Advokatlikka talabgorlar muammolar ichida qolgan. Palata ularni qanday hal etadi?

O‘zbekiston 11:07 / 02.06.2020 5671

Murojaatlarda advokat bo‘lishni niyat qilib, tegishli hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi advokatlar palatasiga taqdim etgan ko‘plab fuqarolar litsenziya olish uchun malaka komissiyasi imtihonidan o‘tkazilmayotganidan norozilik bildiriladi.

Ana shunday murojaatlardan birida quyidagi so‘zlar keltiriladi:

«Advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziya olishga talabgorlar imtihon topshirishda bir qator muammolarga duch kelishmoqda. Uch oy oldin litsenziya olish uchun imtihon topshirishga ariza va hujjatlarimizni taqdim etgandik. Palataning hududiy boshqarmasi huzuridagi Malaka komissiyadan so‘rasak, «Toshkent ruxsat bermayotgani»ni aytishmoqda.

Hozir advokatura sohasida islohotlarni amalga oshirish jarayonida talabgorlarning litsenziya olishi uchun imtihon qilishni bir necha oylar davomida to‘xtatib qo‘yish to‘g‘rimi?

Talabgor hali imtihon topshira olmayapti, imtihon topshirgandan keyin esa litsenziya olish uchun yana bir oy vaqt kerak, litsenziya oldi degani bu advokat bo‘ldi, degani emas. Lisenziya olgandan keyin qasamyod qilishi va guvohnoma olish uchun Palataning hududiy Malaka komissiyasi yana Toshkentdan ruxsat olishini kutish kerak.

Shu vaqt ichida bu talabgorlar qayerdan kun ko‘radi, oilasini kim boqadi, buni birov o‘ylayotgani ham yo‘q.

Ba'zida o‘z mijozining himoyasiga otlangan advokatlar boshqa idoralarning harakat (harakatsizlik)laridan norozi bo‘ladi: masalalarni vaqtida hal qilmaslik, byurokratiya, sansolarlik va hokazo deb. Ammo shu tizimning normal faoliyat yuritishini ta'minlash uchun mas'ul idora – O‘zbekiston Respublikasi advokatlar palatasining o‘zi zamon bilan hamnafas ish ko‘rsa, mavjud vaziyatga moslashsa, faqat o‘zining halovatini o‘ylamasdan biz kabi talabgorlarning ham dardini o‘z tanalarida xis qilib ko‘rsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

Hududiy komissiyalarda hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar yig‘ilib qolgan, lekin Toshkent ruxsat bermagani uchun hal qila olmayapti, ular bilan birovning ishi yo‘q. Ichida litsenziya olgan-u, faoliyatini boshlay olmay yurgani ham bor, faqat qasamyod qilib, guvohnoma olishini kutib yurganlar ham talaygina. Eng qizig‘i, Palataning bu muammolardan xabari bor.

Bu yerda faqat birgina masalani hal qilish yetarli: Malaka komissiyasi o‘z ishini karantin qoidalari va sanitariya-gigiyena talablariga amal qilib tashkil etsa bas.

Endi shuni ham muammo qilib ruxsat bermaslik kerakmi?

Bu bo‘lajak advokatlarga hali faoliyatini boshlamasidanoq to‘sqinlik qilish, ularga muammolar tug‘dirish emasmi?

O‘zbekistonda litsenziya olishda eng qiyini – advokatlarning litsenziya olishi, kutish, kutish va yana kutish. Tizim hali ham elektron tarzda ishlashga o‘tmagan, elektron hujjat topshirish imkoni yo‘q, faqat qog‘ozda ishlamoqda.

Lekin, Malaka komissiya oylab yig‘ilish o‘tkazmaydigan bo‘lsa, elektron tizimga o‘tkazishdan foyda yo‘q, baribir kutiladi. Elektron ishlash tez ishlaydigan idoraga kerak, palataga emas...».

«Advokatura sohasidagi islohotlarni amalga oshirish bilan bir qatorda Palata huzuridagi Malaka komissiyasi faoliyatini ham isloh qilish kerak. Jumladan, litsenziya olish uchun imtihon topshirish va litsenziya olish jarayonlrini soddalashtirish, sohaga oid qonunosti hujjatlarni, arizalarni ko‘rib chiqish, qarorlar qabul qilish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish kerak», deyiladi sohada ish yuritish tizimini takomillashtirishga oid takliflar bitilgan yana bir murojaatda.

«Butun dunyo, shu jumladan O‘zbekistonda ham barcha sohalarda pandemiya sharoitida ishlash choralari ko‘rilayotgan bir paytda Advokatlar palatasi ham ilg‘or axborot texnologiyalari vositalaridan foydalanib, zamonga moslashishi lozim. Jumladan, talabgorlardan ariza va hujjatlarni qabul qilish, malaka imtihonlari va qasamyod qabul qilish jarayonlarini onlayn rejimdan o‘tkazish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish kerak», deyiladi yana bir taklifda.

«Hududiy malaka komissiyasini mustaqil qilishni taklif etaman, talabgorlardan imtihon olishni o‘zlari hal qilsa yaxshi bo‘lar edi», deydi tahririyat bilan bog‘langan advokatlikka nomzodlardan yana biri.

Tahririyat ushbu masalada O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi matbuot xizmati xodimi Surayyo Salimova bilan bog‘landi. U haqiqatan ham shunday muammo mavjudligini, malaka komissiyasining so‘nggi  yig‘ilishi shu yilning mart oyida o‘tkazilgani, koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha profilaktika choralari natijasida malaka komissiyasi o‘z majlislarini noma'lum muddatga kechiktirishga majbur bo‘layotgani va bu masalada advokatlar palatasi raisining buyrug‘i ham qabul qilinganini aytib o‘tgan. Shuningdek, S.Salimova tahririyatning savoliga javoban Malaka komissiyasi ishini yaqin vaqt ichida «Zoom» dasturi orqali onlayn rejimda tashkil qilish rejalashtirilayotganini ma'lum qilgan.

Palata rasmiy saytiga shu yilning 11 may kuni joylangan e'londa ham Covid-19 koronavirusi tarqalishining oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlarini amalga oshirish, qulay sanitariya-epidemiologik muhitni ta'minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalari huzurida faoliyat yuritayotgan Malaka komissiyasining belgilangan yig‘ilishlari 2020 yil 10 mayga qadar uzaytirilgani ma'lum qilingani, shu munosabat bilan, Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalari huzuridagi Malaka komissiya tomonidan ko‘riladigan ishlar alohida xabar berilgunga qadar to‘xtatilgani, o‘zgarishlar bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda ma'lum qilinishi aytiladi.

Barchaga ma'lumki, turli vazirlik va idoralar pandemiya sabab karantin choralari va belgilangan cheklovlarga maslashish orqali aholiga qulaylik yaratish hamda fuqarolarning ijtimoiy holati og‘irlashishining oldini olishga erishmoqda.

Karantin qoidalari yumshatilganiga 1 oy bo‘ldi. Sud-huquq va advokatura tuzilmalari ham karantin qoidalariga amal qilgan holda avvalgi rejimda o‘z ish faoliyatlarini davom ettirmoqda.

Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining pandemiya sharoitida o‘z vakolatlarini ta'minlashga qaratilgan tezkor choralarni ko‘rmagani minglab soha vakillarining ijtimoiy holati og‘irlashishiga sabab bo‘lmoqda.

Vaholanki, 2019 yilning oktabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan sud-huquq sohasida hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalarni sanab, ular qatorida «O‘zbekistonga ko‘proq advokatlar kerak», degan edi.

Soha vakillarini qiynab kelayotgan muammolarga tez fursatlarda yechim topilishiga umid qilib qolamiz.

Dilshod Abduqodirov

Ko‘proq yangiliklar: