Ikki karra tarixiy voqea: SpaceX ilk bor fazogirlarni orbitaga olib chiqadi

Jahon 00:53 / 28.05.2020 5023

Bu ikki karra tarixiy voqea hisoblanadi, chunki SpaceX ilk bor o‘z kemasida odamlarni fazoga jo‘natadi va 2011 yildan beri birinchi marta XKSga fazogirlarni Rossiyaning “Soyuz” kemasi yetkazmaydi. Ushbu tarixiy parvozning barcha jarayonlari jonli efirda namoyish qilinadi. Parvoz translatsiyasini NASA va SpaceX’ning YouTube’dagi kanallarida ko‘rish mumkin bo‘ladi.

XKSga faxriy astronavtlar Robert Benken va Duglas Xerli yetkaziladi. Ular kemaning odamlarni orbitaga yetkazishga tayyorligini baholashlari kerak bo‘ladi. Xerli Crew Dragon’ning avtonom parvozi ortidan kuzatadi, Benken esa kemaning XKS bilan avtomatik tutashishi va ajralishi jarayonini nazorat qiladi. Shuningdek, tutashishning dastaki rejimi haq ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, fazogirlar SpaceX ishlab chiqqan yangi qutqaruv skafandrlarining qulayligi va funksionalligini amaliyotda tekshirishlariga to‘g‘ri keladi. 

Agar parvoz ob-havo sababli belgilangan vaqtda amalga oshmay qolsa, unda uni 30 may va 31 may kuni amalga oshirish imkoni bo‘ladi.

Foto: Twitter /elonmusk

Parvozda qo‘llanuvchi kema ham, raketaning birinchi pog‘onasi ham yangi bo‘lib, ko‘p marotaba qo‘llanishga mo‘ljallangan. Raketaning birinchi pog‘onasi o‘z vazifasini bajargach Atlantika okeanidagi barjaga qo‘nishi kerak bo‘ladi. Crew Dragon kemasining XKS bilan tutashishi Toshkent vaqti bilan 28 may soat 20:29ga belgilangan.

Ta'kidlanishicha, parvozni kuzatish uchun start maydonchasiga AQSh prezidenti Donald Trampning shaxsan o‘zi tashrif buyuradi.

Ta'kidlash joiz, astronavtlar parvozga yo‘l olishdan oldin o‘z oila a'zolari bilan karantin qoidalariga amal qilgan holda, masofadan turib bir-birlarini quchoqlagandek qilib xayrlashishgan.

Foto: Joe Raedle / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA

Astronavtlar hozirda XKSda faoliyat olib borayotgan amerikalik astronavt Kristofer Kessidi hamda rossiyalik fazogirlar Anatoliy Ivanishin va Ivan Vagnerga qo‘shiladilar. 

Ta'kidlash joiz, Xerli 2011 yilda Space Shuttle dasturining so‘nggi missiyasida “Atlantis” shattli uchuvchisi bo‘lgan, Benken esa 2008 va 2010 yillardagi missiyalarda parvoz bo‘yicha mutaxassis sifatida ishtirok etgan. U 6 marta ochiq koinotga chiqish tajribasiga ega.

Fazogirlar XKSda 30 kudan 119 kungacha qolishlari mumkin. NASA bu boradagi yakuniy qarorni kema XKSga tutashgandan keyingina qabul qiladi. Xerli va Benken koinot stansiyasidagi missiyalarini bajargach, qaytariladigan yuk bilan Yerga qaytishadi. Ular parashyutlar yordamida Florida yaqinida Atlantika okeanida qo‘nishadi, shundan keyin ularni Go Navigator qutqaruv kemasi o‘z bortiga oladi.

Duglas Xerli va Robert Benken
Foto: Kim Shiflett / NASA

Crew Dragon’ning fazogirsiz ilk parvozi 2019 yil 2 martda amalga oshirilgan. U missiya doirasida XKSga ekipajsiz yetib borib, avtomatik ravishda u bilan tutashgan va ajralib, Yerga qaytgan. Biroq 1,5 oydan keyin favqulodda qutqaruv tizimi sinovi vaqtida portlab ketgan. Natijada muhandislar portlashga sabab bo‘lgan detalni boshqa turdagisi bilan almashtirishgan.

SpaceX kelgusida Crew Dragon’ni nafaqat XKSga ekipajlar yetkazishda, balki fazoga turistik parvozlarni amalga oshirishda qo‘llamoqchi. Xususan, kompaniya 2021 yilda 2 ta bunday missiyani amalga oshirmoqchiligini e'lon qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: