O‘zbekistonda yangi orden va medal ta'sis etildi

O‘zbekiston 10:30 / 27.05.2020 29533

Prezident «Salomatlik» ordenini ta'sis etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 5 mayda qabul qilingan, Senat tomonidan 2020 yil 11 mayda ma'qullangan.

«Salomatlik» ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholi salomatligini yaxshilash hamda ushbu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanadi.

«Salomatlik» ordeni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.

«Salomatlik» ordeni ikki darajadan iborat bo‘ladi:

I darajali «Salomatlik» ordeni;

II darajali «Salomatlik» ordeni.

Ordenning oliy darajasi I darajadir. Mukofotlash, qoida tariqasida, quyidagi tartibda: avval II darajali orden, oradan kamida uch yil o‘tganidan keyin I darajali orden bilan taqdirlash tarzida amalga oshiriladi.

Shuningdek, davlat rahbari «Sog‘lom turmush» medalini ta'sis etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 5 mayda qabul qilingan, Senat tomonidan 2020 yil 11 mayda ma'qullangan.

«Sog‘lom turmush» medali bilan:

aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ortiqcha vazn va semizlikni bartaraf etish, zararli odatlarning oldini olish, sog‘lom ovqatlanish va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni keng targ‘ib qilishga qo‘shgan katta hissasi uchun – sog‘liqni saqlash muassasalari shifokorlari, shu jumladan diyetologlar, jismoniy tarbiya instruktorlari, sog‘liqni saqlash masalalarini va sog‘lom turmush tarzini yorituvchi ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar;

jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanish va uni kundalik turmush tarziga aylantirish, sog‘lom hayot tarziga qat'iy amal qilish borasida jamoatchilikka shaxsiy namuna bo‘layotgani uchun – fuqarolar, namunali oilalar va sportchilar;

ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tizimli tashkil qilish orqali uni umummilliy harakatga aylantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun – barcha darajadagi tashkilot va idoralar rahbarlari;

o‘sib kelayotgan avlod o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, uni jismoniy hamda intellektual jihatdan kamol toptirish, ruhiy barkamollikka yetkazish, qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun –sport maktablari, umumta'lim maktablari va maktabgacha ta'lim muassasalarining rahbarlari, sport trenerlari, jismoniy tarbiya va sport sohasining boshqa mutaxassislari; 

sport musobaqalari orqali yoshlarda iroda, matonat, o‘z kuchi 
va imkoniyatlariga ishonch fazilatlarini mustahkamlash, ularda vatanparvarlik, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirish  borasidagi ulkan xizmatlari uchun – mudofaa tizimi vakillari, yuqori natijalarga erishgan sportchilar va ularning trenerlari, hakamlar va sport tashkilotlarining vakillari;

jismoniy tarbiya va sportni respublikamizda yanada rivojlantirish va ommalashtirish, sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini yuqori saviyada tashkillashtirish, sportchilarning o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari va xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini ta'minlashga qo‘shgan hissasi uchun – barcha darajadagi hokimlar va ularning o‘rinbosarlari, jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari rahbarlari, homiylar, sport federatsiya (uyushma)lariga biriktirilgan korxona va tashkilotlar rahbarlari mukofotlanadilar.

Ko‘proq yangiliklar: