Pandemiya 450 mingga yaqin oilalar daromadiga jiddiy ta'sir qilishi mumkin. Vazirliklarga vazifalar belgilab berildi

O‘zbekiston 21:20 / 03.06.2020 20769

Davlat rahbari tadbir avvalida mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib o‘tdi. So‘nggi o‘n kunda o‘rta hisobda kuniga 70-80 kishida kasallik aniqlangani, hali xotirjamlikka o‘rin yo‘qligini ta'kidladi.

Oxirgi bir oyda 32 ta charter reys orqali 8 mingga yaqin, chegara postlari orqali 20 mingdan ortiq fuqarolar yurtimizga olib kelingan. Ularning ko‘pchiligida kasallik topilgan. Shuningdek, qariyb 200 nafar xalqaro yuk tashuvchi haydovchida koronavirus aniqlangan. Umuman, hozirgi kunda uy sharoitida 26 ming, statsionarda 21 ming kishi karantinda qolmoqda.

«Qizil» va «sariq» hududlar hisoblangan viloyat, shahar va tumanlarda karantin qoidalariga qat'iy amal qilish shartligi yana bir bor aytib o‘tildi.

Pandemiya sharoitida eng farovon davlatlarda ham aholi bandligini ta'minlash va kambag‘allikni qisqartirish katta muammo bo‘lib qolmoqda. Mamlakatda ham ishsizlar soni ko‘paydi. Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, pandemiya 450 mingga yaqin oilalar daromadiga jiddiy ta'sir qilishi mumkin.

Aholi bandligini ta'minlash va daromadini oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlari. Bu borada komleks va hududiy dasturlar ishlab chiqilgan, vazirlar, hokimlar va sektorlar rahbarlarining vazifalari belgilab berilgan.

Kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar hamda «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ro‘yxatlar shakllantirilgan. Ularga muvofiq, bugungi kunga qadar shunday oilalarning 540 mingtasiga 307 milliard so‘mlik ko‘mak berildi.

Davlat rahbari asosiy maqsad kambag‘al oilaning hech bo‘lmaganda bitta a'zosini ish bilan ta'minlab, ularni muhtojlikdan chiqarish ekani, shuning uchun har bir oila, har bir fuqaroning muammosi bilan alohida shug‘ullanish zarurligini ta'kidladi.

– Bu sinovli davrda raqamlar ortidan quvish emas, balki xalqni rozi qilish uchun chin ko‘ngildan ishlash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda belgilanganidek, tuman (shahar) sektor rahbarlari eng qiynalgan va muhtoj oilalar ro‘yxatini shakllantirib, ularni kambag‘allikdan xalos etish rejasini ishlab chiqadi. Viloyat hokimining iqtisodiyot va mahalla masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari sektorlar hamda tijorat banklari ishini muvofiqlashtirib, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga mas'ul bo‘ladi. Bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida Respublika shtabi ularning hisobotini eshitib, muammolarini hal qilishga vazirlik va idoralar, tijorat banklarini jalb qiladi.

Ushbu tizim Yagona ijtimoiy reyestr uchun ham katta zamin bo‘ladi. Mutasaddilarga yil oxirigacha mazkur reyestrni vazirlik - viloyat - tuman - mahalla kesimida to‘liq joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Kambag‘allik chegarasi va mezonlarining jahon amaliyotida tan olingan 4ta hisoblash usuli Farg‘ona viloyatining Toshloq tumani misolida sinovdan o‘tkazilishi belgilandi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga joriy yil 1 oktyabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal iste'mol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishsizlik darajasi yuqori, infratuzilma tarmoqlari yetishmaydigan tumanlar, ayniqsa, chegaradosh hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha alohida yondashuv bo‘lishi kerakligini ta'kidladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlariga mahalliy hokimliklar bilan birgalikda shunday tumanlarda aholi bandligini oshirish va yashash sharoitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ma'lumki, karantin choralarini yumshatish natijasida 17 mingdan ziyod sanoat va 10 mingta qurilish sohasidagi korxonalar faoliyati tiklandi. Lekin ularning ko‘pida mablag‘ oqimlari karantingacha bo‘lgan davrdagiga nisbatan 3 baravar kamayib ketgan.

Markaziy bankka hisob-varag‘ida pul aylanmasi yetarli bo‘lmagan korxonalar muammolarini aniqlab, ularga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida 300 ming aholini jamoat ishlariga jalb qilish, 265 ming nafarini ishga joylashtirish, jumladan, vazirlik jamg‘armasi hisobidan shaxsiy tomorqalarga 36 milliard so‘m subsidiya ajratish orqali 18 ming kambag‘al aholi bandligini ta'minlash imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Pandemiya oqibatlarini yumshatish maqsadida «Har bir oila – tadbirkor» davlat dasturiga qo‘shimcha 1 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Umuman aytganda esa, joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlariga 4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar ajratish soddalashtirildi.

Ushbu mablag‘larni samaradorligi yuqori va kafolatlangan ish o‘rinlari yaratadigan kichik ishlab chiqarish loyihalariga yo‘naltirish muhimligi ta'kidlandi. 

Shuningdek, hunarmandchilik uchun bugungi kunga qadar 190 milliard so‘m ajratilgan. Ammo Navoiy, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida bu mablag‘larning o‘zlashtirish sur'ati tanqid qilindi.

Joriy yilda sanoat sohasida 7,5 mingta hududiy loyihani amalga oshirish hisobiga 145 ming nafar kambag‘al aholini ishga joylashtirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, qiymati qariyb 11 milliard dollar bo‘lgan 206ta yirik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirib, 31 mingdan ziyod yuqori daromadli ish o‘rni yaratish choralari belgilangan. Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziriga ushbu loyihalarni o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qishloq xo‘jaligida ham kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha imkoniyatlar ko‘p. Yig‘ilishda qayd etilganidek, birinchi yarim yillikda 38 ming gektar yerni oborotga kiritish hisobiga 25 ming nafar, yil yakuniga qadar yana qo‘shimcha 51 ming gektarni o‘zlashtirish evaziga 45 ming odam bandligini ta'minlash rejalashtirilgan. Bu yerlarning 20 ming gektari kam ta'minlangan oilalarga beriladi.

Xuddi shuningdek, g‘alladan bo‘shaydigan 120 ming gektar maydonni takroriy ekin uchun ajratib, 300 mingga yaqin oilaga daromad manbai yaratish belgilangan. Bundan tashqari, paxta-to‘qimachilik klasterlarining 965 million dollarlik 107 loyihasini amalga oshirish natijasida 28 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan kam ta'minlangan 28 ming xonadonga naslli echki, 50 mingta oilaga parranda, 100 mingtasiga naslli quyon tarqatiladi.

Qurilish sohasidagi imkoniyatlar ko‘rib chiqilar ekan, Inqirozga qarshi kurashishi jamg‘armasidan ajratilgan 3,6 trillion so‘m hisobidan bajariladigan qurilish-pudrat ishlariga 85 ming nafar odamni jalb qilish mumkinligi aytib o‘tildi. 

Yig‘ilishda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Karantinning birinchi kunlaridan bu  borada zarur choralar ko‘rilib, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 10 foizga oshirilgan edi.

Bugungi kunda boquvchisini yo‘qotgan oilalar soni 155 ming, 5 nafardan ortiq farzandi bor kam ta'minlangan oilalar soni 81 ming, yolg‘iz yashovchi keksalar 16 ming nafarni tashkil etmoqda. Lekin ajratilayotgan ijtimoiy yordamlar ehtiyojmandlarga to‘liq yetib bormayotgan holatlar ham ko‘p.

Shu bois Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga qo‘shimcha ajratilgan 992 milliard so‘m mablag‘ni hamda «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidagi 70 milliard so‘m qoldiqni muhtoj oilalarga aniq va adolatli yetkazish bo‘yicha qat'iy topshiriq berildi.

Pandemiya davrida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan qarorlar doirasida yil yakuniga qadar qo‘shimcha 235 mingdan ziyod oilaga moddiy yordam ajratilishi qayd etildi.

Yig‘ilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni to‘liq ta'minlash va bozorlardagi narx-navo barqarorligini saqlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Parranda go‘shti, sholi, kartoshka talabga nisbatan kam yetishtirilayotgani qayd etilib, ushbu mahsulotlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bunda xorijiy davlatlar, xususan, kartoshka bo‘yicha Niderlandiya, sholi va baliqchilik bo‘yicha Vetnam tajribalaridan foydalanish yaxshi natija beradi.

Bulardan tashqari ham agrar sohada ishlatilmayotgan rezervlar yetarliligi ta'kidlandi. Misol uchun, bir vaqtlar Namangan va Navoiy viloyatlarida junni qayta ishlash bo‘yicha quvvatlar mavjud bo‘lgan.

Bu yo‘nalishda ko‘plab odamlarni ish bilan ta'minlash va eksportbop tovarlar turi va hajmini ko‘paytirish imkoniyati bor. Jundan ro‘mol, gilam kabi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish aholi o‘zini o‘zi band qilishining muhim yo‘nalishi bo‘lishi lozimligi qayd etildi, bu borada manzilli loyihalarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Videoselektor yig‘ilishida hokimlar, vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari birinchi yarim yil yakuni bo‘yicha nechta ish o‘rni yaratishi, kambag‘al oilalarni qanchaga qisqartirishi, 9 oy va yil oxirigacha mo‘ljallangan rejalari yuzasidan hisobot berdi.

Ko‘proq yangiliklar: