NASA fazogirlar bilan amalga oshiriladigan 9 yil ichidagi ilk parvozini qoldirdi 

Jahon 08:41 / 28.05.2020 2811

SpaceX kompaniyasining Crew Dragon fazoviy kemasining Xalqaro koinot stansiyasiga parvozi startga 17 daqiqa qolganda qoldirildi. Bu vaqtda kemani orbitaga yetkazadigan Falcon 9 raketasining birinchi pog‘onasi kerosin va kislorod bilan to‘ldirila boshlangan bo‘lgan.  

Avvalroq kosmodrom hududida kuchli shamol bo‘lishi e'lon qilingandi.

Ushbu parvoz fazogirlarning AQSh hududidan 2011 yildan beri amalga oshiriladigan ilk parvozi hisoblanadi. 

Crew Dragon’da XKS tomon amerikalik faxriy astronavtlar Daglas Xarli va Robert Benken yo‘l olishi kerak edi. 

Endi 30 may kuni kemani uchirishga yana bir bor urinib ko‘riladi. Agar bu urinish ham muvaffaqiyatsiz kelsa, 31 may kuni yana bir imkoniyat qoladi. 

Florida shtatidagi kosmodromga kema parvozi ortidan kuzatgani ataylab kelgan AQSh prezidenti Donald Tramp ortiga qaytib ketgan va keyingi urinishga ham kelishini ma'lum qilgan. 

Crew Dragon kemasi va Falcon 9 raketasi amerikalik tadbirkor Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Kema 2012 yildan beri XKSga NASA yuklarini yetkazishda qo‘llanuvchi Cargo Dragon yuk kemasining fazogirlar uchun mo‘ljallangan versiyasi hisoblanadi. U ishchi rejimda 2 nafardan 4 nafargacha fazogirni tashiy oladi. Alohida hollarda kemaga 7 nafargacha fazogir joylanishi mumkin.

AQShning avvalgi boshqariluvchi kemasi “Atlantis” shattli bo‘lib, u oxirgi marta XKSga 2011 yilda uchirilgan. O‘shandan beri NASA astronavtlarini XKSga katta haq evaziga Rossiyaning “Soyuz” kemalari yetkazib keladi.

Agar joriy parvoz muvaffaqiyatli kechsa, NASA Crew Dragon’ni XKSga muntazam parvozlar amalga oshirish uchun sertifikatlashi mumkin. Ta'kidlab o‘tish joiz, mart oyida ushbu kema fazogirlarsiz koinot stansiyasiga borib-qaytgandi. 

SpaceX kompaniyasi kelgusida Crew Dragon’dan sayyohlarni orbitaga yetkazishda foydalanmoqchi. 

Ko‘proq yangiliklar: