Angrenda Kukmin universiteti tashkil etiladi

O‘zbekiston 09:20 / 02.06.2020 5918

Vazirlar Mahkamasining “Angren shahrida Kukmin universitetining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Angren shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Koreya Respublikasi Kukmin Universiteti KBFBSI va G-global star group investorlar guruhining (Koreya Respublikasi) oliy ta'lim sohasida ta'lim xizmatlari ko‘rsatish uchun Angren shahrida Kukmin universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Universitetda Ta'sischilar ulushi Kukmin Universiteti KBFBSI – 55 foiz, G-global star group – 45 foiz ekanligi inobatga olinadi.

Universitetning huquq va majburiyatlari bo‘yicha yuqori turuvchi tashkilot Koreya Respublikasi Kukmin Universiteti KBFBSI bo‘lib, Unversitetga qabul parametrlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda Kukmin Universiteti KBFBSI tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yiladi.

Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanishi inobatga olinadi:

Toshkent viloyatining ijtimoiy-iqtisodiyot rivojlanish istiqbollarini inobatga olgan holda tadbirkorlik va boshqaruv, ijtimoiy-iqtisodiy hamda mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlarga muvofiq sifatli tayyorlash;

o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek, ilm-fan, ishlab chiqarish va amaliyot oldida turgan dolzarb vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishda respublika va xorijiy yetakchi oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish;

o‘quv jarayoniga xorijiy oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot muassasalaridan yuqori malakali professor-o‘qituvchilar hamda mutaxassislarning jalb etilishini ta'minlash;

respublika va xorijiy davlatlar kadrlarining malakasini oshirish, ilg‘or xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;

ta'lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlarini joriy etish.

Universitet faoliyati O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasining amaldagi qonunchiligi, ikki davlat o‘rtasida imzolangan xalqaro shartnomalar, shuningdek Ta'sischilar hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi o‘rtasida imzolangan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Angren shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi bir oy muddatda Toshkent viloyati, Angren shahri, 5/4 daha “Yoshlik” mahallasida joylashgan 1-son umumiy o‘rta ta'lim muassasasi (sobiq Angren turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kolleji) bino va inshootlari tegishli hududi bilan birga uzoq muddatli maqsadli foydalanish huquqi bilan Universitetga berilishini ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: