MDH hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tadi. U Abdulla Aripov raisligida o‘tadi

O‘zbekiston 12:55 / 28.05.2020 4358

2020 yil 29 may kuni O‘zbekiston Respublikasi raisligi doirasida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlari Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tadi.

TIV xabariga ko‘ra. majlis O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida o‘tadi. Tadbirda Ozarboyjon bosh vaziri Ali Asadov, Belarus bosh vaziri Sergey Rumas, Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin, Moldova bosh vaziri Ion Kik, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin, Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Armaniston bosh vaziri o‘rinbosari Mger Grigoryan, Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Erkin Asrandiyev, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etishi kutilmoqda.

Hukumat rahbarlari kengashi majlisi kun tartibiga Hamdo‘stlik ishtirokchi davlatlarining turli jabhalardagi hamkorligiga oid 15 ta masala kiritilgan.

Muzokaralar chog‘ida iqtisodiy, transport-logistika, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashiniladi hamda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi birgalikdagi sa'y-harakatlar muhokama qilinadi, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: