Davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash unifikatsiya qilingan tizim asosida amalga oshiriladi

O‘zbekiston 07:58 / 29.05.2020 21564

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash quyidagi to‘lovlarni nazarda tutadigan davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to‘lashning unifikatsiya qilingan tizimi asosida amalga oshiriladi:

bazaviy lavozim maoshi;

malaka darajasi uchun to‘lovlar;

davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati samaradorligi asosiy ko‘rsatkichlariga erishilishi va ish beruvchi tomonidan belgilanadigan ularning faoliyatini baholashning boshqa mezonlaridan kelib chiqib hisoblanadigan shaxsiy ustama haqlari.

Davlat fuqarolik xizmatchilarining bazaviy lavozim maoshi, malaka darajalari uchun qo‘shimcha to‘lovlar hamda shaxsiy ustama haqlari miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
 
Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lash xizmat vazifalarini so‘zsiz va to‘liq bajarilishi, davlat organlari va tashkilotlarini barqaror va salohiyatli kadrlar bilan ta'minlash, ularning halol, tashabbuskor va samarali mehnatini rag‘batlantirish uchun yetarli moddiy sharoitlarni ta'minlashi lozim.

Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
 
Davlat fuqarolik xizmatchilariga mehnatga haq to‘lash fondi hisobidan yillik haq to‘lanadigan ta'til va moddiy yordam berilganda, ular davlat organi va tashkilotining mehnatga haq to‘lash fondi mablag‘lari hisobiga to‘lanadigan biryo‘la to‘lov qo‘shimcha to‘lovlarni oladilar.

Davlat organlarida mehnatga haq to‘lash fondining 30 foizi miqdorida moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, uning hisobidan quyidagilar to‘lanadi:

alohida muhim va murakkab vazifalarni bajarish uchun mukofot pullari – ularni to‘lash tartibi, shu jumladan, alohida muhim va murakkab vazifalar sirasiga kiritish mezonlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;

pensiyaga chiqishda yoxud davlat organi va tashkilotining tuzilmasidagi o‘zgarishlar davlat fuqarolik lavozimlarini qisqartirishiga olib kelganligi munosabati bilan mehnat munosabatlari bekor qilingan holatlarda belgilangan biryo‘la to‘lov;

davlat organi mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar.

Mehnat shartnomasi:

davlat fuqarolik xizmatchilari soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi sababli;

davlat fuqarolik xizmatchisining malakasi yetarli bo‘lmaganligi yoki sog‘lig‘i holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiqligi sababli;

davlat fuqarolik xizmatchisi yangi mehnat shartlari asosida ishlashni davom ettirishni rad etganligi sababli;

shu ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga qayta tiklanishi sababli bekor qilingan hollarda ish qidirish davrida ikki oydan ortiq bo‘lmagan davr mobaynida davlat fuqarolik xizmatchilarining o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi, bunda davlat fuqarolik xizmatchisiga to‘langan bir oylik ishdan bo‘shatish nafaqasi ham qo‘shib hisobga olinadi.

Ko‘proq yangiliklar: