DXX Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi «Chegara posbonlari» otryadlari faoliyati takomillashtiriladi

O‘zbekiston 08:25 / 01.06.2020 7752

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadlari haqidagi Nizomni tasdiqlash va uning faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadlari haqidagi Nizom tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadi a'zolariga to‘lanadigan oylik to‘lovlari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tomonidan amalga oshiriladi va ushbu xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ajratiladigan budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadlari o‘z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun chegara oldi hududlarda joylashgan davlat muassasalari binolaridan alohida xonalar ajratadi hamda ularni mebel va kompyuter jihozlari bilan ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadlari to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ko‘maklashuvchi otryadlar chegara zonasida, Davlat chegarasiga tutash tumanlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, Davlat chegarasi yaqinida joylashgan muassasa, korxona va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan ishchi va xizmatchilardan tashkil etiladi. 

Ko‘maklashuvchi otryadlar a'zoligiga yuklangan vazifalarni bajarishga ixtiyoriy ravishda ishtirok etish istagini bildirgan, sog‘lom, fuqarolarning huquq va erkinliklarini hurmat qiladigan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.

Ko‘maklashuvchi otryadlarga qabul qilish va ro‘yxatdan chiqarish Chegara qo‘shinlari harbiy qism komandirining buyrug‘i asosida, uning tarkibi hududning geografik joylashuvi, vaziyati va zaruratidan kelib chiqqan holda, har bir chegara bo‘linmasi qoshida tuzilib, uning tarkibi 1 nafar sardor va 9 nafargacha bo‘lgan otryad a'zolaridan tashkil topishi mumkin.

Ko‘maklashuvchi otryadlar a'zoligiga qabul qilish va ro‘yxatdan chiqarish Davlat xavfsizlik xizmati ichki idoraviy – hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

Ko‘maklashuvchi otryadlar a'zoligiga qabul qilishda ikki tomonlama mehnat shartnomasi tuzilmaydi va mehnat daftarchasi yuritilmaydi.

Fuqarolarning ko‘maklashuvchi otryaddagi ishtiroki ularni o‘z ish faoliyatlarini bajarishdan va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tashdan ozod qilmaydi.

Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishda faol ishtirok etib, o‘zini ko‘rsatgan ko‘maklashuvchi otryad a'zolari muddatli harbiy xizmatni o‘tashga chaqirtirilganda, joylardagi Chegara qo‘shinlari harbiy qism komandirlarining tavsiyanomasi bilan Chegara qo‘shinlari safida belgilangan tarzda harbiy xizmatni o‘tashlari mumkin.

Ko‘maklashuvchi otryad a'zolari asosiy ish faoliyatlari va undan bo‘sh vaqtlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishda ishtirok etadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishda, zaruriyat tug‘ilganda ko‘maklashuvchi otryad a'zolari o‘zlarining asosiy ish joyining ma'muriyatini roziligi asosida ish faoliyatidan vaqtincha ozod qilinadi va bunda ularning ish staji hamda oylik maoshi o‘z holicha saqlanib qolinadi.

Ushbu holat yuzasidan, Chegara qo‘shinlari harbiy qism komandiri tomonidan ko‘maklashuvchi otryad a'zosining asosiy ish joyiga xizmat xati taqdim qilinadi.

Ko‘maklashuvchi otryadiga nomzodlar, tashkilotchilik, kuchli iroda, topqirlik, tashabbuskorlik qobiliyatlariga, shuningdek, hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘ – e'tiborga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan tanlanadi.
 
Ko‘maklashuvchi otryadlarga o‘z turmush tarzi bilan aholi o‘rtasida salbiy tavsiflanganlar, ruhiy kasalligi, giyohvandlikka, surunkali ichkilikbozlikka ruju qo‘yganligi uchun tegishli tibbiyot muassasalari hisobida turganlar va O‘zbekiston Respublikasi huquq-tartibot idoralari tergov bo‘linmalari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilishi belgilangan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar qabul qilinmaydi.

Ko‘maklashuvchi otryadga qabul qilish fuqaroning harbiy qism komandiri nomiga taqdim qilgan yozma murojaati va shaxsini tasdiqlovchi hujjatining nusxasi asosida amalga oshiriladi. Murojaat, kelib tushgan kundan boshlab bir oygacha bo‘lgan muddat ichida ko‘rib chiqilib, nomzodni ko‘maklashuvchi otryad a'zoligiga qabul qilish yoki qilmaslik masalasi hal qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: