Golni jamoaviy nishonlash, qo‘l berib ko‘rishish, tupurish taqiqlanadi. Superligada joriy qilinadigan 10ta yangi taqiq va o‘zgarishlar

Sport 15:24 / 31.05.2020 6232

Xususan, PFL COVID-19 pandemiyasi davrida professional futbol klublarining mashg‘ulotlari hamda musobaqalarini tashkil qilish to‘g‘risidagi vaqtinchalik sanitariya-gigiyena qoida va me'yorlarini joriy etgan. Xo‘sh, Superliga va Pro-liga klublari karantin davrida qanday taqiq va o‘zgarishlarga amal qilishlari shart? 

Tribuna.uz 6 bobdan iborat karantin qoidalarining eng asosiy 10ta bandini saraladi.

1. Uchrashuv davomida stadionga kiritilgan barcha personal karantin normalariga (shaxsiy himoya vositalariga) qat'iy rioya qilishi shart. Ularga tupurish, og‘iz chayqalgan suvni ommaviy joyga (ayniqsa futbol maydoniga) tashlash kabi sanitariya qoidalarini buzish taqiqlanadi. Futbolchilar og‘iz chayishi hamda og‘izdagi suvni tashlashi uchun alohida idishlar, ya'ni, tufdon qo‘yilgan nuqtalarni tashkil etish tavsiya etiladi.

2. Sanitariya qoidalari asosida har bir futbol klubi rasmiy uchrashuv uchun 35 kishidan ko‘p bo‘lmagan ishtirok etuvchilar (futbolchilar, murabbiylar shtabi, rahbariyat va hokazo) ro‘yxatini shakllantiradi. 

3. Uchrashuvga 48 soat vaqt qolganida futbolchilar, murabbiylar va boshqa rasmiy personallar OAV vakillari hamda muxlislar bilan uchrashishi mumkin emas.

4. Birinchi davra o‘yinlari yakuniga qadar 5 nafargacha futbolchi almashtirish uchun ruxsat etiladi. Ular bu o‘zgarishlarni uch imkoniyat davomida amalga oshirishlari kerak bo‘ladi. 

5. Uchrashuv oldidan ikki jamoa vakillari va hakamlarning o‘zaro qo‘l berib ko‘rishish taqiqlanadi.

6. Coca Cola brendi fonida jamoaviy rasmga tushishda futbolchilar ijtimoiy masofa saqlaydi hamda bir-biriga teginib turmaydi (zig-zag usulida).

7. Futbolchilar golni nishonlayotganda ijtimoiy masofa saqlaydi va golni jamoaviy nishonlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

8. Matbuot anjumanida ishtirok etayotgan futbolchi va murabbiylar mikrofon, diktofon kabi vositalarga teginishi, ularni bir joydan boshqa joyga surishi mumkin emas.

9. Texnik zonada joylashgan zaxira o‘rindig‘ida faqatgina bosh murabbiy, yordamchi murabbiy, shifokor hamda massajchiga ijtimoiy masofani saqlash sharti bilan ruxsat etiladi. Qolgan barcha personallar va zaxira futbolchilari ijtimoiy masofani saqlagani holda muxlislar tribunasidan joy oladi.

10. Respublika maxsus komissiyasi ruxsat berguniga qadar uchrashuvlar tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.

U.Ibodov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: