Bosh vazirigacha virus yuqtirgan qirollik. Britaniyadagi «tuturuqsiz» karantin haqida

Jahon 13:30 / 31.05.2020 19626

Aholi jon boshiga koronavirusdan vafot etganlar soni bo‘yicha Buyuk Britaniya Italiya va Ispaniyani quvib o‘tib (38 mingdan oshiq o‘lim), bugungi kunda Yevropadagi epidemiyadan eng ko‘p aziyat chekayotgan mamlakatlardan biri bo‘lib turibdi. Mamlakatdagi bunday vaziyatga OAV asosan Brexit bilan band bo‘lgan Boris Jonson hukumatini aybdor qilmoqda. Jurnalistlar hukumatdagi karantin joriy qilishning asosiy tarafdorlari bo‘lgan rahbarlar ham karantin qoidalariga amal qilmagani haqida yozishmoqda. Bu esa hukumatga nisbatan norozilikni yanada kuchaytirgan. Shuningdek, Shotlandiya va Uels hukumatlari ham Buyuk Britaniya hukumatining xatti-harakatlaridan noroziligini yashirmayapti.

Bosh vazir maslahatchisi karantinni buzgan

Muxolifatchilar hukumatni Jonson emas, uning bosh maslahatchisi Dominik Kammings boshqaradi deb hisoblaydi
Aaron Chown / PA / Scanpix / LETA

2020 yil 22 mayda Buyuk Britaniyaning ikkita yetakchi gazetasi – The Guardian va The Daily Mirror hamkorlikda bosh vazir Boris Jonsonning katta maslahatchisi Dominik Kammings bilan bog‘liq surishtiruv tafsilotlarni e'lon qilishdi. Unga ko‘ra, mart oyi oxirida koronavirus bilan kasallangan Kammings Londondan 420 kilometr uzoqlikdagi Darem shahriga o‘z avtomobilida borgan. Bu shahar uning tug‘ilgan shahri hisoblanadi va u yerda uning ota-onasi yashaydi. Safar davomida Kammingsga koronavirus yuqtirgan xotini va kichik o‘g‘li hamrohlik qilgan.

Bu yangilik darhol mamlakat bo‘ylab tarqaldi. Axir Kammings nafaqat yuqori martabali hukumat amaldori, balki britaniyaliklarning «tashqi dunyo bilan aloqalarini qisqartirgan» Brexit bosh targ‘ibotchisi edi. Bosh vazir maslahatchisi sifatida u nafaqat pandemiya xavfining oldini olish strategiyasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan, balki hukumatning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha yig‘ilishlarida ham qatnashadi. O‘shanda u olimlarni koronavirus keng tarqalishining oldini olish uchun iloji boricha tezroq kafe, restoran kabi jamoat joylarini yopish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga undagan.

Shu sabab Kammingsning o‘zi joriy etilishida faol qatnashgan karantin qoidalarga rioya qilmagani ma'lum bo‘lganda, mamlakatdagi yetakchi gazetalar, shu jumladan Boris Jonsonga tarafdor bo‘lgan The Daily Mail ham siyosatchini qoralab chiqdi. Jonson boshchiligidagi konservatorlar partiyasining ko‘plab a'zolari uni ishdan bo‘shatish talabi bilan chiqishdi.

Biroq Buyuk Britaniya bosh vaziri o‘zining katta maslahatchisiga chora ko‘rishdan bosh tortdi. 24 may kuni shu mavzuda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Boris Jonson Kammingsni himoya qilib, «U qonunni buzmagan holda, mas'uliyat bilan harakat qilgan hamda otasining instinktlariga amal qilgan», deb aytdi.

Britaniyada Kammingsni yoqtirmaydiganlar uni «karerasini ustun ko‘ruvchi xayolparast» deb atashadi. Boris Jonsonga esa «Rasputin» degan yorliq yopishtirishgan. Turli karikaturalarda Boris Jonsonni asosan yovuz qo‘g‘irchoq sifatida ham tasvirlashadi.

2000-yillardan buyon Kammings Konservativ partiya a'zolari uchun siyosiy strategiyalarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Kammingsni nafaqat Buyuk Britaniyada, balki dunyoda juda mashhur qilgan hodisa uning qirollikni Yevropa Ittifoqidan ajralib chiqish kampaniyasi – Brexit rahbari sifatida ishlashi bo‘ldi.

U biror siyosiy qarashlarni qo‘llamasligini tan oladi, bu esa Kammingsni beparvolikda ayblash uchun yaxshigina sabab bo‘ladi. Aytgancha, Kammingsning raqiblari uni ruslarga moyillikda ham ayblashadi: Kammings 1990-yillar boshlarida Rossiyada bir necha yil yashagan va Dostoyevskiyning asarlarini yaxshi ko‘rishini ham yashirmaydi.

Boris Jonson koronavirusga qarshi kurashda qayerda xato qildi?

Jonson kasalxonadan tuzalib chiqib, Dauning-stritga qaytganda
ANDREW PARSONS/10 DOWNING STREET

Kammings bilan sodir bo‘lgan ish Boris Jonson hukumati nafaqat Buyuk Britaniya jamoatchiligi, balki xalqaro maydonda omma tomonidan keskin tanqid qilingan birinchi ish emas. O‘z navbatida Kammings karantinni buzgan yagona yuqori martabali amaldor ham emas. Ungacha va undan keyin ham Buyuk Britaniya hukumatidagi mansabdorlar karantin qoidalariga amal qilmagani kuzatilgan. Hatto shu ish ortidan Buyuk Britaniya bosh epidemiologi Nil Fergyuson ham o‘z jamoasi bilan birga iste'foga chiqdi.

Mamlakatda koronavirusdan vafot etish ko‘rsatkichi ham past emas – har million kishiga 553,37ta o‘lim. Buyuk Britaniya 25 may holatiga ko‘ra koronavirusdan eng ko‘p aziyat chekkan Yevropaning ikki mamlakatidan biri Italiyani quvib o‘tdi. Qit'ada kasallik holatlari eng ko‘p bo‘lgan Ispaniyadan esa biroz ortda boryapti. Ayni damda qirollikda 272 ming kishi virus yuqtirgan va ulardan 38 mingdan ortig‘i vafot etgan.

Buyuk Britaniyada koronavirusga chalinib vafot etganlarning aksariyati Shvetsiyada bo‘lgani kabi qariyalar uylarida yashayotgan keksalar ekani aytilmoqda. Bundan tashqari, OAV koronavirusga chalinib vafot etganlar soni rasmiy statistikadagidan ancha yuqori bo‘lishi mumkinligini haqida yozmoqda.

Ularning bunday xulosaga kelishiga milliy statistika byurosi qariyalar uylarida vafot etganlar soni to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ikki haftalik kechikish bilan e'lon qilgani sabab bo‘ldi. Buyuk Britaniyadagi qariyalar uylarida koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni e'tiborsiz qoldirgani uchun Boris Jonson ko‘plab e'tirozlarni eshitishiga to‘g‘ri kelmoqda. Ayniqsa 2020 yil aprel oyida, ayni pandemiya keng tarqalayotgan paytda leyboristlar partiyasi rahbari lavozimini egallagan, muxolif partiyaning yangi lideri Kir Starmer Jonsonni hammadan ham ko‘proq tanqid qilmoqda.

Haqiqatan ham Jonson hukumati mamlakat uchun muhim bo‘lgan ko‘pgina masalalarni ortga surib asosiy vaqtini nima qilib bo‘lsa ham tezroq Yevropa Ittifoqidan chiqib ketish harakatlari uchun sarfladi.

Brexit rasman 2020 yil 31 yanvar kuni amalga oshgan bo‘lsa ham, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi bilan kelajakdagi o‘zaro munosabatlari qay tartibda bo‘lishi haqidagi kelishuvlar uzoq muzokaralarni talab qildi. Shu tufayli Boris Jonson boshchiligidagi Buyuk Britaniya hukumatiga boshqa mamlakatlarga qaraganda koronavirusga qarshi aniq va izchil kurash strategiyasini ishlab chiqish uchun kam muddat qoldi.

Natijada shifoxonalarda shaxsiy himoya vositalari yetishmovchiligi yuzaga keldi. Masalan, himoya kostyumlari o‘rniga chiqindi solish uchun mo‘ljallangan yelim paket kiyib yurgan hamshiralarning fotosuratlari juda ko‘p shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

O‘shanda Yevropa mamlakatlari bilan birgalikda dori vositalarini ulgurji tarzda sotib olish muammoni hal qilishga yordam berishi mumkin edi, ammo Buyuk Britaniya hukumati bunday imkoniyatni ham qo‘ldan boy berdi.

Aprelda The Guardian nashri Britaniya hukumati Yevropa Komissiyasining maxsus dasturi doirasida shifokorlar uchun himoya vositalarini sotib olish dasturlarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lgani, ammo ular bu imkoniyatdan foydalana olmagani haqida yozib chiqdi. Ma'lum bo‘lishicha, komissiya tomonidan yuborilgan taklifnoma Britaniya hukumatining ishlamaydigan elektron pochta manziliga kelgan.

«Jamoaviy immunitet» va golf o‘ynashga berilgan ruxsatnoma ortidan kelib chiqqan mojarolar

Foto: REUTERS

Mart oyi o‘rtalarida Italiya va Ispaniya qattiq karantin qoidalarini bilan yashayotgan paytda, Britaniya hukumatining bosh ilmiy maslahatchisi Patrik Vellans BBC bilan suhbatda qat'iy taqiqlarsiz va «jamoaviy immunitet»ni rivojlantirish yo‘li bilan koronavirusni yengib chiqadigan Buyuk Britaniyaning maxsus dasturi haqida gapiradi. O‘shanda u «maxsus dastur to‘laqonli joriy qilinsa, Buyuk Britaniya aholisining 60 foizi koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bo‘lishi»ni aytgandi.

Britaniyadagi yetakchi universitetlarining besh yuzdan ortiq akademiklari, olimlari hamda tadqiqotchilari hukumatning koronavirusga qarshi kurash haqidagi «maxsus dastur»idan xabar topishi bilan dasturni qayta ko‘rib chiqishni va boshqa mamlakatlar singari karantin choralarini yanada kuchaytirishni so‘rab, hukumatga ochiq xat yo‘lladi.

Shundan so‘ng turli bosimlar ostida qolgan Boris Jonson 23 martga kelibgina karantin e'lon qildi. Unga ko‘ra, aholi ehtiyoji uchun zarur dorixonalar va oziq-ovqat do‘konlaridan boshqa aksariyat jamoat joylarining yopilishi belgilandi. Odamlarga zarurar bo‘lmasa, uydan tashqariga chiqmaslik tavsiya qilindi. Uch kun o‘tib Boris Jonsonning o‘zi ham koronavirus yuqtirgani ma'lum bo‘ldi.

10 may kuni Britaniya nashrlari Jonson hukumati koronavirus profilaktikasi bo‘yicha ommaviy kampaniyaning barcha uchun sodda va tushunarli bo‘lgan «Uyda qoling» shiorini «Hushyor bo‘ling» deb o‘zgartirmoqchi ekanidan xabar topadi.

Yangi shior Shotlandiyaning birinchi vaziri Nikola Sterjyen tomonidan darhol tanqid qilinadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Uyda qoling» shioridan farqli o‘laroq yangi «Hushyor bo‘ling» shiori juda g‘aliz va mavhum. U Buyuk Britaniya hukumatidan yangi shiorni Shotlandiyada qo‘llamaslikni so‘radi. Shuningdek, Boris Jonson hukumati tomonidan ilgari surilgan yangi shior Uels hukumatiga ham yoqmadi. Uels hukumatidagi vazirlar, ayniqsa sog‘liqni saqlash vaziri Jonson hukumati ixtiro qilgan yangi shior Buyuk Britaniyaning to‘rtta ma'muriy hududi – Angliya, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya uchun birday mos tushmasligini aytib chiqishdi. Shuning uchun ham Uels hukumati hanuz «Uyda qoling» shioridan voz kechmadi va o‘z aholisiga zaruratsiz uydan chiqmaslikni tavsiya qilib kelmoqda.

10 may kuni Britaniya hukumati koronavirus bilan bog‘liq karantin tadbirlarini may, iyun va iyul oylarida uch bosqichda yengillashtirib borish rejasini e'lon qildi. Unga ko‘ra, avvalo masofdan turib ishlashning iloji bo‘lmagan va ishxonasiga borib ishlashi lozim bo‘lgan xodimlarga karantin cheklovi bekor qilinadi. So‘ngra quruvchilarga, undan keyin pablar va kinoteatrlar faoliyat ko‘rsatishiga ruxsat berilishi nazarda tutilgan edi.

Britaniyada joriy qilingan karantin qoidalarini turli mintaqalar o‘zicha qo‘lladi va buning ortidan tartibsizlik yuzaga keldi. Masalan, Angliyada ko‘chalarda yoki bog‘larda ochiq havoda sport bilan shug‘ullanishga ham ruxsat berishmadi. Uelsda esa bu cheklov yo‘q edi.

Shundan so‘ng ko‘pchilik karantin paytida toza havoda aylanish imkoniyati bo‘lgan Uelsga yo‘l oldi. Uels birinchi vaziri esa Buyuk Britaniyaning boshqa hududlaridan Uelsga «toza havodan nafas olish uchun» kelayotganlarni jarimaga tortish bilan tahdid qilishga majbur bo‘ldi.

Boris Jonson 13 maydan boshlab Angliyadagi golf klublarga o‘z faoliyatini tiklashi uchun ruxsat berishni va'da qildi. Ammo Buyuk Britaniyadagi asosiy golf klublarning bir qismi Uelsda, yana bir qismi Angliyada joylashgan. Uels hatto golf klublariga bo‘lsa ham begonalarni qo‘ymoqchi emas.

Ancha vaqt davom etgan qizg‘in bahslardan so‘ng Boris Jonson hukumati mintaqaviy rahbarlarni golf klublariga kimlar a'zo bo‘lsa, o‘shalar borishi mumkinligi haqidagi qoidani joriy qilishga ko‘ndira oldi. Masalan, angliyalik fuqaro Uelsdagi golf klubga avvaldan a'zo bo‘lsa, u yana borib shug‘ullanishi mumkin.

Aprel oyi oxirida Boris Jonson britaniyaliklarga murojaatida mamlakat kasallikni yenggani va koronavirus epidemiyasi cho‘qqisi ortda qolgani haqida gapiradi. May oyi boshlarida haqiqatan Buyuk Britaniyada koronavirusga chalinish holatlari soni sezilarli darajada kamaydi. Biroq Boris Jonsonga tanqid toshlarini otayotganlarning fikriga ko‘ra, u karantin qoidalarini joriy qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan.

Ular Jonson hukumati karantinni hech bo‘lmasa bir hafta oldin joriy qilganida, virus tufayli 40 mingga yaqin odam vafot etmasdi deyishmoqda. Ularning Boris Jonson hukumatiga nisbatan bildirayotgan ayblovlariga ham qo‘shilsa bo‘ladi. U boshida koronavirus tarqalishiga juda e'tiborsizlik bilan qaradi va buning ortidan nafaqat o‘zi, balki hukumatdagi bir nechta yuqori lavozimli amaldorlar ham xavfli virusni yuqtirib olishdi. Shuningdek, karantin kech joriy qilingani uchun mamlakat virus yuqtirganlar va undan vafot etganlar soni bo‘yicha «yuqori o‘rinlarga» chiqib ketdi...

Ko‘proq yangiliklar: