Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslarni qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazmasdan TIEKga yuborish belgilanadi

O‘zbekiston 13:49 / 03.06.2020 4236

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ikki kun davom etgan yalpi majlisida deputatlar “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qilishdi.

Parlament saytida yozilishicha, amaldagi qonunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning tengligini ta'minlash va kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shaxsiy hayotning daxlsizlik huquqi, harakat erkinligi va fuqarolik huquqi, yaratilgan sharoitlarning qulayligi, uy-joyga bo‘lgan huquqi kabi bir qator masalalar to‘liq qamrab olinmagan.

Yangi tahrirdagi qonun loyihasining e'tiborli jihatlari shundaki, unda yuqoridagi kamchiliklarning oldini olishga qaratilgan normalar aks etyapti. Xususan, nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslarning qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazilmasdan tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasiga yuborish qonun loyihasida mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bu norma aynan saylovchilardan tushgan shikoyatlarning qonuniy yechimiga xizmat qiladi.

Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida hududlarda va Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslar, jamoat tashkilotlari, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi, tegishli vazirlik va idoralar hamda ekspertlar ishtirokida jamoatchilik muhokamalari o‘tkazildi. Xususan, 2020 yilning fevral oyida Qonunchilik palatasidagi barcha fraksiyalar vakillari ishtirokida loyiha muhokamasiga bag‘ishlangan fraksiyalararo debatlar o‘tkazildi. Mazkur jarayonlarda bildirilgan taklif va tavsiyalar ishchi guruhi tomonidan tahliliy o‘rganilib, loyiha normalarida o‘z aksini topdi.

Deputatlar qonun qabul qilinganidan keyin amaliyotda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga xizmat qilishi kerakligini inobatga olib, loyihani yanada takomillashtirish uchun mas'ul qo‘mitaga qaytarish taklifini ilgari surdilar. Ko‘pchilik ovozi bilan loyiha qo‘mitaga qaytarildi.

Ko‘proq yangiliklar: