Arveladze - Usmonovning Shodiyev bilan tanishtirgani, Derdiyo‘qning maoshi va Adebayorning «Paxtakor»dan qancha so‘ragani haqida

Sport 19:02 / 29.05.2020 34610

«Paxtakor» klubi bosh murabbiyi Shota Arveladze Rossiyaning Spors.ru saytiga intervyu berib, O‘zbekistondan taklif qanday tushgani, Adebayor «Paxtakor»dan necha million maosh so‘ragani, Derdiyo‘qning qancha maosh olayotgani va bir qator savollarga javob berdi. Suhbatning qisqartirilgan tarjimasini hukmingizga havola etamiz.

– Shota, hozirda «Paxtakor» bosh murabbiyisiz. Bu qanday yuz berdi?

– Alisher Usmonov tufayli «Paxtakor» klubi egasi Bobur Shodiyev bilan tanishdim. Toshkentga borib, barchasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Ishlash va futbolni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilganligiga ishonch hosil qildim. Shundan keyin biz yana bir necha marotaba uchrashib, oxir-oqibat u meni shartnoma imzolashga ko‘ndirdi. 

– Bu siz uchun orqaga tashlangan qadamdek tuyilmadimi?

– Qachonki sen motivatsiyani yo‘qotib qo‘ysang, bu orqaga qadam tashlash bo‘ladi. Axir, murabbiy ishlashni xohlasa buning yomon joy yo‘q. Asosiysi – mahoratni oshirib, faqat oldinga borish. Shunday o‘ynaganman, endi esa shu aqidaga amal qilib faoliyat yurityapman. «Paxtakor»da ishlayotganim motivatsiyamga ta'sir qilmaydi. Qachonlardir «Real» yoki «Barselona»da murabbiylik qilsam ham xuddi hozirgi ishchan kayfiyatda bo‘laman.

– «Paxtakor» qishda Eren Derdiyo‘qni taklif etdi. Bunga qanday erishdingiz?

– U bilan yaxshi tanish ekanligimizga qaramay, uni ko‘ndirish oson bo‘lgani yo‘q. Eren eng avvalo oilasi haqida qayg‘urdi – ular uchun qulay va xavfsiz bo‘lishini istadi. Qolaversa, so‘nggi paytlarda Turkiyada deyarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lolmayotgandi. Bunday paytda avvalo o‘zing uchun hal qilib olishing kerak: futbolchimisan yoki pulni shunchaki oladigan biznesmen? U milliy jamoasiga qaytishni istaydi, Yevropa va jahon chempionatida to‘p surishni xohlaydi. Fikrimcha, Derdiyo‘q «Paxtakor»ga o‘tib yutdi – Osiyo Chempionlar ligasida to‘p surmoqda, yaxshi sharoitlarga ega.

- Derdiyo‘q yillik 1,5 million yevro maosh olayapti. Adebayorning transferi u ko‘proq so‘ragani uchun amalga oshmay qoldimi?

– Derdiyo‘q baravariga kamroq oladi. Adebayor esa aynan shuncha so‘ragandi, ammo biz buncha to‘lay olmasdik. Adebayor bilan dekabr oyida Londonda uchrashgan edik. Uning Toshkentga kelishi va barchasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishiga kelishgandik. Sababi hamma uchun ham faqat moliyaviy shartlar emas, qayerda ishlashi, mashg‘ulot o‘tashi, o‘ynashi muhim. Ammo yakunda bu kelishuv amalga oshmay qoldi, u uzoq safarlarga uchishni yoqtirmas ekan, hattoki biroz qo‘rqarkan ham.

– «Paxtakor» qanday maqsadlarni ko‘zlagan?

– Osiyo chempionlar ligasida g‘olib bo‘lishni, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida to‘p surishni istaymiz. O‘zbekistonlik futbolchilarni Yevropa klublariga sotishni xohlaymiz. Bularning barchasiga barqaror poydevorni qo‘ymaguncha erishish qiyin. Shu bois xalqaro maydonda ishtirok etayotgan klubimizda bu ishlarni amalga oshirayapmiz. Men bilan birga Tursiya, Gruziya, O‘zbekiston va Gollandiyadan kelgan murabbiylar ishlashmoqda. Birgalikda klubimizning o‘z falsafasini yaratamiz.

– Uch yil ichida bronza, kumush va so‘nggi yilda 20 ochkolik katta farq bilan oltin medalga ega chiqdingiz. Cho‘qqi zabt etilgach, nega ketmadingiz?

– Ketish majburiy edimi? Buni istalgan vaqt amalga oshirish mumkin. To‘g‘ri, biz ko‘p sovrinlarga ega chiqdik, ammo hakamning hushtagidan keyin barchasi tarixda qoladi. Klubning poydevori endi qo‘yilayapti – yangi stadion qurilmoqda, qarorgoh, akademiya. Yevropaning top-klublari bilan birga ishlaydigan Belgiyaning mashhur Double Pass kompaniyasi bilan shartnoma imzoladik. Jamoaning har tomonlama o‘sishiga yordam berishlari uchun ularga juda katta mablag‘ to‘layapmiz.

– O‘zbek futbolchilarining orzu qila olmasligi haqida gapirgan edingiz...

– Ularning top-klublarda o‘ynashni orzu qilmasliklari haqidami? Orzu qilmagan – orzusiga yeta olmaydi. Gruziyaga borib, ko‘chadagi boladan qayerda to‘p surishni orzu qilishini so‘rasangiz, u Yevropaning top-klubini aytadi. Xuddi shu savolni O‘zbekistondagi bolaga bersang, undan arab davlatlari va Osiyo degan javobni eshitasan. O‘zbekistonda 35 million aholi yashaydi, ammo Yevropa darajasida o‘ynab keta oladigan futbolchisi bo‘lsa-da, u yerda ulardan bitta ham futbolchi yo‘q. So‘nggi uch yilda futbolga nisbatan qarash o‘zgardi, futbol darajasi o‘sdi, iqtidorli futbolchilar ko‘paydi. Rossiya chempionatining eng yaxshi forvardi o‘zbek ekanligi bejizga emas.

– Istanbulda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qay ahvolda?

– So‘nggi kunlarda holat ijobiy tomonga o‘zgarmoqda – kasallanganlar soni qisqarmoqda, sog‘ayganlar soni esa ko‘paygan. Shu sur'atda davom etsa, may yakunida hammasi tugaydi. Istambuldagi cheklovlarga qaramay, ko‘pchilik sayrga chiqishda davom etmoqda.

– Karantinda vaqtni qanday o‘tkazayapsiz?

– Aqldan ozishimga oz qoldi. Barcha seriallarni tomosha qildim, unda nimalar bo‘lmadi deysiz: bankning o‘marilishi, otishmalar, uylanishlar, ajralishlar... Yana kitob o‘qidim, o‘g‘lim bilan futbol, tennis o‘ynadik. Kuniga 400tadan press bajarayapman, ammo hech narsa o‘zgarmayapti. Qorin kattalashmasligi uchun o‘zi nechta bajarish kerak?

– Ovqatlanish me'yorida bo‘lishi lozim deyishadi...

–Bir yarim oydan buyon uyda o‘tirgan bo‘lsak, qanday me'yorida bo‘lishi mumkin? Qaysi xonaga kirmoqchi bo‘lsang, oshxonadan o‘tasan baribir. Ishim yeyish bo‘lib qoldi o‘zi.

Usmon Ibodov tarjimasi.

Ko‘proq yangiliklar: