Viloyatlararo avtobuslar harakatiga ruxsat beriladi. Shaxsiy avtotransport vositalariga ruxsat yo‘q

O‘zbekiston 07:48 / 30.05.2020 48518

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, «yashil» hududlarda joylashgan sanatoriy, pansionat, bolalar oromgohlari va boshqa dam olish maskanlariga fuqarolarni markazlashtirilgan tartibda tashish uchun viloyatlararo avtobuslar, shu jumladan turistik tashkilotlar avtobuslari qatnovini yo‘lga qo‘yishga ruxsat berildi.

Bunda:

  • avtobuslarda haydovchi va yo‘lovchilar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi lozimligi, shuningdek, ularning tana harorati pirometrlarda o‘lchanib, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan holatda ularning avtobus saloniga chiqarilmasligi;
  • avtobuslar viloyatlaro qatnovlarda «qizil» hududlarda to‘xtamagan holda harakatlanadi;
  • avtobuslar doimiy ravishda har qatnovga chiqishdan oldin to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkaziladi;
  • avtobuslarda harakatlanayotgan yo‘lovchilarning reyslar kesimidagi ro‘yxati (bazasi) yuritiladi.

Shuningdek, shaxsiy avtotransport vositalarining viloyatlararo harakatlanishiga yo‘l qo‘yilmasligi (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno) talabi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatish belgilandi.

Quyidagilar joriy yilning 1 sentyabriga qadar uzaytirildi:

  1. xorijiy fuqarolarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga berilgan viza muddatlari;
  2. muayyan muddatga vizasiz va elektron viza bilan kirish huquqiga ega xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish muddati;
  3. O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilib, 2020 yil hisobidan qaytarib olib chiqish muddati tugaydigan xorijiy avtotransport vositalarini respublikamiz hududidan qaytarib olib chiqish muddati.

Bundan avvalroq, respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, «yashil» hududlarda sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, boshqa dam olish maskanlari faoliyatiga ruxsat berilgani xabar qilingandi.

Barcha hududlarda ularning toifasidan qat'i nazar quyidagi karantin talablari saqlab qolinadi:

  • jamoat joylarida ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash,
  • uch kishidan ortiq yig‘ilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalaridan foydalanishi;
  • ta'lim tashkilotlari (bog‘cha, maktab, litsey, kollej, texnikum, institut, universitet va boshqalar), o‘quv kurslari faoliyatini yo‘lga qo‘ymaslik;
  • ko‘ngilochar obektlar – tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • konsert, teatr, kinoteatr va sport tadbirlarini (professional futbol klublari o‘quv mashg‘ulotlari va O‘zbekiston professional futbol ligasi chempionatlari bundan mustasno) o‘tkazmaslik;
  • jamoat transporti harakatiga ruxsat bermaslik;
  • buyum bozorlari faoliyatiga ruxsat bermaslik;
  • dehqon, qurilish bozorlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat savdo nuqtalari (supermarket va boshqa yirik do‘konlar) kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash hamda har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik choralarini ko‘rish;
  • barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion «to‘shak»lar bilan ta'minlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritishini ta'minlash;
  • qurilish-ta'mirlash ishlarida obektlarning hududi to‘liq karantinga olinishi va hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari bilan birgalikda obektlarda sanitariya-gigiyena tadbirlarining amalga oshirilib borilishi. Bunda, ushbu tashkilotlarning faoliyat olib borish davrida sanitariya va gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilish, o‘z faoliyatini faqatgina tegishli obekt hududi doirasida tashkil etish.

«Qizil» toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik, shuningdek, «yashil» va «sariq» toifaga kiruvchi hududlarda ruxsat berilgan faoliyat turlarini o‘rnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shuningdek, mamlakatda karantin va undan keyingi davrda fuqarolarning respublika bo‘ylab sayohat qilishlari yuzasidan vaqtinchalik tartib hamda karantin davrida sanatoriylar va bolalar yozgi oromgohlarining faoliyatini tashkil etish bo‘yicha vaqtinchalik talablar tasdiqlangan.

Ko‘proq yangiliklar: