Pentagon Moskvani Liviyaga qiruvchi samolyot kiritishda aybladi. Rossiyada buni «alahsirash» deb atashdi

Jahon 14:14 / 27.05.2020 28033
Foto: AFRICOM

AQSh harbiylarining fikricha, bu samolyotlar mashhur «Vagner» harbiy guruhini qo‘llab-quvvatlash uchun yuborilgan. Amerikaliklar bu guruh Tripolidagi qonuniy hukumatga qarshi jang qilayotgan general Xalifa Haftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasi tomonida turib jang qilayotganiga ishonadi. Rossiya tomoni esa tabiiyki buni rad etmoqda.

«Rossiya uzoq vaqt Liviyadagi janglarda qatnashayotganini rad etib keladi. Endi bunga shubha yo‘q. Biz Rossiya Liviyaga to‘rtinchi avlod qiruvchilarini yuborganini ko‘rdik, ularning har bir qadamini kuzatib turdik. Na Liviya milliy armiyasi va na qandaydir xususiy harbiy kompaniyalar bunday samolyotlarga davlatning yordamisiz ega bo‘la oladi. Ular Rossiya tomonidan yuborilgan», deb AQShning Afrikadagi harbiy kuchlari qo‘mondoni Stiven Taunsendning so‘zlari keltirilgan bayonotda. Tvitterdagi postda Rossiya Liviyaga yuborgani aytilayotgan qiruvchi samolyotlarning suratlari ham e'lon qilingan.

Rossiyaning munosabati

Rossiya davlat Dumasida AQSh harbiylarining bayonotlariga munosabat bildirildi. «Interfaks» bilan suhbatda Dumaning mudofaa qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Andrey Krasov amerikaliklarning gaplari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgan.

«Bu amerikaliklarning navbatdagi alahsirashi. Tabiiyki bu yolg‘on va amerikaliklarning doimiy uydirmalaridan biri. Rossiyaning pozitsiyasi ma'lum: biz qon to‘kilishiga qarshimiz. Barcha tomonlarni qurol ishlatishdan qaytarib muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqiramiz», degan Krasov. Rossiya mudofaa vazirligi Africom bayonotiga rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.

«Vagner» Liviyada

Rossiya Liviyadagi janglarda ishtirok etayotganini, shuningdek, «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi zobitlarini yollab Liviyaga yuborayotganini ham rad etib keladi. May oyi boshida rossiyalik «Vagner» yollanma zobitlari Liviyada jang qilayotgani BMT tomonidan tasdiqlandi.

Ko‘plab nashrlarda BMTning Liviyaga sanksiyalari ko‘rsatilgan 57 sahifadan iborat hujjat e'lon qilindi. Unda xususan Haftar armiyasi safida 1 200 nafar rossiyalik yollanma askar jang qilayotgani aytilgan. OAVga «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari Liviyada jang qilayotgani haqida anchadan beri yoziladi. Xususan, «Vagner» jangchilari 2018 yil VVS`ga Liviyadagi harakatlari haqida gapirib berishgan, ammo unda hali BMT bu faktni rasman tan olmagandi.

Liviya hukumat kuchlari ofitseri MiG-23 qiruvchi samolyoti oldida

BMT rasman Liviya hukumati deb tan olgan mamlakat milliy kelishuv hukumati 18 may kuni Haftar armiyasida MiG-23 qiruvchi samolyoti borligini isbotlovchi suratlarni e'lon qilgandi. MiG-23 allaqachon Rossiya harbiylari tomonidan foydalanishdan chiqarilgan. Milliy kelishuv hukumati dushanba kuni Liviya jang maydonlarini 1 500 nafar rossiyalik yollanma jangchilar tark etganini ma'lum qildi. Ularning qayerga ketgani esa ma'lum emas.

Ko‘proq yangiliklar: