«Samarqand darvoza»da tadbirkorlardan karantin davri uchun ham ijara to‘lovi talab qilindi

O‘zbekiston 22:26 / 02.06.2020 25566

Ma'lum bo‘lishicha, «SD Mall» MChJ rahbari Sergey Kann «Samarqand darvoza»dagi tadbirkorlarga ijara to‘lovi masalasida xat yo‘llagan.

Xatda ma'lum qilinishicha, binodan foydalanish davriy xarajatlari, ishchilarga maosh, davlat budjetiga yo‘naltiriladigan soliq va yig‘imlarni to‘lash masalasi ko‘ndalang turibdi.

«Shularni inobatga olib, «SD Mall» MChJ sizlardan aprel oyi uchun qisman, ijara shartnomasida ko‘rsatilgan summaning 25 foizi miqdorida to‘lovni to‘lashingizni so‘raydi», – deyiladi binodan ijara asosida foydalanayotgan tadbirkorlarga yo‘llangan xatda.

Ta'kidlanishicha, karantin davridagi ijara uchun to‘lovni, boshqa joriy xarajatlar kabi, joriy yilning 1 dekabriga qadar to‘lash mumkin.

Kun.uz bilan suhbatlashgan tadbirkorning aytishicha, nooziq-ovqat mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar hali-beri iqtisodiy barqaror ahvolga kelishi qiyin, karantin uchun ijara to‘lovi esa umuman oshiqcha.

«Savdo faoliyatini boshlagani bilan, hali peshtaxtada yangi mavsum mahsulotlari yo‘q. Xorij bilan aloqa qilish qiyin. Qolaversa, ishchilar va o‘zimizning xarajatlar, xususan soliqlar haqida qayg‘urishimiz kerak.

Karantin davri uchun ijara to‘lovini talab qilish esa o‘z faoliyatimizda keskin choralar ko‘rishga majburlaydi. Masalan, narx-navo oshadi, ishchilarning maoshi pasaytiriladi yo ish o‘rinlari qisqaradi. Axir binoda ijara to‘lov kichik summani tashkil etmaydi: masalan, 1 kv.m. uchun o‘rtacha 1 million so‘m to‘lanadi», – deydi tadbirkor.

Sergey Kanning Kun.uz'ga bildirishicha, karantin paytida binoning davriy xarajatlarini qoplash uchun ijara to‘lovining minimal qismi miqdorida to‘lov so‘ralmoqda.

Shuningdek, ushbu to‘lovni bajarish uchun uzaytirilgan muddat berilgan. O‘z vaqtida to‘lanmagan ijara uchun penya yo jarima qo‘llanmaydi.

Boshqaruvchi kompaniya pandemiya davrida ijarachilar kam ziyon ko‘rishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini alohida ta'kidlamoqda.

Karantin davri uchun ijara to‘lovi olinishi mumkinmi?

Karantin tadbirlari davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarini hisoblash va undirish to‘xtatilgan.

Ammo xususiy sektor ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlar davlat tomonidan tartibga solinmaydi.

O‘z faoliyatini to‘xtatgan va (yoki) tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan tushumi 2020 yilning I choragidagi o‘rtacha oylik miqdoriga nisbatan 50 foizdan ko‘proqqa kamaygan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq organlarini xabardor qilgan holda 1 oktyabrga qadar quyidagi soliqlarni foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi taqdim etildi:

  • mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza bermasdan turib aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha – ularni keyinchalik 12 oy davomida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan;
  • ijtimoiy soliq bo‘yicha – uni keyinchalik 6 oy davomida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan.

Bu o‘rinda yirik korxona va soliq to‘lovchilar nazarda tutilmagan. Shunga qaramay, amaldagi Soliq kodeksiga muvofiq, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, yagona yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni berish Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning Kun.uz'ga bergan intervyusida bildirishicha, yirik soliq to‘lovchilar bilan munosabatlarni tartibga solish uchun qo‘mita huzurida alohida inspeksiya faoliyat ko‘rsatadi. Ularning har bir murojaati alohida o‘rganiladi.

Jamoatchilik fikri qanday? Ijtimoiy so‘rovnoma natijasi

Kun.uz rasmiy Telegram-kanalida ushbu masala yuzasidan ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda 65 mingdan ziyod foydalanuvchi ovoz berdi.

Respondentlarning yoshi, mehnat faoliyati, yashash manzillari va sotsiologik so‘rovni aniqlashtiruvchi boshqa omillarga aniqlik kiritilmadi. Ulardan: «Karantin davrida ish faoliyatingiz to‘xtatilganiga qaramay, xususiy tadbirkorga tegishli bino yoki do‘kon uchun ijara haqi to‘ladingizmi?» degan savolga javob berish so‘raldi.

So‘rovda qatnashganlarning 29 foizi (19 mingdan ortiq kishi) «Ha, ishlamagan kunlar uchun ijara haqi olindi», deya javob bergan bo‘lsa, 17 foiz respondent karantin davrida ijara to‘lovi hisobdan olib tashlanganini bildirgan.

«Samarqand darvoza» kimga tegishli?

O‘zbekistondagi yirik ko‘ngilochar va savdo markazlariga sarmoya kiritgan «O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi» haqida ma'lumotlar yetarli emas. Ushbu kompaniya «Samarqand darvoza»ning ta'sischilaridan biri sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Uning ta'sischiligida tashkil etilgan «SD Mall» MChJ savdo markazini boshqaradi.

«O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi»ning «SD Mall» MChJ ustav fondidagi ulushi 82 foizni tashkil etadi. Jamiyatning 18 foizi Azizxo‘ja Abbosxo‘jayevga tegishli bo‘lib, u mamlakatdagi yirik farmatsevtik kompaniyalardan biri – «Grand Pharm Trade» MChJ ta'sischisi (ustav fonddagi ulushi 60 foiz) sifatida tanish sanaladi.

«Samarqand darvoza»da katta ulushga ega «O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi» O‘zbekistonda 2010 yili 17 fevralda davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, uning ta'sischilari O‘mon sultonligi davlat bosh zaxira jamg‘armasi (75 foiz) hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (25 foiz) hisoblanadi.

«O‘zsanoatqurilishbank» ATB kengash a'zolari to‘g‘risidagi ma'lumotda «O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi» MChJ direktori Rasoxon Kalonxo‘jayev nomi ham a'zolar qatoriga kiritilgan.

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: