Fuqarolar qurol sohasida ruxsat berish jarayonlaridan qanday tartibda o‘tishi ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston 07:32 / 30.05.2020 9390

Vazirlar Mahkamasining “Qurol muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

Yuridik shaxslar tomonidan qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolari tomonidan qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Belgilanishicha:

ushbu qaror qabul qilinguniga qadar qurol muomalasi sohasidagi harakatlarni bajarish va (yoki) faoliyatni amalga oshirish huquqi berilgan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar haqiqiy hisoblanadi;

2020 yil 31 dekabrga qadar “Qurol to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslarda mavjud pnevmatik qurollar ichki ishlar organlarida ro‘yxatga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolari tomonidan qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida jismoniy shaxslarga beriladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar quyidagi ruxsatnomalar hisoblanadi:

a) fuqaroviy qurolni, kolleksiyalash quroli va uning o‘q-dorilarini olishga doir;

b) fuqaroviy qurolni, mukofot qilingan qilingan qurol va uning o‘q-dorilarini, kolleksiyalash quroli va uning o‘q-dorilarini realizatsiya qilishga doir;

v) fuqaroviy qurolni, mukofot qilingan qurolni saqlash va olib yurishga doir;

g) sport o‘qotar qurolini, og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan yuqori va kalibri 4,5 millimetrdan ortiq bo‘lgan pnevmatik sport qurolini, tig‘li sovuq sport qurolini, uloqtirish sport qurolini saqlashga doir;

d) soyli stvolli sport o‘qotar qurolini va uning o‘q-dorilarini, tig‘li sovuq sport qurolini, uloqtirish sport qurolini, kolleksiyalash quroli va uning o‘q-dorilarini, ko‘rgazmaga quyish quroli va uning o‘q-dorilarini tashishga doir;

ye) qurol va uning o‘q-dorilarini kolleksiyalashga doir;

j) qurol va uning o‘q-dorilarini ko‘rgazmaga qo‘yishga doir;

z) fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini, mukofot qilingan qurol va uning o‘q-dorilarini, kolleksiyalash quroli va uning o‘q-dorilarini, ko‘rgazmaga quyish quroli va uning o‘q-dorilarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga doir;

i) fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini, mukofot qilingan qurol va uning o‘q-dorilarini, kolleksiyalash quroli va uning o‘q-dorilarini, ko‘rgazmaga quyish quroli va uning o‘q-dorilarini O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqishga doir;

k) fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini, mukofot qilingan qurol va uning o‘q-dorilarini, kolleksiyalash quroli va uning o‘q-dorilarini, ko‘rgazmaga quyish quroli va uning o‘q-dorilarini O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit qilishga doir.

Og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan kam va kalibri 4,5 millimetrga qadar bo‘lgan pnevmatik ov quroli va og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan kam bo‘lgan pnevmatik sport quroli hamda ko‘rsatib o‘tilgan qurol turlarining o‘q-dorilari muomalasi sohasida harakatlarni bajarish va (yoki) faoliyatni amalga oshirish vakolatli organlarning ruxsatnomalarisiz amalga oshiriladi.

Tig‘li sovuq ov va signal beruvchi ov qurolini olish, realizatsiya qilish, saqlash, olib yurish va tashish vakolatli organlarning ruxsatnomalarisiz, ovchilar jamoat birlashmasi tomonidan berilgan ovchilik guvohnomasi asosida amalga oshiriladi.

O‘qotar ov qurolining va og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan yuqori va kalibri 4,5 millimetrdan ortiq bo‘lgan pnevmatik ov qurolining o‘q-dorilarini olish, realizatsiya qilish, saqlash, olib yurish va tashish vakolatli organlar tomonidan berilgan o‘q-dorilarning turi va kalibriga mos ov qurolini saqlash va olib yurishga doir ruxsatnomasi va ovchilar jamoat birlashmasi tomonidan berilgan ovchilik guvohnomasi asosida amalga oshiriladi.

Shaxsiy foydalanish maqsadida silliq stvolli o‘qotar ov quroliga patronlarni aslahalash uchun foydalaniladigan initsiyalanadigan va olovlanadigan modda va materiallarni (ov poroxi va pistonlar) olish, realizatsiya qilish, saqlash, tashish vakolatli organlarning silliq stvolli o‘qotar ov qurolini saqlash va olib yurishga doir ruxsatnomasi va ovchilar jamoat birlashmasi tomonidan berilgan ovchilik guvohnomasi asosida amalga oshiriladi.

O‘qotar ov qurolini, og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan yuqori va kalibri 4,5 millimetrdan ortiq bo‘lgan pnevmatik ov qurolini, shuningdek silliq stvolli sport qurolini va uning o‘q-dorilarini, og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan yuqori va kalibri 4,5 millimetrdan ortiq bo‘lgan pnevmatik sport quroli va uning o‘q-dorilarini, mukofot qilingan qurol va uning o‘q-dorilarini, o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini tashish vakolatli organlarning qurolni saqlash va olib yurishga yoki saqlashga doir ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.

Quyidagilar qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida harakatlarni bajarish va (yoki) faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsat berishga doir talablar va shartlar hisoblanadi:

a) qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi, jamoat tartibi va jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilish;

b) qurol va uning o‘q-dorilari but saqlanishini, saqlash xavfsizligi va maqsadli foydalanilishini ta'minlash hamda ularga begona shaxslar egalik qilishni istisno etishga qaratilgan choralarni ko‘rish;

v) quyidagilar muomalasi sohasida harakatlarni bajarishga va (yoki) faoliyatni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik:

“Qurol to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9 va 19-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalasi taqiqlangan fuqaroviy va mukofot qilingan qurol va uning o‘q-dorilari bilan;

shikastlovchi ta'siri radioaktiv nurlanish, kimyoviy va biologik (bakteriologik) omillardan foydalanishga yoki elektromagnit, nur, issiqlik, infratovush, ultratovush nurlanishdan foydalanishga asoslangan kolleksiyalash va ko‘rgazmaga qo‘yish quroli hamda uning o‘q-dorilari bilan;

g) ruxsatnomada ko‘rsatilgan qurol va uning o‘q-dorilari doirasida hamda ularga oid harakatlarni shaxsan bajarish va (yoki) faoliyatni shaxsan amalga oshirish;

d) arizachining yigirma bir yoshga (fuqaroviy ov, kolleksiyalash va ko‘rgazmaga qo‘yish quroli hamda uning o‘q-dorilariga egalik qilish uchun) va o‘n sakkiz yoshga (fuqaroviy sport quroli va uning o‘q-dorilari, o‘zini o‘zi himoya qilish quroliga egalik qilish uchun) yetgan bo‘lishi;

ye) “Qurol to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 13-moddasi to‘qqizinchi qismining uchinchi, beshinchi – o‘n birinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslarning mavjud emasligi (O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida ov qilish, sport tadbirlarida ishtirok etish yoki ko‘rgazmaga qo‘yish maqsadida ov, sport va ko‘rgazmaga qo‘yish quroli hamda uning o‘q-dorilarini olib kirish, O‘zbekiston Respublikasi hududida olingan fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini olib chiqish, fuqaroviy, mukofot qilingan, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish quroli va uning o‘q-dorilarini O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit qilish hollaridan tashqari);

j) fuqaroviy qurolni birinchi marta olayotgan jismoniy shaxslarning ovchilar jamoat birlashmasida (ov quroli uchun) va otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarda (sport quroli uchun) quroldan xavfsiz foydalanish qoidalarini bilishi yuzasidan tekshiruvdan, shuningdek qurolga egalik qilishga qarshi ko‘rsatmalar mavjud emasligi to‘g‘risidagi davriy tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi (qurol bilan mukofotlash hollari hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bundan mustasno);

z) doimiy yashash joyi o‘zgargan taqdirda, yangi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yilgan kundan e'tiboran o‘n kun muddat ichida tegishli vakolatli organga o‘ziga tegishli qurolni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish choralarini ko‘rish;

i) fuqaroviy qurolni saqlash va olib yurishga, sport o‘qotar qurolini, og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan yuqori va kalibri 4,5 millimetrdan ortiq bo‘lgan pnevmatik sport qurolini, tig‘li sovuq sport qurolini, uloqtirish sport qurolini saqlashga, qurol va uning o‘q-dorilarini kolleksiyalash yoki ko‘rgazmaga qo‘yishga doir ruxsatnomalarning amal qilish muddatlarini uzaytirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashidan kamida o‘ttiz ish kunidan oldin, boshqa turdagi ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni esa ularning amal qilish muddatlari tugashidan kamida o‘n ish kunidan oldin vakolatli organga taqdim etish;

k) vakolatli organ yoki sudning ruxsatnomaning amal qilishini tugatish yoki uni bekor qilish to‘g‘risidagi qarori olingan kundan e'tiboran o‘n kun ichida qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida ruxsatnomalarni vakolatli organga qaytarish;

l) qurol to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablariga rioya etilishini tekshirish uchun vakolatli organlar xodimlarining qurol va uning o‘q-dorilari saqlanadigan joylarga soat 6-00 dan 22-00 gacha moneliksiz kirishini ta'minlash, tanishib chiqish uchun ularga zarur hujjatlarni taqdim etish.

Ruxsatnoma olish uchun arizachi vakolatli organga muvofiq shaklda quyidagilar ko‘rsatilgan ariza taqdim etadi:

familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroligi, pasport (yashash guvohnomasi) seriyasi va raqami, tug‘ilgan sanasi va joyi, doimiy yashash joy manzili, murojaat uchun telefon raqamlari, mavjud bo‘lsa – elektron pochta va veb-sayt manzillari;

bajarmoqchi va (yoki) amalga oshirmoqchi bo‘lgan aniq harakatlari va (yoki) muayyan faoliyati uchun ruxsatnoma olishdan maqsadi, ushbu harakatlarni bajarish va (yoki) faoliyatni amalga oshirishga daxldor qurol (turi, xili, modeli va kalibri) va uning o‘q-dorilari (turi, kalibri);

harakatlar bajariladigan va (yoki) faoliyat amalga oshiriladigan joy, shuningdek qurol va uning o‘q-dorilari joylashtiriladigan (saqlanadigan) joy;

harakatlar bajariladigan va (yoki) faoliyat amalga oshiriladigan taxminiy muddat (zarur bo‘lganda).

Ko‘proq yangiliklar: