Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimi takomillashtiriladi - Prezident qarori loyihasi

O‘zbekiston 11:33 / 28.05.2020 2666

Prezidentning “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi hududida:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 15 sentyabrdagi PQ-3277-son qaroriga muvofiq – “O‘zmetkombinat” AJ O‘zbekiston Respublikasi hududida qora metall parchalari va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) bo‘yicha yagona vakolatli organ hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Rangli metall parchalari va chiqindilarini to‘plash, topshirish hamda qayta ishlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 18 oktyabrdagi 849-son qaroriga muvofiq – rangli metall parchalari va chiqindilarini tayyorlashni faqat “O‘zikkilamchiranglimetall” AJ amalga oshiradi.

Belgilanishicha:

O‘zbekiston Respublikasi hududida ikkilamchi xomashyoni tayyorlash (metall parchalari va chiqindilarini sotib olishdan tashqari) faqat maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan, ularga xizmat ko‘rsatish uchun belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan biriktirib berilgan hudud doirasida amalga oshiriladi;

maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar uchun foyda solig‘i stavkasini bo‘shayotgan mablag‘larni ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga maqsadli yo‘naltirish sharti bilan 50 foiziga kamaytiriladi;

maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlarini tashkil qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida sotib olinadigan maxsus texnikalar, texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar uchun tijorat banklari tomonidan (milliy valutada) ajratiladigan kreditlar Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi imtiyozli foiz stavkalarida beriladi. Bunda ajratiladigan kreditlar muddati 10 yil va asosiy qarz bo‘yicha imtiyozli davr kamida 2 yil etib belgilanadi;

maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan milliy valutada beriladigan kreditlar bo‘yicha 8 foizli punkt miqdorida foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya berish mexanizmi joriy etiladi.

Ikkilamchi xomashyoni tayyorlash, shuningdek, qabul qilish shoxobchalarini tashkillashtirish va foydalanish qoidalari tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ikkilamchi xomashyoni tayyorlash, realizatsiya qilish va tashish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatga chek qo‘yish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Ichki ishlar vazirligi va Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchalariga kirish yo‘li yoki ularga tutash hududlarda transport vositalarining to‘xtab turishini taqiqlovchi yo‘l belgilarining belgilangan tartibda o‘rnatilishini ta'minlaydi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlarni tashkil etish uchun davlat mulki hisoblangan transport vositalarini bo‘lib to‘lash tartibida sotib olish sharti bilan istisno tariqasida xususiy sherikka berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Bunda, davlat mulkini sotishdan kelib tushgan mablag‘lar Davlat ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Sanitar tozalash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar respublika birlashmasining maxsus bank hisob raqamida jamlanadi va xususiy sherikka o‘tkazib berilgan davlat mulki o‘rnini tiklashga (transport vositalari sotib olishga) yo‘naltiriladi.   

Davlat ekologiya qo‘mitasi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlarni tashkil etish uchun hududlarni berish imkoniyatini o‘rganib chiqadi;

mazkur sohada davlat-xususiy sheriklikni bosqichma-bosqich joriy etilishini ta'minlaydi.

b) ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:

chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima sanksiyalari miqdorini oshirish;

huquqbuzarlikni sodir etish qurollari va ashyolarini musodara qilish chorasini kiritishni nazarda tutib, fuqarolar va mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish;

ikkilamchi xomashyoni tayyorlash va tashish, shuningdek, qabul qilish shoxobchalarini tashkillashtirish va foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni belgilash;

chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketilishini, shuningdek, joylashtirilishini o‘z kuchi bilan yoki ushbu xizmatlardan foydalanish uchun ixtisoslashgan tashkilotlar bilan belgilangan tartibda shartnoma tuzish orqali tashkillashtirmaganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlikni belgilash;

v) tadbirkorlik sub'yektlari va aholi o‘rtasida ikkilamchi xomashyoni tayyorlash, qabul qilish shoxobchalarini tashkillashtirish va foydalanish qoidalari, shuningdek, ikkilamchi xomashyoni noqonuniy tayyorlash uchun javobgarlik choralari haqida profilaktika ishlarini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytiradi;

g) Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va me'yoriy hujjatlar ishlab chiqishga yo‘naltirilgan bo‘linma, shuningdek, Sanitar tozalash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar respublika birlashmasida Davlat-xususiy sheriklikni joriy etish bo‘limi tashkil etilishini hamda malakali soha mutaxassislari bilan to‘ldirilishini ta'minlaydi.

Tuman va shahar hududlarini tadbirkorlik sub'yektlariga biriktirish, o‘rnatilgan tartibda tuzilgan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarga muvofiq, tadbirkorlik sub'yekti – xususiy sherik murojaat qilganidan so‘ng 10 ish kunidan kechikmay mahalliy davlat hokimiyati organlarining tegishli qarorlari bilan amalga oshiriladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy tajribani hisobga olgan holda muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini yagona elektr energetika tizimiga yetkazib berishda hisob-kitob qilish uchun “yashil” tarif tizimini joriy etish tartibi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda:

bir oy muddatda qurilish chiqindi poligonlarini tashkil etish uchun belgilangan tartibda yer maydonlari ajratilishini;

uch oy muddatda ajratilgan yer maydonlarida qurilish chiqindi poligonlarining qurilish xarajatlarini mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish, loyihalashtirish hamda qurish chora-tadbirlarini ko‘radi.

Shunday tartib joriy qilinadiki, unga muvofiq:

ko‘p kvartirali turar joy sektorlarini qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari parametrlarida ushbu obektlar hududida chiqindilarni to‘plash shoxobchalarini tashkil etish bo‘yicha tadbirlar majburiy tartibda nazarda tutiladi;

yangi qurilgan ko‘p kvartirali turar joy sektorlari hududida chiqindilarni to‘plash shoxobchalarini tashkil etmay turib foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi;

qurilish obektlarini foydalanishga qabul qilish dalolatnomalari loyihalari Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy organlari bilan kelishiladi. Bunda mazkur qurilish obektida hosil bo‘lgan chiqindilarini ekologik normativ hujjat talablariga muvofiq olib chiqib ketilganligi, utilizatsiya qilinganligi, ko‘milganligi yoki realizatsiya qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjud emasligi dalolatnoma loyihasini tayyorlash yoki kelishishni rad etish uchun asos bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda barcha budjet tashkilotlarining 2020 yilga tasdiqlangan xarajatlar smetalarini qayta ko‘rib chiqish hamda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha kommunal xizmatlarni to‘lash va chiqindi konteynerlari xarid qilish uchun budjet mablag‘lari ajratilishini ta'minlash choralarini ko‘radi;

2021 yildan boshlab har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlari parametrlarini shakllantirishda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha kommunal to‘lovlar uchun zarur mablag‘larni moliyalashtirish uchun mablag‘larni nazarda tutadi.

Ko‘proq yangiliklar: