Aholi punktlarining sanitariya holatini lozim darajada shakllantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolar aytildi

O‘zbekiston 12:21 / 28.05.2020 2586

Prezidentning “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, respublika iqtisodiyoti sohalarining xo‘jalik faoliyati jarayonida va aholining hayot faoliyati davomida hosil bo‘luvchi qattiq maishiy chiqindi hamda qurilish chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini o‘rganishlar bugungi kunda aholi punktlarining sanitariya holatini lozim darajada shakllantirilishiga to‘siq bo‘layotgan ayrim tizimli muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda.

Xususan:

birinchidan, amaldagi ikkilamchi xomashyoni tayyorlash va qayta ishlash bo‘yicha xizmatlar bozori tartibga solinmagan bo‘lib, asosan faqatgina yuqori likvidli ikkilamchi xomashyoni qamrab oladi va zamonaviy talablarga javob bermaydi, natijada esa mazkur sohadagi xufiyona aylanma darajasining ortishi “yashirin iqtisodiyot”ning shakllanishiga olib kelmoqda;

ikkinchidan, respublika miqyosida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish ishlari natijasida hosil bo‘ladigan qurilish chiqindilarini joylashtirish va utilizatsiya qilish borasida zarur choralar ko‘rilmayapti;

uchinchidan, maishiy chiqindi poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish kabi muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantiruvchi zamonaviy yondashuv mavjud emas;

to‘rtinchidan, respublika bo‘yicha budjet tashkilotlarini moliyalashtirishda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha kommunal to‘lovlarni moliyalashtirishda muammolar saqlanib qolmoqda, bu esa budjet tashkilotlariga bu borada ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha debitor qarzdorliklarning ortib borishiga sabab bo‘lmoqda;

beshinchidan, ushbu sohaning ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligi, inson salomatligi va epidemiologik vaziyatlarga ta'sir qilishi inobatga olinmaganligi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni amalga oshiruvchi mahalliy investorlar uchun imtiyoz va preferensiyalarning yetarli emasligi ushbu sohada qulay investitsiya muhitini yaratish va uni jozibadorligini oshirishda salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda;

oltinchidan, sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar, jumladan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun javobgarlikka tortilmaslik hissining paydo bo‘lishiga olib kelayotgan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklarga chora ko‘rish va ularning oqibatlarini bartaraf etish tizimi yetarli samara bermayapti.

Ko‘proq yangiliklar: