Yaponiya O‘zbekistonga 1,9 mln dollar ajratmoqda

O‘zbekiston 16:34 / 01.06.2020 6917

1,9 mln dollar miqdoridagi mablag‘ pandemiyaga qarshi tezkor javob choralarini ko‘rish bo‘yicha BMTTDning joriy dasturiga qo‘shimcha bo‘lib, uning ko‘lamini kengaytirishga yordam beradi.

Rasmiy press-relizga ko‘ra, bu dastur umumiy qiymati 3 mln dollar bo‘lgan asosiy mablag‘lar hisobiga boshlangan.

Ma'lum qilinishicha, Yaponiya hukumati taqdim etayotgan qo‘shimcha mablag‘lar asosan hozirgi sharoitda ehtiyoj ortgan raqamlashtirish, ish o‘rinlarini yaratish, innovatsion biznes-startaplar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ishlariga yo‘naltiriladi.

Raqamlashtirish. BMTTD pandemiya sharoitida davlat organlarining masofadan turib ishlashi va uzluksiz xizmat ko‘rsatishini ta'minlashga ko‘maklashmoqda.

Bunda mahallalarni raqamlashtirish ham ko‘zda tutilgan. Dastur Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining faoliyatini to‘liq raqamlashtirish uchun vazirlikning 9600ta bo‘linmasini elektron hujjat yuritish tizimiga tajribaviy o‘tkazish bo‘yicha hukumat harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Innovatsion biznes-startaplarni qo‘llab-quvvatlash. Yaponiya hukumati tomonidan taqdim etilayotgan moliyalashtirish mablag‘laridan BMTTDning O‘zbekistondagi har yillik startaplar ko‘rik-tanlovini o‘tkazish uchun ham foydalaniladi.

Tanlov doirasida yoshlar ijobiy ijtimoiy ta'sir ko‘rsatish salohiyatiga ega biznes-g‘oyalarni targ‘ib qilishga rag‘batlantiriladi. 40 nafar yosh yigit-qiz «Start-up Challanges» tashabbusi doirasidagi ko‘rik-tanlov asosida saralab olingan g‘oyalarini amalga oshirish uchun boshlang‘ich moliyalashtirishga ega bo‘ladi.

Ish o‘rinlarini yaratish. Bunda aholining eng ko‘p zarar ko‘rgan guruhlariga e'tibor qaratiladi – olis qishloq hududlaridagi yoshlar, ayollar, kichik korxonalar va qishloq xo‘jaligi kooperativlari.

Bunda asosiy e'tibor qisqa muddatli, tezkor natijalarni olishga qaratiladi, 990ta kichik va o‘rta korxonalarga onlayn tarzda maslahat berish xizmatlari ko‘rsatiladi. Shuningdek, o‘rta muddatli chora-tadbirlar ham amalga oshiriladi, shu jumladan 80ta kichik va o‘rta korxonalar uchun biznes maslahatlar berish va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish; olis tumanlardagi 240 nafar fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi 30ta kichik korxona va oltita kooperativga moliyaviy ko‘mak va uskunalar taqdim qilinadi.

Xotin-qizlarning ish joylaridagi va jamiyatdagi haq-huquqlarini kuchaytirish va imkoniyatlarini kengaytirish. Yaponiya hukumati taqdim etayotgan mablag‘lar «Davlat boshqaruvi va ijtimoiy-iqtisodiy hayotda ishtirok etishi uchun xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish» loyihasining asosiy chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi.

Ushbu mablag‘lar yordamida xotin-qizlarni fan, texnika, muhandislik va riyoziyot (STEM) bilan shug‘ullanishga rag‘batlantiruvchi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanadi. Shu bilan birga, yosh xotin-qizlar uchun texnik innovatsiyalar qo‘shimcha dasturi hamda ayollar boshqaruvi ostidagi kooperativlarga berilayotgan ko‘mak ham ko‘paytiriladi. Bu kabi texnik innovatsiyalar musobaqasiga 300 nafar yosh xotin-qizlar jalb qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: