va soni — agar ma'lum bo‘lsa, ularning tasnifi), ularga egalik qilish (sotib olish, topib olish) holati va manbalarining qisqacha tavsifi;

o‘z ixtiyori bilan topshirilayotgan qurol va (yoki) patronlar uchun taqdirlashning shakli (pul mukofoti bilan taqdirlash yoki 1974 yilgacha ishlab chiqarilgan fuqaroviy o‘qotar qurolni imtiyozli olish).

O‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va (yoki) patronlar uchun pul mukofotining miqdori o‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va o‘q-dorilar uchun pul mukofoti miqdorlariga mos ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining buyruqlari asosida beriladi.

Qurol va (yoki) patronlarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan arizachining xohishiga ko‘ra pul mukofoti naqd shaklda yoki uning hisob raqamiga pul o‘tkazish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘i e'lon qilingan kundan boshlab besh ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda tegishli moliya-iqtisod boshqarma (bo‘lim)lari tomonidan amalga oshiriladi.

Qurol va (yoki) patronlarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan o‘n sakkiz yoshga to‘lgan jismoniy shaxslar pul mukofoti bilan bevosita taqdirlanadi.

O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jismoniy shaxsni pul mukofoti bilan taqdirlash uning qonuniy vakili orqali amalga oshiriladi. Jismoniy shaxs qurol va (yoki) patronlarni o‘z ixtiyori bilan topshirganligi uchun pul mukofotini ishonchnoma asosida o‘zining ishonchli vakili orqali olishi mumkin.

Yuridik shaxsni naqd shaklda pul mukofoti bilan taqdirlash ushbu yuridik shaxs nomidan uning ishonchli vakili orqali amalga oshiriladi.

Quyidagi asoslarga ko‘ra pul mukofoti bilan taqdirlash rad etiladi:

o‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va (yoki) patronlar o‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va patronlar uchun pul mukofoti miqdorlaridagi ro‘yxatda ko‘rsatilmagan bo‘lsa;

qurol va (yoki) patronlarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan arizachining quroldan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatga yoki ushbu qurol va (yoki) patronlar o‘g‘irlanganligi bilan bog‘liq jinoyatga aloqadorligi aniqlanganda.

Bildirilishicha, loyiha qabul qilinishi:

qurol-yarog‘lar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini noqonuniy muomaladan olishga doir tadbirlar jadallashtirilishiga, ular bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat va hodisalarning barvaqt oldini olinishiga;

qurol-yarog‘lar va portlashga xavfli bo‘lgan predmetlarni o‘z ixtiyori bilan ichki ishlar organlariga topshirishning soddalashtirilgan va maqbul sharoitlar yaratilishiga, topshiruvchi shaxs va atrofdagilarning xavfsizligi ta'minlanishiga xizmat qiladi.

Ichki ishlar organlariga yillik o‘rtacha hisobda topshiriladigan qurol va patronlarning soni hamda loyihada nazarda tutilgan pul mukofoti miqdorlari bo‘yicha o‘tkazilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihaning tatbiq etilishi qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili taxminan 1 mlrd. 135 mln. 449 ming 100 so‘m ajratilishini talab etadi.

Ko‘proq yangiliklar: