O‘zbekistonda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bosqichma-bosqich oshiriladi

O‘zbekiston 07:30 / 28.05.2020 20115

Hujjat Prezidentning “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 17 iyundagi PF-5742-son Farmoni hamda “Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 9 oktyabrdagi PQ-4486-son qarorini amalga oshirish doirasida ishlab chiqilgan.

Hujjatda belgilanishicha, suvni yetkazib berish bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari bosqichma-bosqich oshiriladi, deb yozmoqda Norma.

Suv xo‘jaligi vazirligiga 2020 yil 15 iyungacha suvni yetkazib berish bo‘yicha xarajatlarni inobatga olgan holda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarining yangi miqdori yuzasidan takliflarni “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini shakllantirish uchun Moliya vazirligiga taqdim etish topshirildi.

Hujjat bilan suvdan foydalanuvchilar va suv iste'molchilari tomonidan suv resurslarini boshqarish, hisobga olish hamda iste'mol qilingan suv resurslarining hisobotini yuritish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda suv xo‘jaligi obektlarida suv resurslari hamda elektr energiyasidan foydalanishni onlayn rejimida nazorat qilish imkonini beruvchi raqamli texnologiyalar joriy etiladi. Ushbu maqsadlar uchun Davlat budjeti mablag‘lari ajratiladi, xorijiy investitsiyalar va grantlar jalb etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari Suv xo‘jaligi vazirligi hamda suv iste'molchilari uyushmalari bilan birgalikda 2023 yil 1 dekabrga qadar suv iste'molchilarining bosh suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan to‘liq jihozlashlari kerak. Shuningdek ular suvning hisob-kitobini o‘z vaqtida yuritish va suvdan foydalanishni tartibga solish uchun javobgar bo‘ladilar.

Tijorat banklariga suv iste'molchilariga suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash uchun kreditlar ajratish tavsiya etildi.

Hujjat 23.05.2020 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: