2019 yilda 16 kishi qiynoqqa solishda ayblanib qamalgan, ularning aksari IIV va DXX xodimlari – Svetlana Ortiqova

O‘zbekiston 17:37 / 29.05.2020 48568

«So‘nggi vaqtlarda qiynoq bilan bog‘liq holatlar ko‘payishi kuzatilayotgani aholini o‘rinli tashvishga solmoqda. Mamlakatimizda 2017 yilda 7ta, 2018 yilda 10ta, 2019 yilda esa 16ta qiynoqqa solish jinoyati, ya'ni Jinoyat kodeksining 235-moddasida nazarda tutilgan jinoyat (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) qayd qilingan, natijasi bo‘yicha aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal etilgan.

Qiynoqqa doir murojaatlarni ko‘rib chiqish hamda qiynoq holatlariga doir ishlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishning bugungi holati talabga to‘liq javob bermaydi. So‘nggi uch yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qiynash, qo‘rqitish va boshqa tazyiqlar qilinganligi yuzasidan 757ta (2019­ yilda 208ta, 2018 yilda 352ta, 2017 yilda 197ta) ariza kelib tushgan bo‘lsa, ularning 33tasi, ya'ni 4,4 foizi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Sohalar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, qiynoq bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etishda aybdorligi isbotlanib, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilgan shaxslarning aksariyati IIV va DXX xodimlaridir. Shuningdek, prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti va Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan ham shunday jinoyatga qo‘l urilgani aniqlangan», deya Svetlana Ortiqovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh prokuror o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra O‘zbekistonda qiynoqning oldini olish bo‘yicha milliy tizim xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va normalariga to‘liq muvofiq emas, bu esa mamlakatimizning nufuziga hamda xalqaro reyting va indekslardagi o‘rniga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi tomonidan har yili e'lon qilinadigan Inson taraqqiyoti indeksida (Human Development Index) O‘zbekistonning o‘rni so‘nggi yigirma yilda ijobiy tomonga o‘zgarmagan. Inson taraqqiyoti indeksining baholovchi ko‘rsatkichlaridan biri – insonning fundamental huquqlari, shu jumladan qiynoqning oldini olish bo‘yicha xalqaro shartnomalarning ratifikatsiya qilinishi va amal qilinishi holatini aks ettiradi.

«Respublikada jinoyat ishini yuritish chog‘ida ushlab turilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish jiddiy zaruratga aylangan, chunki jinoyat ishini yuritish chog‘ida ushlab turish jarayonida belgilangan muddatdan ortiqcha vaqt davomida ushlab turish, ushlab turish boshlangan vaqtni kechiktirib ko‘rsatish, g‘ayriqonuniy ravishda ushlab turish kabi holatlar kuzatilmoqda. Qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararning o‘rni qoplanishini ta'minlash hamda ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish ishlarini takomillashtirishni davrning o‘zi talab etmoqda.

Amaliyot tahlil qilinganda qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi va ularga ko‘rsatilgan yordam (ijtimoiy, huquqiy, psixologik) masalalari bo‘yicha aniq statistik ma'lumotlarni yuritish tizimi yo‘lga qo‘yilmaganligini ko‘rsatmoqda.

Qiynoqning barvaqt oldini olish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va boshqa mutasaddi organlarning faoliyatlarini o‘zaro muvofiqlashtirgan holda ushlab turilgan va qamoqqa olinganlar saqlanadigan joylarga muntazam ravishda monitoring tashriflarini amalga oshirishini yo‘lga qo‘yish zarurati yuzaga kelgan.

BMTning Qiynoqqa qarshi qo‘mitasi tomonidan 2020 yil 14 yanvarda bildirilgan O‘zbekistoning beshinchi davriy hisoboti bo‘yicha yakuniy e'tirozlarda qiynoqning oldini olish tizimini xalqaro-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqlashtirish, shuningdek qiynoqning barvaqt oldini olish, qiynoqqa doir murojaatlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish, qiynoqdan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha samarali huquqiy, institutsional mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha qator tavsiyalar berilgan. Ushbu tavsiyalarni hisobga olish zarurati qiynoqning oldini olish bo‘yicha milliy tizim samaradorligini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini takomillashtirishni taqozo etadi», deydi Svetlana Ortiqova.

Brifingda O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda qiynoqning oldini olish maqsadida vaqtincha saqlash, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalariga 3 mingdan ortiq audio hamda video yozuv uskunalari o‘rnatilgani, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida advokatlar uchun jihozlangan 69ta xona tashkil etilgani ma'lum qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: