Prezidentning yangi farmoni, «madaniyat bormagan» qishloqlar va san'at borasida o‘tmaslashgan did - vazir Ozodbek Nazarbekov bilan suhbat

O‘zbekiston 22:45 / 28.05.2020 22956

Ozodbek aka, sizga Madaniyat vaziri lavozimi topshirilganiga deyarli 4 oy bo‘ldi. Odatda, qaysidir lavozimni egallagan insonning faoliyatiga baho berish uchun 100 kun vaqt o‘tishi kutiladi. 100 kundan so‘ng uning natijalariga baho berish mumkin. Siz vazir sifatida lavozimga tayinlangandan so‘ng nimalarga ko‘proq e'tibor beryapsiz va nimalarni qilishga ulgurdingiz?

— Avvalo, madaniyat boshqaruv tizimida qariyb 3 yildan beri faoliyat yuritayotgan bo‘lsam, men biror ish qildim deb ayta olmayman. Sababi, dastlab, o‘rganishda bo‘ldim. Tizim muammolarini tahlil qilish, tushunish va muammolarni hal qilish samaradorligini oshirishga harakat qildim. Hech kimga sir emas, o‘tgan yillar mobaynida madaniyat ikkinchi darajali yoki undan ham quyiroqdagi tizim sifatida qarab kelingan. Bu davr mobaynida sohani qo‘ldan kelgancha o‘rgandim, lekin 3 yil buning uchun yetarli emas. San'at sohasida cuyagim qotgani uchun ham madaniyatga oid muammolar bilan tanish edim. Hozir mana shu muammolarni hal qilishga imkon qadar harakat qilyapman. O‘tgan davr sohani ichiga kirishim uchun tayyorgarlik bo‘ldi, desam ham bo‘ladi.

Sohada hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar ko‘p bo‘lsa-da, eng asosiylari yangi farmon bilan o‘z yechimini topishi kerak.

— Tushunishimcha, farmon bilan madaniyat sohasida kadrlar tayyorlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi OTM - Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa va san'at instituti tashkil qilinishi belgilangan. Kadrlar tayyorlansa, buning bilan birga uning sifatiga baho beradigan baxshishunos, maqomshunoslar ham tayyorlanadimi?

— Umuman olganda, ta'lim sohasidagi islohotlarda mana shu sohaga oid olimlarni yetishtirish maqsad qilib olingan. Sababi, ayniqsa, baxshichilik va maqom yo‘nalishlarida zo‘r ijrochilarga muhtoj emasmiz. Ular bugun bor. Iste'dodlar turli hududlarimizda mavjud. Biroq o‘tgan davr mobaynida ilm bilan hech kim shug‘ullanmadi- nazariya uzildi. Deylik, Yunus Rajabiy maqom san'atini notaga kiritib, maqom merosimizni qog‘ozga tushirgan maqom yo‘nalishidagi birinchi va oxirgi akademik bo‘lib qolgan.

Shundan so‘ng o‘tgan davr mobaynida birorta akademik bo‘lmagan, sohada sezilarli o‘zgarishlar qilinmagan va yaxshi o‘quv qo‘llanmalar chiqarilmagan. Hatto konservatoriyada maqom ijrochiligi fakultetida ustoz-shogirdlik an'anasi bo‘yicha ta'lim berilmoqda. Men buni qoralamoqchi emasman. Biroq xavotirli tomoni: agar shu yo‘nalishda biror ustoz qolmasa, demak, bu san'at o‘ldi degani. Chunki uning hujjati, pasporti yo‘q.

Ya'ni, masalan, jahon musiqasi yo‘nalishida bizda birorta mutaxassis qolmasa, metodikalardan foydalanib, o‘rganib, ishni qaytadan yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi. Biroq maqomchilik yo‘nalishida shunday holat bo‘lsa, bu yo‘nalish tugaydi. Shuning uchun maqomchilik, katta ashula kabi yo‘nalishlarda bilimi bor ustozlarni ilmga yo‘naltirib, ulardan kerakli narsani olib qolishimiz kerak.

Qisqacha aytganda, milliy an'anaviy yo‘nalishda ta'lim siyosatini tubdan isloh qilishga muhtoj edik. O‘tgan yili baxshichilik markazlari tashkil qilingandi, endi maqom markazlari ham ochilish rejalashtirilgan, ularda, asosan, ilm bilan shug‘ullaniladi. Markazlarda unutilib ketgan sozlar, topilmagan, tarjima qilinmagan musiqa asarlari, risolalar o‘rganiladi.

Masalan, Forobiyning ham musiqaga oid hali tarjima qilib o‘rganilmagan asarlari bor. Lekin, aslida, jahon musiqasi va milliy musiqamiz o‘rtasida ham katta tafovut bor.Jahon musiqasi andozalari milliy musiqamizga mos kelmaydi. Jahon musiqasi milliy musiqamizni tasvirlab bera olmaydi. Shuning uchun oldimizda milliy notalarimizni yaratish vazifasi ham turibdi. Bularning hammasi esa ilm bilan bog‘liq.

— Keyingi savol ham bevosita shu mavzuga aloqador. Bizda maqom yo‘nalishida nazariyachi mutaxassislar masalasi dolzarb hisoblanadi.

Mahmudjon Tojiboyev, Abror Zufarov, Munojot Yo‘lchiyeva kabi tajribali ustozlar bo‘lsa-da, ular ko‘proq amaliyotchi. Xo‘sh, yangi ochilayotgan institutda talabalarga nazariy bilimlarni kim beradi?

— Farmon loyihasini ishlab chiqish va undan keyingi jarayonlarda mutaxassislarni jalb qildik. Bundan tashqari, o‘tgan yili maqomchilik rivojlangan Buxoro, Xorazm, Farg‘ona va Toshkent kabi 4 ta hududda maqom maktab-internatlari tashkil etilgandi.

Rejamizga ko‘ra, o‘sha maktablarni bitirib kelgan bolalarni konservatoriya ta'limi qoniqtirmasligi kerak. Ular o‘sha maktablarda ko‘proq narsa o‘zlashtirishi va maqomchilikni o‘rganishi uchun kadr tayyorlashni maktab-internatlardan boshlamoqchimiz. Ehtimol, bu boshida 1-2 yil natija bermas, lekin bosqichma-bosqich samarasini ko‘rishimiz mumkin. Boshida ta'kidlaganimdek, yaxshi amaliyotchilarimiz ko‘p, endi yaxshi nazariyachilar, olimlarga ega bo‘lishimiz kerak. 

Shuning uchun 4 ta maktab-internatda maqomchilik ilmi, tarixi, notalar, aruz, g‘azallarni tushunishni mukammal o‘rgangan kadrlarni boshidan tayyorlab kelmoqchimiz. 

Agar konservatoriya haqida ma'lumot so‘ralsa, o‘rtacha 4-5 baholik ma'lumot berilaveradi. Masalan, fortepiano, akademik ijro yo‘nalishida yigit-qizlar katta-katta festivallarda laureat bo‘lib kelishmoqda. Ular ta'lim muassasasiga umumiy bahoni olib berishmoqda. Biroq konservatoriyada qaysidir bir soha chirimoqda, yo‘qolib boryapti. Umumiy planda esa “mana shuncha laureat bor” deya ko‘rsatiladi, biroq ichkarida rivojlanmay qolayotgan maqomchilik kabi yo‘nalishlar bor. Buning aybi ham yaxshi ijrochilar, maqomchilar bilan yopilib ketyapti. Lekin ular individual iste'dod egalari, oila tarbiyasi va meros qobiliyat bilan shu darajaga erishishgan, bunday shaxslarni konservatoriya tayyorlab beradi, deb ayta olmayman. Shuning uchun kamchiliklarni ko‘rsatmoqchi hammiz. Buning bilan ertagayoq konservatoriya yoki milliy maqomchilik instituti gullab-yashnaydi, deb aytolmayman, aksincha, xato va kamchiliklarimiz ko‘rinadi, uning qanaqa ahvolda ekanini olimlar ham, jamoatchilik ham ko‘rsin. Va bu bizga uni mukammallashtirish vazifasini yuklaydi. Agar umumiylik ichida milliy musiqamiz qolib ketaversa, unda uning qay ahvolda ekanini bila olmasdan o‘z-o‘zimizni aldab yuraveramiz. Agar boshqa musiqa yo‘nalishlaridan ajratib olsak, kamchiliklari yaqqol ko‘rinadi va ularni bartaraf etish uchun hamma imkon qadar yordamga shoshiladi.

— Chekka hududlarda madaniyat va dam olish markazlari juda achinarli ahvolda. Qo‘polroq tasvirlasak, bu yo‘nalishda odamlar odamdek yashamaydi. Farmonda shu yo‘nalishda ham rejalarni ko‘rdim. Xo‘sh, chekka-chekka hududlarga klublar, dam olish maskanlari qay darajada kirib boradi?

— Masalan, men tug‘ilib-o‘sgan Shahrixon tumanida 350 ming aholi yashaydi. Shu tumanda 3 ta madaniy markaz bor, ularning bittasi ishlaydi, bittasi bir ishlab-ishlamaydi. Bir so‘z bilan tumanda madaniyat yo‘q deb aytishim mumkin. 350 ming aholi 30 kilometr yo‘l bosib tuman markazidagi madaniyat markaziga kelmaydi. Bu achchiq haqiqat.

Lekin biz bir yilda hamma tumanlarda madaniyat markazlari qurib foydalanishga topshira olamizmi? Buni hal qila olmaymiz.

Shuning uchun davlat rahbari tomonidan ko‘chma avtoklublar tashkil etish haqida aytildi. Ularning ichida hamma sharoit, hatto grimxonagacha bo‘ladi. Ular hududlarga borib, madaniy xizmat ko‘rsatish vazifasini bajaradi. Bu tuman hududlarida madaniy markazlar qurib foydalanishga topshirilgunga qadar hozirgi birinchi yechim.

Bundan tashqari, bu avtoklublar topgan daromadni ular tegishli bo‘lgan madaniy markazlarda qoldirish, viloyat madaniyat boshqarmalarining ham topgan pullarini o‘zlarida qoldirish, pullik shartnoma asosida tadbirlar o‘tkazish vazifasi qo‘yilmoqda.

Bular bilan «tip»lardan voz kechilmoqda. Hozir madaniyat markazlarining 3 ta tipi bor. Shulardan voz kechib, madaniyat markazlarining arzon-qulay variantlari shakllantirilmoqda.

Biz Andijon viloyati misolida holatni o‘rgandik va bitta madaniyat markazi o‘rniga 3-4 mahalla gavjum yashaydigan hududlarga kichik-kichik madaniyat markazlarini qurish fikriga keldik. Masalan, ularda ham to‘garaklar tashkil qilish va boshqa eng kerakli sharoitlarni qilib berib, madaniy xizmatlarni yo‘lga qo‘yishimiz zarur.

Qishloqlarda hozir deyarli madaniy markazlar yo‘q. Faqat maktab, dala, mol-qo‘y. Shuning uchun bu masalani imkon qadar tez hal qilishimiz zarur. Va hozir bu yo‘nalishdagi yillik rejamizga ham o‘zgartirish kiritib, qurilishi mo‘ljallangan bitta kattaroq markaz o‘rniga nechta kichikroq markaz qurish mumkinligini hisoblab chiqyapmiz. Agar hammasini aniq belgilab olsak, keyin shunga qarab, tegishli tashkilotlar bilan kelishamiz. Buning bilan har bir viloyatga tushgan pullar sarfini o‘zgartirib, ko‘proq aholini qamrab olmoqchimiz.

— Madaniyatning turli tarmoqlari: adabiyot, til, san'at, din hammasi inson dunyoqarashini shakllantirishga xizmat qiladi. Lekin siz ham ta'kidladingiz, oxirgi paytlarda insonlar dunyoqarashi o‘tmaslashgandek va, afsuski, shuning ortidan til borasida yoki boshqa yo‘nalishlarda turli tahdidlarni ham sezyapmiz.

— Bu savol juda og‘riqli nuqtamiz haqida bo‘ldi. Shu nuqtai nazardan farmonda madaniyat va san'atning jamiyatimizga ta'sirini kuchaytirish haqida aytilgan. Bu esa biz madaniyatchilarga chaqiriq bo‘lyapti.

Birinchidan, madaniyatchilarni o‘zlarining harakatlari haqida o‘ylab ko‘rishga chaqiradi: biz jamiyatga qay tomondan ta'sir ko‘rsatyapmiz? Ijobiymi yoki salbiymi degan savol paydo bo‘ladi. Aslida, madaniyat sohasi vakilining jamiyatda qanday vazifalari bor edi? Biz nimalar qilishimiz kerak edi?

Masalan, ko‘chada yo‘l patrul xizmati xodimi odamlarga qo‘pol muomalada bo‘layotgan bo‘lsa, bunda bizning aybimiz yo‘qmikin? Bu haqida biror madaniyatchi o‘ylab ko‘ryaptimikin?

Yoki tilimizga tosh otilayotgan bir paytda jamiyatning jim turishi ham madaniyatchilarning aybi emasmikin?

Yoki umuman, madaniyat odamlar dunyoqarashida qanday aks etyapti? Faqat konsert, tomoshalarni anglatadigan bo‘lib qolganmi bu so‘z? Yoki boshqa ma'nolari bormi? Afsuski, madaniyat so‘zini odamlar juda yengil tushunadigan bo‘lib qolishgan. Bu borada madaniyatchilar mas'uliyat his qilishyaptimi? Jamiyatning madaniy saviyasi shakllanib, takomillashib bormas ekan, o‘zini yo‘qotuvchi jamiyatning birinchi alomati ham shu ekanligini anglayapmizmi? Chunki millatni millat qiluvchi narsalar ham madaniyatdan iborat. Agar odamning madaniyati bo‘lmasa, uning manqurtdan farqi qolmaydi. Biz esa buning oldini olish uchun jamiyatga qanchalik ta'sir o‘tkaza olyapmiz?

Demak, bugun tizimlar orasida, vazirliklar ichida Madaniyat vazirligi lokomotiv bo‘lishi shart.

Ayni paytda ayrim ota-onalar farzandi pasport olishi bilan Rossiyaga tog‘asining oldiga ishlagani boradi deb o‘ylashadi. Ularning orzulari shu darajada kichrayib qolgan. Bu sovet davrining bizga o‘tkazgan salbiy ta'sirining mevalari. Qishloqlarda  ota-onaning ham, farzandning ham eng katta orzusi Rossiyaga borib ishlab kelishdan iborat bo‘lib qolishi ommalashmoqda. Jamiyatning orzulari kichraygan.

Amir Temurni va bu orzularni solishtirib ko‘ring yoki Ibn Sino, Zahiriddin Muhammad Bobur, Al-Xorazmiyning qanday muqaddas orzulari bor edi-yu, hozir jamiyatning aksar qismida nega bunday kichik orzular shakllanyapti? Buni fojia deb atash mumkin. Uning sodir bo‘lishida esa bizning, madaniyatchilarning ham aybimiz bor, shuning uchun jamiyatni isloh qilish dardi, uni qila olyapmizmi yoki yo‘qmi degan dard bilan yashashimiz kerak.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

 

Ko‘proq yangiliklar: