UzAuto Motors'ga ishga kiritib qo‘yishni va'da qilib, 31 kishidan jami 42 ming dollar yig‘ib olgan firibgarlar qo‘lga tushdi

O‘zbekiston 23:19 / 31.05.2020 10309

Xabar berilishicha, Departamentning Asaka tuman bo‘limi tomonidan «UzAutoMotors» AJning boshqarma boshliqlari va boshqalarning murojaatlariga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruvda «U-C» qo‘shma korxonasi AJ qo‘riqlash xizmati boshlig‘i A.Yu., korxona haydovchisi J.A. va boshqalar oldindan til biriktirib, 31 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni tumandagi «UzAutoMotors» AJga turli lavozimlariga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga, 42 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.

Holat yuzasidan A.Yu. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Quvasoy shahar Obodonlashtirish boshqarmasidagi talon-torojliklar fosh etildi

Departamentning Quvasoy shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Quvasoy shahar Obodonlashtirish boshqarmasi mansabdor shaxslari «SH-T.» MChJ rahbarlari bilan oldindan til biriktirib, juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Xususan, ushbu mansabdorlar tumandagi Qo‘chqorchi, Namuna, Lashkar hamda Do‘stlik MFYlardagi ko‘chalarni yoritish uchun 60 dona metall ustun va ularga tungi chiroqlarni o‘rnatish bo‘yicha aslida o‘tkazilmagan tanlovda «SH-T.» MChJ g‘olib bo‘lgani haqida soxta hujjatlar tuzishgan.

Shuningdek, yuqoridagi ko‘chalarda 75,5 mln so‘mlik metall ustun va tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan bo‘lsa-da, ishlar to‘liq bajarilgani haqida hujjatlarni rasmiylashtirib, jamiyat hisob raqamiga 278 mln so‘mni o‘tkazib, 202,4 mln so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirishgan.

Holat yuzasidan Quvasoy shahar Obodonlashtirish boshqarmasi mansabdor shaxslari hamda «SH-T.» MChJ rahbarlariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Samarqandda ijtimoiy uy komendanti 1 xonali xonadon uchun 4 ming dollar olgan vaqtida ushlandi

Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand Agroiqtisodiyot kasb-hunar kolleji yotoqxonasi o‘rnida tashkil qilingan ijtimoiy uy komendanti L.B. fuqaro S.X.ning ishonchiga kirib, uni aldab, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali mazkur kollej yotoqxonasidan bir xonali xonadonni olib berish evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan L.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Urgutda 5 ming dollarni noqonuniy muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan valutafurush qo‘lga olindi

Departamentning Urgut tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda valuta qimmatliklarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldini olish borasida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda fuqaro M.I. fuqaro U.S.ga 5 ming dollarni 51 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Tadbir davomida 5 770 dollar, 200 rubl va 3,7 mln so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan M.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Bo‘stonliqda qoramol xarid qilish uchun ajratilgan kredit mablag‘larini o‘zlashtirish holati aniqlandi

«Mikrokreditbank» ATB boshqaruvi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan «Qishloq xo‘jalik korxonalarini qayta qo‘llab-quvvatlash dasturi» buyicha tuzilgan kelishuvga asosan, «N.» MChJga chorvachilikni rivojlantirish, qoramol hamda yem-xashak mahsulotlarini sotib olish uchun 495 mln so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.

Ammo, Departamentning Bo‘stonliq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ma'lum bo‘lishicha, jamiyat rahbari S.A. 50 bosh qoramol xarid qilib, so‘ngra ushbu qoramollarni 500 mln so‘m naqd pulga sotib yuborib, sotuvdan tushgan mablag‘larni bank muassasasiga topshirmasdan, o‘zining shaxsiy extiyojlariga ishlatib, davlat va jamoat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.

Holat yuzasidan S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: