Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi bosh vrachi o‘z vazifasidan ozod etildi

O‘zbekiston 19:40 / 02.06.2020 37209

«Ijtimoiy tarmoqlarda xodimlarini o‘z kabinetida so‘kayotgan rahbarning videosi tarqaldi. Tez orada video «qahramoni» Toshkent viloyati Sanitariya -epidemiologiya osoyishtalik markazi bosh vrachi Baxtiyor Boltaboyev ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Bugun holat Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi mutaxassislari tomonidan o‘rganildi. Viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Baxtiyor Boltaboyevning qo‘l ostidagi xodimlari bilan o‘ta qo‘pol va axloqiy me'yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan tarzdagi suhbati muhokama qilinib, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rildi.

Bosh vrach Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, mazkur agentlik direktori Bahodir Yusupaliyevning tegishli bo‘yrug‘i bilan o‘z vazifasidan ozod etildi.

Ayni paytda agentlik tomonidan Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi faoliyatini tubdan o‘zgartirish, ish samaradorligini oshirish, hududda sanitariya va epidemiologiya holatini yanada yaxshilash kabi vazifalarga  qat'iy e'tibor qaratilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bundan avvalroq Toshkent viloyati hokimligi SEOM bosh vrachi xodimlarni bo‘ralab so‘kkani tasvirlangan videoga munosabat bildirgandi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi bosh vrachi lavozimida ishlayotgan Baxtiyor Boltaboyevning o‘z xizmat xonasida qo‘l ostidagi xodimlari bilan o‘ta qo‘pol va hech qanday axloqiy me'yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan tarzdagi suhbati keng muhokama qilinmoqda.

Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, SEOM tizimida mehnat qilayotgan ko‘p ming sonli tibbiyot sohasi xodimlari, viloyat jamoatchiligi bu holatdan nihoyatda mutaassir bo‘ldik.

Mazkur videoyozuvdagi voqelik – rahbar, tibbiyot sohasi vakili uchun sharmandali hol. Har qanaqasiga olganda ham o‘z xodimlariga bunday muomala ko‘rsatayotgan rahbarni umuman oqlab, tushunib bo‘lmaydi», deyiladi munosabatda.

Ko‘proq yangiliklar: