Turizmni tiklash: 1-bosqichda «yashil» hududlararo ichki turizmga ruxsat beriladi

O‘zbekiston 22:53 / 27.05.2020 35282

Koronavirus pandemiyasi turizm sohasiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi, deb yozadi prezident matbuot xizmati. Jahon turizm tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yil yakunlari bo‘yicha xalqaro sayohatlar 89 foizga, ish o‘rinlari 74 milliontaga qisqarishi, sohadagi jami yo‘qotishlar 800 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Ma'lumki, joriy yil 16 martdan mamlakatimiz tashqi va ichki turistlar uchun yopilgan edi. Oqibatda 1,5 mingdan ortiq turoperator, 1,2 mingta mehmonxona o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Bu – gidlar, milliy hunarmandchilik, ziyoratgoh va sihatgohlar, umumiy ovqatlanish, transport va boshqalar bilan qo‘shib hisoblaganda 250 mingdan ortiq aholi daromadiga jiddiy ta'sir qildi.

Pandemiyaning oqibatlarini yumshatish maqsadida bu sohaga ham qator yengilliklar berildi. Jumladan, 1 750 ta sub'yektga mol-mulk, yer va ijtimoiy soliqlardan 60 milliard so‘mga yaqin imtiyoz taqdim etildi. Lekin bu imtiyoz va preferensiyalar vaqtinchalik. Doimiy barqaror rivojlanish uchun esa pandemiya sharoitida ishlashga o‘rganish zarur.

Shu bois bu boradagi xorijiy tajriba o‘rganildi. Xususan, «Uzbekistan. Safe travel guaranteed» («O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan») brendi ostida turistlar uchun sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi ishlab chiqildi.

27 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga ushbu loyiha taqdimot qilindi. Shuningdek, davlat rahbari mamlakatda ichki turizmni tiklash va rivojlantirish borasidagi rejalar bilan tanishdi.

Prezident birinchi bosqichda «yashil» hududlar o‘rtasida ichki turizmga ruxsat berish zarurligini ta'kidladi.

Tog‘li joylar va ko‘l bo‘ylarida yengil konstruksiyali dam olish maskanlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Hokimlar bilan birgalikda ko‘chma dam olish maskanlari dislokatsiyasi tasdiqlanib, elektron portalga joylashtiriladi.

Ikkinchi bosqichda koronavirus kasalligi jilovlangan davlatlar ro‘yxatini shakllantirib, ular bilan turizm aloqalarini bosqichma-bosqich tiklash kerakligi ta'kidlandi.

«Turizm faoliyatini qayta tiklash uchun, eng avvalo, mehmonxonalar qanday ishlaydi, turistlar aeroportda qanday qabul qilinadi, ularning mamlakat ichida harakatlanishi qanday tashkil etiladi, degan savollarga aniq javob bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Belgilanadigan me'yorlar sodda, lekin kasallikning oldini olish uchun yetarli bo‘lishi lozim. Misol uchun, bitta holat aniqlansa, butun mehmonxonani karantinga olishga zarurat bo‘lmaydigan tizim ishlab chiqish zarur».

Turizm yo‘nalishida tadbirkorlar ko‘rgan zararni yaqin 1-2 yil ichida to‘liq qoplash qiyin. Shu bois Mirziyoyev bu sohaga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish lozimligini ta'kidladi.

Xususan, turistik yig‘imlardan ozod qilish bo‘yicha avval berilgan imtiyoz yil yakuniga qadar uzaytiriladi.

Shuningdek, soha korxonalari foyda solig‘ini hisoblashda 2020-2021 yildagi ko‘rgan zararlarini keyingi yillar foydasidan chegirib tashlashga ruxsat beriladi.

Mehmonxonalarga ko‘rsatgan xizmatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.

Bundan tashqari, ularga aylanma mablag‘ uchun kredit foiz to‘lovlarining 10 foizigacha bo‘lgan qismiga subsidiya beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: