«Hali inson raketalarimizda Marsga parvoz qiladi» - SpaceX’ning bosh maqsadi

Fan-texnika 04:00 / 31.05.2020 38435

Bu — tarixda ilk marta xususiy kompaniya tomonidan astronavtlarning koinotga uchirilishi hamdir.

Ilon Mask kim?

Kelgusi yil 50 yoshini qarshilaydigan Ilon Mask shuncha narsaga qayerdan pul topgan? Umuman, u bunday muvaffaqiyatlarga erishish uchun qanday yo‘llarni bosib o‘tgan.

Foto: Ding Ting / AP

U 1996 yili akasi bilan birgalikda yangiliklar kompaniyalarini dasturiy ta'minot bilan ta'minlashga ixtisoslashgan Zip2 kompaniyasini tashkil etadi. 1999 yilda u Zip2’ni Compaq kompaniyasiga 307 mln dollarga sotadi. Ilon Maskka bu pulning 7 foizi (22 mln) tegadi.

1999 yilning martida Mask elektron pul o‘tkazmalari bilan shug‘ullanuvchi X.com kompaniyasiga asos soladi. 2000 yilda bu kompaniyasi Confinity kompaniyasi bilan birlashadi. Bu kompaniya bo‘limlaridan biri PayPal deb atalardi va keyinchalik shu brend ostida faoliyat ko‘rsata boshlagan. 2002 yilda PayPal 1,5 mlrd dollar evaziga eBay tomonidan sotib olinadi. PayPal’ning 11,7 foiz aksiyasi Maskniki edi, u bundan 180 mln dollar ishlab oladi.

Nihoyat, 2002 yilning may oyida Ilon Mask o‘zining uchinchi kompaniyasi — SpaceX ga asos soladi. Kompaniya xususiy raketa tashuvchilar seriyasining ishlanmalari muallifi va kosmik tizimlarning tijoriy operatori edi.

Foto: Thom Baur / Reuters

2005 yilda kompaniya xodimlari 150 kishidan iborat bo‘lgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib, ularning soni 6000 nafardan oshdi. Kompaniya nafaqat kosmik parvozlarni arzonlashtirishni, insonni Marsga parvoz qilishini bosh maqsad qilib belgilangan.

Maskning raketalari

Ilon Mask avval boshdanoq koinotga raketalarni uchirishni imkon qadar arzonlashtirishni maqsad qiladi. Maskning kosmik parvozlar sohasidagi yangiligi va eng katta yutug‘i — raketa tashuvchilar tomonidan foydali yuk Yer atrofi orbitasiga olib chiqilgach, uning birinchi bosqichi Yerga qayta qo‘ndirilib, undan keyingi parvozda yana foydalanish imkoni borligida edi. SpaceX parvozlarining keskin arzonlashuviga erishdi.

2006 yilning 24 mart kuni Falcon 1 raketa tashuvchisining ilk parvozi muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Shunga qaramasdan, kompaniya o‘sha yili avgust oyida NASAning Xalqaro kosmik stansiyaga yuklar, keyinchalik ekipajlarni yetkazish bo‘yicha Commercial Orbital Transportation Services (COTS) — Orbital transportirovkaning tijoriy xizmatlari dasturi uchun o‘tkazilgan tanlovda g‘olib chiqadi va 396 million dollar miqdoridagi moliyalashtirishga ega bo‘ladi.

2008 yilning 28 sentyabrida Falcon 1 raketa tashuvchisining ilk muvaffaqiyatli parvozi amalga oshiriladi va orbitaga foydali yuk olib chiqiladi.

Foto: Wikipedia

Buning oqibatida o‘sha yili 28 dekabrga kelib SpaceX va NASA o‘rtasida Commercial Resupply Services (CRS) — Tijoriy ta'minot xizmati dasturi doirasida Xalqaro kosmik stansiyaga yuk eltib berish bo‘yicha 1,6 milliard dollarlik shartnoma imzolanadi. Avvaliga kelishilgan 12 ta missiyaga keyinchalik yana 3 tasi qo‘shiladi, keyin yana boshqalari. 2012 yildan buyon bu borada SpaceX jami 20 ta missiyani amalga oshiradi, ulardan faqat bittasi muvaffaqiyatsiz (28.06.2015) chiqadi.

2010 yilning 4 iyunida Falcon 9 raketa tashuvchisining debyut parvozi amalga oshiriladi, Dragon raketasining maketi orbitaga olib chiqiladi. 8 dekabrga kelib Dragon kosmik kemasi orbitaga parvoz qiladi. 2012 yil 25 mayda Dragon kemasi ilk marta Xalqaro kosmik stansiyasining moduliga ulanadi.

Foto: Reuters

Insonni koinotga uchirish

2011 yildan boshlab SpaceX NASA’ning Commercial Crew Program pilotli parvozlari dasturida ishtirokini boshlaydi. Bu dastur doirasida SpaceX pilot tomonidan boshqariladigan kema yaratish uchun 2011 yilda 75 mln dollar, 2012 yilda 440 mln dollarlik shartnomalar imzolaydi.

2014 yilning 16 sentyabrida NASA Commercial Crew Program dasturiga ko‘ra XKSga astronavtlarni eltish uchun Crew Dragon pilotli kemalardan foydalanish bo‘yicha SpaceX bilan imzolangan shartnomani anons qiladi. Shartnoma summasi 2,6 mlrd dollarga teng edi.

2018 yilning 6 fevralida SpaceX Falcon Heavy o‘ta og‘ir raketa tashuvchisining parvozini amalga oshiradi. U koinotga 63 tonna yuk olib chiqishi mumkin edi.

Qayd etib o‘tish joizki, ushbu parvozlarda SpaceX raketalarining arzonligi muhim rol o‘ynagan. Masalan, Falcon Heavy’ning bitta parvozi 90 mln dollarga teng bo‘lgan. Ungacha foydalanilgan Delta IV Heavy esa qariyb 5 barobar qimmat — 435 mln dollar. Falcon 9 raketalarining parvozi esa atigi 60 mln dollarga tushgan.

Nihoyat, 2020 yil 30 may tarixiy sanaga aylandi. SpaceXning Xalqaro kosmik stansiyagacha 4 kishini eltib qaytara olishi mumkin bo‘lgan, qisman ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan Crew Dragon (Dragon 2) kosmik kemasi ikki astronavt — Robert Benken va Duglas Hyorlini bag‘riga olib muvaffaqiyatli parvoz qildi.

Parvoz aslida Toshkent vaqti bilan 28 mayga belgilangan edi. Biroq ob-havo noqulayligi sababli parvozga 15 daqiqa qolganda u bekor qilinadi va ilk parvoz 2 kunga suriladi.

Kemaning yaratilishi va rejalar

Bungacha, 2012 yildan buyon Dragon 1 kosmik kemasi XKSdan yerga yukni olib qaytuvchi jahondagi yagona kema bo‘lib turgan edi. 2010 yildan buyon kema 22 marta parvoz qilgan. Stansiyaga 43 tonna yuk eltilgan va u yerdan 33 tonnaga yaqin yuk qaytarib olib kelingan.

Crew Dragon’ning birinchi namoyish parvozi 2019 yil 2 martda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi. Bortida Ripley ismli maneken va 180 kg yuk bo‘lgan kosmik kema bir sutkalik parvozdan so‘ng XKSga ilk marta ulangan.

Crew Dragon — ko‘p marta foydalaniladigan Dragon 1 apparatining takomillashtirilgan va pilot yordamida boshqariladigan versiyasi bo‘lib, ekipajni XKSga eltish va Yerga qaytarib olib kelish vazifasini bajaradi.

Foto: Chris O'Meara / AP

2015 yil sentyabrida taqdimot qilingan dastlabki versiyada astronavtlar uchun 5 ta o‘rin bo‘lgan, keyinchalik kema yetti o‘rinli qilib loyihalangan. So‘ngra suvga qo‘nish chog‘ida ekipaj tomonidan seziladigan zo‘riqishni kamaytirish maqsadida o‘rindiqlarni joylashtirish burchagiga o‘zgartirish kiritilgan va kapsulaning maksimal sig‘imi 4 kishigacha qisqargan. Dragon yuk kemasidan farqli o‘laroq Crew Dragon XKSga o‘zi mustaqil, stansiya manipulyatorisiz ulana oladi.

Kelgusida Crew Dragon’da turistik parvozlarni ham amalga oshirish rejalashtirilgan. Hali SpaceXning Daragon 2 kosmik kemasidan Oy atrofini turistik sayohat aylanib uchishda foydalanish rejalari ham bor.

Batut o‘rniga 4 barobar arzon raketa

2011 yilda AQShning Space Shuttle dasturi nihoyalangach, Rossiya Xalqaro kosmik stansiyaga ekipaj elta olish imkoniyatiga ega yagona davlatligicha qolayotgan edi. «Roskosmos» rahbari esa bundan g‘ururlanib, «amerikaliklar astronavtlarni koinotga faqat batutdan foydalanib olib chiqa olishi mumkin», deb yuqori minbardan turib aytgan edi hattoki.

Bu zaharxanda bejizga aytilmagan. NASA bosh inspektori Pola Martinning hisobotiga ko‘ra, 2019 yilning iyuliga qadar NASA «Soyuz» kosmik kemalarida 70ta o‘rinni — AQSh va hamkor astronavtlarni Xalqaro kosmik stansiyasiga eltish va qaytarib Yerga qo‘ndirish uchun qariyb 4 mlrd dollarga sotib olgan. «Soyuz» bilan bir kishining parvozi 82 mln dollarga tushayotgan edi.

Rogozinning zaharxandasidan uch yil o‘tib, qo‘shhokimlik o‘rnatildi. Boz ustiga, shuncha summaga Crew Dragon’da 4 nafar astronavt parvoz qilishi mumkin. Bu esa parvozlarni ruslarnikidan qariyb 4 barobar arzonlashuviga olib keladi.

Ilon Maskning barcha rejalariga skeptik nuqtayi nazardan qarab kelgan «Roskosmos» davlat korporatsiyasi rahbari Dmitriy Rogozin 10 aprel kuni parvoz xizmatlari narxini 30 foizga tushirib, shu yo‘l bilan Amerika kompaniyalari tomonidan taqdim etilayotgan dempingga o‘ziga xos javob qaytarmoqchi ekanligini ta'kidlagan. Rogozinga ko‘ra, SpaceX parvozlarining bozor narxi 60 mln dollar, biroq NASA shunday xizmatlar uchun «bir yarim barobardan to‘rt barobargacha ko‘proq» to‘layotganini aytgan.

«Roskomos» rahbari Dmitriy Rogozin. Foto: Flick

Shundan so‘ng Ilon Mask Twitter’da Rossiya raketalarining bosh muammosi undan qayta foydalanib bo‘lmasligida, deb yozgan. «SpaceX raketalarining 80 foizini yana qayta ishlatsa bo‘ladi, ularnikini esa — 0 foizini. Bu dolzarb muammo», — deb yozgan ishbilarmon.

Bunga javoban Dmitriy Rogozin ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida «Roskosmos» Vashingtondan beriladigan ko‘rsatmalarga zor emas, deb yozgan. «Bizning raketa-kosmik sohamizning muammoli masalalarini yechish bo‘yicha barcha ko‘rsatmalar Rossiya prezidenti bilan o‘tgan yig‘ilishda olib bo‘lingan», — deb yozgan davlat korporatsiyasi rahbari.

Xo‘sh, kimdan o‘rnak olsak arziydi?

AQShda xususiy kompaniya kosmosga ichida astronavtlari bo‘lgan raketani  muvaffaqiyatli uchirgan tarixiy parvozni oddiy fuqarolari puliga dron sotib olib, uchira olmayotgan mamlakatdan turib kuzatdik. Farqni sezyapsizmi?

Hali bu ketishda SpaceX raketalarining Mars sayyorasi tomon parvozini Ilon Maskning tekin internetidan foydalanib kuzatsak ajab emas. U yaqinginada yana 60 ta sun'iy yo‘ldoshni koinotga uchirgan edi.

Xo‘sh, fan va ta'limda, xususan kosmik sohada iqtidorlarga sharoit yaratib berib, yuksak natijalarga erishayotgan AQShga taassub qilishimiz kerakmi yoki Rossiyaga? Xulosa o‘zingizdan.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: