Jahongir Ortiqxo‘jayevning o‘rinbosarlaridan biri Yangihayotga hokim bo‘ladi

O‘zbekiston 23:15 / 29.05.2020 40388

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 may kuni Sergeli tumanidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishgach, faollar bilan muloqot qildi.

Muloqot chog‘ida davlat rahbari tumandagi Choshtepa va Qipchoq mavzelari negizida Toshkent shahar hokimligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadigan alohida Yangihayot kichik tumanini tashkil etish taklifini bildirdi.

«O‘zbekiston 24» telekanali reportajidan ma'lum bo‘lishicha, Shavkat Mirziyoyev yangi tumanning hokimi lavozimiga Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Hayot Ilyosovich Inog‘omov nomzodini taklif qilgan.

"O‘zbekiston 24" efiridan kadr

34 yoshli Inog‘omov 2018 yildan oktyabridan buyon Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelmoqda.

Bunga qadar u Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Tashkent City» xalqaro ishbilarmonlik markazi Direksiyasi DUK direktorining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Bo‘lg‘usi hokim 1986 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, 2008 yilda Toshkent avtomobil va yo‘llar institutini tamomlagan.

Inog‘omovning tarjimayi holiga ko‘ra, u 2007-2009 yillarda Ishlab chiqarish boshqarmasi «Maxsustrans» bosh muhandisi, 2010-2011 yillarda «Technologi De Lavenir» MChJ asosiy ishlab chiqarish bo‘lim boshlig‘i, 2011-2012 yillarda «Atlant Metal» MChJ direktori, 2012-2017 yillarda «Technologi De Lavenir» MChJ direktori, 2017-2018 yillarda «Pallada Investment» qo‘shma korxonasi direktori sifatida faoliyat yuritgan.

Yangihayot – poytaxtning 12-tumani bo‘ladi

Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil sentyabrdagi topshirig‘i bilan, Sergelida 5 yil ichida 500ta ko‘p qavatli uy qurilishi loyihasi boshlangan edi. Hozirga kelib, bu yerda katta, zamonaviy mavze paydo bo‘ldi.

Oxirgi 3 yilda tumanda 19 522 xonadonli 460ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi, 26ta namunaviy tipdagi mahalla guzarlari barpo etildi.

Shu davrda bu yerga 100 mingdan ziyod aholi ko‘chib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshgan.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu hududda yangi kichik tuman tashkil etishdan maqsad – yangi ko‘chib kelgan odamlarning farovonligini ta'minlash va boshqaruvni samarali tashkil etishdir.

Ko‘proq yangiliklar: