Chempion hikoyalari. Kellini murabbiylar, asosiy dushmani va Madriddagi mag‘lubiyat haqida

Sport 12:05 / 31.05.2020 10440

Asar Italiyada bessellerga aylandi, bir hafta o‘tmay Amazon’dagi futbol adabiyotlari orasida yetakchilik qilmoqda, barcha kategoriyalar bo‘yicha ham kuchli o‘ttiztalikdan joy olgan. Ayniqsa, kitob sotuvga chiqishidan oldinroq, bir qator parchalar matbuotda e'lon qilingan va hatto buning oqibatida futbolchi Balotelli, Melo va Vidal kabi futbolchilar bilan urushib ham qolishga ulgurgandi. Bularning hammasi kitobning yaxshigina reklamasi sifatida xizmat qilgandi. Zero futbolchilar bilan Kellini yarashib oldi, kitob esa, ko‘pchilik kutganidek, provakatsion emas. Aksincha, Kellinining ancha mulohazali shaxs sifatida namoyon etadi. Quyida ushbu asardan ba'zi qiziq mavzularini havola etamiz.

«Arsenal» yoki «Manchester Siti»ga o‘tishi mumkin edi

Kellini 15 yildan beri «Yuventus»da. U allaqachon turinliklar safida 509 o‘yinda maydonga tushgan va bu tarixdagi 5-ko‘rsatkich bo‘lsa-da, qahramonimiz yoshligida «Yuventus»da o‘ynashni orzu qilmagan. Jorjoning aytishicha, u bolalikda onasining sevimli jamoasi bo‘lgan «Milan» muxlisi bo‘lgan, lekin maqsadi, qaysi klub bo‘lishidan qat'i nazar, A Seriya klubida o‘ynash edi.

Jorjo Livornoda ulg‘aydi va 13 yoshidan mahalliy klub yoshlar jamoasida shug‘ullandi. 16 yoshida esa, Kellini «Arsenal»ga o‘tishi mumkin edi. Londonliklar unga yiliga 100 ming yevro atrofida maosh taklif qilgandi.

«Men uchun juda katta pul edi, lekin rad qilganman. O‘zim ulg‘aygan klubni tekinga tark etish noto‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylaganman. Balki Angliyada borish, til o‘rganish, aqlli qaror bo‘lardi, ammo oilam bilan shoshilmaslikka kelishdik. Men «Arsenal» taklif qilgan pulning 17 barobar kamiga «Livorno» bilan shartnoma imzoladim», deydi futbolchi.  

2002 yilda futbolchi transferining yarmini «Roma» sotib oldi. Keyingi mavsumda «Livorno»ning asosiy tarkibiga kirib, B Seriyada 41 o‘yin o‘tkazgan Kellini Rimga borishiga ishonardi.

«Endi «Roma» o‘yinchisi bo‘lishimga shubha yo‘q edi. Klub rahbarlari kelishib ham olgandi. Men Spalletti bilan birga ishlashni juda istayotgandim. Kelasi haftada shartnomaga qo‘l qo‘yishimiz kerak edi, ammo, klub prezidenti Spinelli qo‘ng‘iroq qilib, zudlik bilan Milanga borishim lozimligini aytdi», deb yozadi Kellini.

Himoyachiga «Milan», «Yuventus», «Inter» va «Roma» – kuchli to‘rtlik da'vogar bo‘lib, Kellinini barcha variantlar qoniqtirardi. Milanda xonaga Modji, Jiraudo va Betteganing kirib kelganini ko‘rgan Jorjo hammasini tushunadi. Ertasigayoq «Yuventus» bilan shartnomaga imzo chekildi.

Kellinining so‘zlariga qaraganda, u ikki marta Turinni tark etishga yaqin bo‘lgan. 2010 yilda «Real», 2011 yilda «Manchester Siti»ga. Ikki yil qatorasiga «Yuventus» turnir jadvalida 7-o‘rinni olgach, u ketish haqida o‘ylab qolgandi.

«Agentim «Real» bilan muzokaralar o‘tkazdi, hammasi yaxshi ketayotgandi, lekin so‘nggi pallada Mourino mendan ko‘ra Karvalyuni istayotganini aytgan», deyiladi Kellinining hikoyasida. 

2010/11 yilgi mavsumni esa, futbolchi faoliyatidagi eng yomon mavsum sifatida eslab qolgan – «bu dahshat edi, kuchim deyarli qolmagandi. Vaznim 87 kilogramdan 82 kilogrammga tushib ketdi, kasal bo‘lib qoldim». U o‘sha paytlarda «Manchester Siti» vakillari bilan uchrashdi, ammo jarayon birgina uchrashuv bilan nihoyalandi.

Konte, Allegri, Sarri...

Osvaldo Yakoni – Kellinini «Livorno»da shug‘ullantirgan murabbiy. Valer Madzarrini u faoliyatidagi eng muhim murabbiylardan biri deb hisoblaydi. Fabio Kapello Jorjoga «Yuventus»da asosiy futbolchiga aylanish imkoniyatini bergan maestro. Dide Desham uni qanotdan markaziy himoyachiga aylantirgan. Marchello Lippi nafaqat Jorjoning terma jamoadagi sobiq ustozi, balki agenti Davidening otasi ham. Ammo Jorjo o‘z kitobida eng ko‘p to‘xtalib o‘tgan murabbiylar Antonio Konte va Massimiliano Allegridir. Ular haqida kitobda alohida bob ham ochilgan.  

«Konte - futbol kasali. U kuniga 24 soat bu bilan yashaydi. Futboldan boshqa hech narsa bo‘lmagan o‘z olamini yaratgan va uning ichida yashaydi. Hech qachon bo‘shashmaydi, balki bu uning muammolaridan biri. U doim boshqalarni bor imkoniyat bilan harakat qilishga chaqiradi va bu doim ham amalga oshavermaydi. U bilan ishlash jismoniy tomondan ko‘ra, odamni ruhan charchatib yuboradi», deydi futbolchi.

2013 yilning martida «Yuventus» safarda «Napoli» mehmoni bo‘ldi. Raqib turinliklardan olti ochko orqada borayotgandi. Kellini dekabr oyidan beri jarohat tufayli maydonga tusha olmayotgandi. Uchrashuv oldidan maydonga qaytib, to‘pig‘idan jarohatlandi. Bir haftada og‘riqlardan qutulishning iloji bo‘lmadi va o‘yin oldidan murabbiyga tayyor emasligini aytdi.

Konte hech narsa bo‘lmagandek qarab turdi-da, asosiy tarkibni aytib, ko‘rsatma bera boshladi. Keyin Kellinining oldiga kelib aytadi: «Menga farqi yo‘q, ertaga o‘ynaysan. Ular sening turishingni ko‘rib ham ishtonlariga o‘tirib qo‘yishlari kerak. Agar juda yomon bo‘lib ketsa, almashtiramiz. Lekin oyoqda tura olar ekansan, maydonda bo‘lasan».

Jorjo og‘riqsizlantiruvchi ukollar bilan maydonga tushdi va to‘qqizinchi daqiqada gol urdi. Oyoq qotib qolgan, tanaffusda butsani yechishning iloji yo‘q edi, ammo futbolchi o‘yin oxirigacha maydonda qoldi.

«Mana shu haqiqiy Konte. U motivatsiya beradi. Uning uchun har narsaga tayyor bo‘lasan. Shuningdek, Konte menga futbolning yangi olamini ochgan. Oldin men uchun futbol faqat himoyalanish va yoningdagiga to‘pni uzatish bo‘lgan. U esa meni to‘p bilan muomala qilishni, futbol o‘ynashni o‘rgatdi.

Allegrining eng ustun jihati – futbolchilar bilan doim muloqotda bo‘ladi. Kuladi, hazillashadi, ularni tushunishga harakat qiladi. Allegri bosimni yengishda benazir, doimiy tarzda jamoadagi muhitni saqlab turishga urinadi. U xuddi guruhni boshqaradigan mukammal dirijyorga o‘xshaydi. Buni o‘qib o‘rganishning sira iloji yo‘q», deydi Kellini sobiq ustozlari haqida.

Allegri ilk bor Turinga kelganida «Yuventus»da biror narsani tubdan o‘zgartirish shart emasdek edi, lekin murabbiyda aniq rejalar bor edi.

«U boshidanoq 3-5-2 sxemasida davom etmasligimizni aytdi, chunki tarkibimizda juda ko‘p ajoyib yarimhimoyachilar bo‘lgan. Biz dastlabki uch oyda eski sxema bilan hammani yutdik, keyin asta-sekin 4-4-2 rombga o‘tib oldik. Qachonki Allegri biror narsani tushuntirsa, har qanday qiyin vaziyatda ham, sen unga ishonasan. Chempionlar ligasi doirasida «Bavariya» va «Real»ga qarshi javob o‘yinlarini eslang, biz juda qiyin ahvolga tushib qolgandik, ammo har ikki holatda ham, aynan Maks tufayli, biz mo‘jizaga bir baxya yaqin kelgandik», deydi u.

Jorjo shuningdek, Mauritsio Sarri haqida ham o‘z fikrlarini bayon qiladi: «Sarri Antonio va Maksdan boshqacha. U o‘yinlarga ilmiy yondashadi, qattiq tayyorgarlik ko‘radi. O‘z xonasiga qamalib olib, barchasini tahlil qiladi, sxema va statistikalarga ko‘milib ketadi. Uni taktika jinnisi deyishimiz mumkin. Uni hech qachon trenajyor zalida futbolchilar bilan hazillashayotgan paytda ko‘rmaysiz, doim ish ustida bo‘ladi.

Uning futboli juda kichik detallar yig‘indisidan iborat, shuning uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi. Katta jamoalarda vaqt ko‘p bo‘lmaydi, ammo xatolarimiz ustida ishlay boshladik. Mavsumning birinchi yarmida muhimi g‘alaba qozonish edi, shunday sharoitda ham Sarri mukammallik qidiradi. U raqib maydonida yuz foiz to‘pni nazorat qilishimiz kerakligini aytadi. To‘g‘ri, bu utopiya, ammo uning g‘oyasini anglash mumkin. Agar hammasini eplay olsak, siz hech qachon ko‘rmagan ajoyib futbolni taqdim qilamiz hali».

Buffon haqiqiy do‘st

«Uembli» stadioni. «Tottenhem» - «Yuventus» - 1:2. Foto Reuters

 

«Himoyachi – darvozabonning eng yaqin do‘sti. Darvozabon – himoyachining oxirgi umidi. Maydonda biz bir butunmiz. Men Jijini yaxshi ko‘raman. Futbolda u mening eng yaqin do‘stimdir.

Buffon – o‘ziga xos. Nafaqat dunyoning eng yaxshi darvozaboni, balki ajoyib inson ham. Sardor, aka. Biz u bilan 15 yilni, hayotimdagi eng muhim davrlarni o‘tkazdik. Men u bilan o‘z xotinimdan ham ko‘proq vaqt o‘tkazganman va rostan ham bu haqiqat», deydi u tajribali darvozabon haqida.

Kellinining aytishicha, Jijining «Yuventus»ga qaytishiga asosiy sabab murabbiyning o‘zgargani bo‘lgan. Klub rahbariyati Sarrining jamoaga moslashishi uchun senatorni qaytarishgan, agar Allegri qolganida, Buffon Turinga qaytarilmasdi.

«Men uni hech qachon bu qadar xotirjam ko‘rmagandim. Odatda asosiy darvozabonlarni mashg‘ulotlarda uchratish qiyin, ular alohida, o‘z murabbiylari bilan shug‘ullanishadi. Endi esa, Buffon doim biz bilan va bu jamoa uchun juda foydali. 42 yosh bo‘lsa-da, u – mashina, doimiy ravishda o‘zini formada ushlab turadi, zalga boradi. Nazarimda jismoniy tarafdan u yana ancha yillar futbol o‘ynashi mumkin. Faqat ruhiy tomondan charchashi mumkin, xolos, Buffonning keyingi faoliyati qanday va qachongacha davom etishini vaqt ko‘rsatadi», deydi u.

«Inter» va Ibrahimovich – asosiy dushmanlar

«Men maydonda yomon odamga aylanishib shart edi. Buning uchun esa, o‘zimga dushman topishim va u bilan jang qilishim kerak. Yoshim katta bo‘lib, o‘zgardim, lekin faoliyatimning ko‘p vaqtida kimdandir nafratlanishim lozim bo‘lgan», deb hikoya qiladi Jorjo.

«Men «Inter»ni yomon ko‘raman. Bu sportcha nafrat – men turnir jadvalida o‘zimizdan yuqorida har qanday jamoani hazm qila olaman, lekin ularni emas. Hatto qizimning gapini qarang – «men maktabga borgim kelmayapti, u yerni «Inter»dan ham yomon ko‘raman»mish. Uyda, men va onasi bilan o‘tirish esa, unga «Yuventus»ning gollarini nishonlashdek mazza ekan».

Har bir hujumchi – o‘yin davomida Kelliniga dushman. Asosiy dushman esa, Zlatan Ibrahimovich.

«Bu jangni yaxshi ko‘raman. Ibra shunchalik kuchliki, unga qarshi o‘ynashda eng yaxshi o‘yiningni ko‘rsatishing lozim. Eng muhimi, undan qo‘rqayotganingni bildirmasliging kerak. Agar Zlatan buni bilib qolsa, qon hidini sezsa, seni yanchib tashlaydi. Uning jig‘iga tegish qiyin, chunki Zlatanning o‘zi bu borada usta. Ibra haqorat qilmaydi, bu ko‘proq jismoniy kurash – u doim senga yoningda ekanini, har bir xatoing uchun jazolashga tayyor ekanini bildirib turadi.

Men u bilan bir jamoada o‘ynaganman ham, Ibra ajoyib inson va futbolchi. Uning «Oltin to‘p» olmaganining sababi, Ronaldu va Messi boshqa sayyoradan ekanliklaridir».

Ronaldu, Mbappe, Ramos...

«Men juda ko‘p hujumchilarga qarshi o‘ynaganman, ular ichida eng xavfli ilon – Ronaldu. U o‘ldiradi. Jarima maydoni ichida u shu darajada o‘zgaradiki, tutib bo‘lmay qoladi. Tinimsiz yo‘nalishini o‘zgartiradi, kutilmagan joyda paydo bo‘ladi. Juda ko‘p marta bundan boshim aylanib ham ketgan. Go‘yoki, sen uning barcha yo‘llarini bilasan, ammo nima qilishini topa olmay qolaverasan.

Chetdan qaraganda, Ronaldu haqida nima deymiz? Ha, haqiqiy professional, mehnatkash. Doim eng zo‘r bo‘lishga intiladigan brend-inson. Odatda, bunday futbolchilar tanholikni yaxshi ko‘rishadi, men ham Ronaldu haqida shunday o‘ylardim. Lekin Krishtianu jamoamizga juda tez kirishib ketdi, uning maqsadlari bizniki bilan hamohang bo‘ldi. Bizning bir bo‘lagimizga aylanib, har birimizning yanada yaxshiroq bo‘la olishimizga o‘rnak bo‘ldi. Mening eng yaxshi mavsumim aynan Ronaldu kelganidan keyin bo‘lgani ham tasodif emas. Katta bo‘lgach, zo‘r futbolchilardan nimanidir o‘rganish, ulardan foydalanishga intilasan», deydi u portugaliyalik yulduz haqida.

Yoshlar ichida Kellini Kilian Mbappeni alohida e'tirof etadi.

«Birinchi marta men uni 2016 yili Chempionlar Ligasida, «Monako»ning «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinida ko‘rgandim. Birinchi bo‘limdan so‘ng, Paratichiga yozdim – «bu bola qaysi sayyoradan?». U 18 yoshda ham ajoyib edi, hozir yanayam kuchliroq. Tezlik, texnika, golni sezish. Shedevr. Kelajak uniki.

Kellini jamoadoshlari haqida ham to‘xtalib, Kannavaro va Bardzalini eslaydi, Bonuchchi va De Ligtni ham maqtab o‘tadi, lekin dunyoning eng zo‘r himoyachisi haqidagi savolga javob berar ekan, shubhasiz, Serxio Ramosning ismini tilga oladi.

«Uning impulsiv harakat qilishi, bir mavsumda 8-10talab golli xatolar qilishi bir pul. U mening butunlay teskari versiyam, lekin hech kimda yo‘q bo‘lgan ikki xislatga ega: muhim o‘yinlarda ajoyib o‘yin ko‘rsatadi va shunchaki, maydonda bo‘lishi bilan jamoani kuchaytiradi.

Jorjoning fikricha, Ramosning YeChL finalida Salohni jarohatlashi – shedevr: «tabiiyki, u ataylab qilmaganini aytdi, ammo bunday to‘qnashuvlarning o‘ntadan to‘qqiztasining yakuni xuddi shunday bo‘lardi».

Kellinining fikricha, agar Ramos bo‘lmasa, Varan, Karvaxal va Marselo yoshlar jamoasiga o‘xshashadi va «Real» esa, himoyasiz bo‘lib qoladi. «Serxio maydonga tusha olmagan «Ayaks»ga qarshi o‘yinni eslang», deb o‘z fikrini asoslaydi Kellini.

«Gvardiolani tanqid qilmaganman»

2017 yilda Kellini Pep Gvardiolaning uslubi himoyachilar avlodiga putur yetkazganini, ular himoyalanishni bilmay qolishganini aytgandi. Lekin kitobda Jorjo Gvardiolani o‘n yillikning eng buyuk inqilobchisi deb ataydi va Gvardiolaning boshqa murabbiylardan farqi juda katta ekanini e'tirof etadi.

Jorjoning aytishicha, u Gvardiolani ayblamagan, shunchaki, fikrini yaxshi tushuntirib bera olmagani uchun boshqacha tushunishgan.

«Men juda ko‘p murabbiylarni ko‘rganman, ular Gvardiolaga ergashmoqchi bo‘lib, eplay olishmagan. O‘sha murabbiylar italyan futboli madaniyatini unutib, barchasini birdaniga o‘zgartirib bo‘lmasligini tushunishmagandi. Bu esa futbolning zarariga ishlaydi.

Gvardiola jamoalari hujumga ixtisoslashishgan, pozitsiyalar muhim rol o‘ynamaydi – muhimi bo‘sh zonalarni yopish. Nazarimda, bu himoya sifatiga putur yetkazadi va o‘ylaymanki, agar Pep qarashlarini biroz ko‘rib chiqqanida, jamoalari ikki barobar kamroq gol o‘tkazishlari mumkin edi. Menimcha, u qachondir Italiyada ishlasa, himoyalanishda biroz ehtiyotkor bo‘ladi», deydi futbolchi.

Final oqshomi haqida

Foto: Infinite Madrid

2017 yilgi YeChL finalida «Yuventus» ikkinchi bo‘limga boshqacha bo‘lib tushadi va uchta gol qo‘yib yuborib, 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchraydi. Mish-mishlarga qaraganda, tanaffusda futbolchilar o‘rtasida janjal kelib chiqqan va mushtlashuvgacha borilgan. Ammo Kellini barchasini inkor qiladi.

«Bir necha kun o‘tib, matbuotda ovoza bo‘lganida, Buffon nimanidir o‘tkazib yuborganini so‘radi. Sababi, u tanaffus paytida hojatxonaga ketgan, shuning uchun gazetalardagi xabarlardan ajablangandi. «Hech narsa bo‘lmadi» – javob berdim men. Shunchaki, biz charchab qolgandik. Umuman hisob 1:1 bo‘lib turganida, janjallashish nega kerak? Agar 0:3 bo‘lsa, ishonish mumkin, lekin o‘shanda ham, bir-birimizni ayblay olmasdik. Biz shunchaki, oddiy so‘zlar bilan gaplashdik, vaziyatni o‘z qo‘limizga olishimiz kerakligi haqida fikrlashdik. Chunki «Real» ikkinchi bo‘limlarda kuchayishini yaxshi bilardik», deydi u.

Kellinining aytishicha, futbol bilan bog‘liq g‘alati hikoyalarning ko‘pi to‘qima bo‘ladi.

«Futbol yig‘inlaridagi g‘alati hikoyalar, qandaydir tungi klublar, qizlar haqida o‘qib qolaman. Lekin ishoning, yig‘inlar paytida unaqa narsalarni o‘ylash qiyin, charchoq tufayli, uxlashdan boshqa dardimiz bo‘lmaydi», deydi futbolchi.

Madriddagi alamli mag‘lubiyat

Foto: Getty Images

Turinda 0:3 hisobida yutqazib qo‘ygan «Yuventus» Madriddagi javob o‘yinida hisobni tenglashtirishning uddasidan chiqadi, lekin 94-daqiqada Buffon «yurak o‘rnida chiqindi paqir bor» deb ta'riflagan hakam Maykl Oliver o‘sha mashhur penaltini belgilaydi. Ronaldu gol uradi va «Yuventus» turnirni tark etadi.

«94 daqiqada faqat qoida buzilganiga ishonching komil bo‘lsagina, penalti qo‘yish mumkin. Bu unaqa holat emasdi. Hakam adashdi. Men ham, Buffon ham biroz o‘zimizni tuta bilmadik, xato qildik. Bunday penaltini birinchi bo‘limda, ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida belgilash mumkin, ammo oxirgi o‘n sekundda emas. Benatiya Vaskesga nisbatan juda yaqin o‘ynadi. ammo yaqqol qoida buzilishi yo‘q edi. Men «Real» o‘yinchilariga baqira ketdim, ammo bu shunchaki emotsiya edi», deb yozadi Kellini.

Ko‘proq yangiliklar: