Hukumat ichki ishlar organlariga aloqador yangi qaror qabul qiladi

O‘zbekiston 12:29 / 28.05.2020 16820

Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari axborot xizmatlari faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining:

Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi (IIV Axborot xizmati), Vazirlikning tarkibiy va hududiy bo‘linmalaridagi mavjud axborot xizmatlari, multimedia markazlari, matbuot va media guruhlari hamda birlashgan tahririyati yagona “O‘zbekiston Respublikasi IIV Axborot xizmati” (IIO axborot xizmatlari) sifatida faoliyat yuritish;

“Postda-Na postu” gazetasi va “Qalqon-SHCHit” jurnali birlashgan tahririyati” davlat unitar korxonasi negizida IIV Axborot xizmati tarkibiga kiruvchi davlat unitar korxonasi shaklidagi “O‘zbekiston Respublikasi IIV Mass-media birlashgan tahririyati” (IIV Mass-media)ni tashkil etish;

IIV Mass-media tarkibida “IIV Axborotnomasi-Vestnik MVD-Bulletin of the MIA” ilmiy-amaliy jurnali, “Xalq xizmatida” radio kanali hamda “Qalqon” kinostudiyasi tahririyatlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

Quyidagilar IIO axborot xizmatlarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

IIO faoliyati hamda jinoyatchilikning ahvoli haqida ommaviy axborot vositalari (OAV), ijtimoiy tarmoqlar, IIOning rasmiy veb-saytlari, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan, matbuot anjumanlar, brifinglar, mediaturlar tashkil etish yo‘li bilan aholiga muntazam, to‘liq va tezkor ravishda axborot taqdim etib borish;

media makoni monitoringini olib borish va tahlil qilish, tanqidiy va keng muhokama qilinayotgan axborot xurujlariga tezkor munosabat bildirish, OAV va Internet tarmog‘ida IIO faoliyatiga aloqador axborotlarni keng jamoatchilikka tarqatish va yetkazish ishlarni tashkil qilish;

mahalliy va xorijiy OAV orqali tarqatish uchun xabar, ma'lumot va boshqa axborot-tahliliy materiallar tayyorlash;

IIOning ijobiy imijini shakllantirish va ilgari surish, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, IIOning faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik fikrini, milliy va xorijiy OAV pozitsiyasini o‘rganish, dolzarb takliflar ishlab chiqish va ular to‘g‘risida IIO rahbariyatiga axborot berib borish;

IIOning vakolatiga kiruvchi normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari hamda ularning tasdiqlangan matnlarini belgilangan tartibda IIVning rasmiy veb-saytlarida joylashtirish;

IIOning faoliyatiga aloqador matnli, foto-, audio- va videomateriallardan iborat ma'lumotlar bazasini shakllantirish va yangilab borish;

IIO tizimdagi muammolar tadqiqotiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy mazmundagi maqolalarini muntazam ravishda chop etib borish;

IIO tizimida olib borilayotgan islohotlar, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyatni hamda jamoatchilik o‘rtasida keng huquqiy targ‘ibotga qaratilgan radio eshittirishlar-, kino-, hujjatli- va multiplikatsion mahsulotlar tayyorlash.

Belgilab qo‘yilishicha:

IIV Mass-media tashkil etilishi va ish faoliyatini yo‘lga qo‘yishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston elektron Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ko‘maklashadi;

IIV Axborot xizmati rahbari – bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi hisoblanib, axborot siyosati masalalari bo‘yicha rahbarning maslahatchisi maqomiga ega bo‘ladi hamda mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra Vazir o‘rinbosariga, xuddi shuningdek IIVning tarkibiy va hududiy bo‘linmalaridagi axborot xizmatlarining rahbarlari tegishliligicha ichki ishlar organlari boshlig‘i o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

IIV Axborot xizmati IIVning tarkibiy va hududiy bo‘linmalaridagi mavjud barcha axborot xizmatlarini yagona muvofiqlashtiruvchi xizmat sifatida faoliyatini yuritadi;

IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyat ichki ishlar boshqarmalari boshliqlariga IIO axborot xizmatlari faoliyati uchun zarur bo‘lgan tor sohadagi mutaxassislar (muxbir, operator, videomontajchi, IT-mutaxassis, muharrir va boshqalar)ni mehnat bozorining amaldagi kon'yukturasini hisobga olib, to‘lov miqdorini belgilash orqali shartnoma asosida ishga jalb etish huquqi beriladi;

IIV Axborot xizmati va uning tarkibiy tuzilmalari idoraviy hujjatlarda IIO axborot xizmatlari deb nomlanadi.

IIV Axborot xizmatini qo‘llab-quvvatlash, faoliyatini rivojlantirish hamda xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida “IIO axborot xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash fondi” tashkil etilsin hamda “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining mass-media birlashgan tahririyati” davlat unitar korxonasi tomonidan topilgan mablag‘ning 30 foiz miqdoridagi tushumi hisobidan shakllantiriladi.

Ichki ishlar vazirligi:

IIO axborot xizmatlarining kuch va vositalarini muvofiqlashtirish va boshqarishning samarali mexanizmini joriy etish maqsadida mavjud shtatlar taqsimoti qaytadan ko‘rib chiqiladi;

mazkur qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun IIV Axborot xizmatida ko‘chma media-studiya faoliyati yo‘lga qo‘yilib, zamonaviy moddiy-texnika bilan ta'minlanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan chet el safariga chiquvchi delegatsiyalar tarkibida doimiy ravishda IIO axborot xizmatlari xodimlarining ishtirokini ta'minlash orqali, respublika OAVda tashrif natijalarini keng qamrovli va obektiv yoritib borilishi yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga IIO axborot xizmatlarining faoliyati doirasida foto va video materiallar tayyorlash uchun videoregistratorli uchuvchisiz uchish apparatlari va uning ehtiyot qismlarini xarid qilish, olib kirish va respublika hududida foydalanishga ruxsat beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: