Koronavirus ofislar davriga nuqta qo‘ydimi? Uydan ishlaganda nimalarni yo‘qotamiz va nimalarga erishamiz?

Jahon 17:31 / 27.05.2020 13836

"Yetti ming kishini bitta bino ichiga joylashtirish g‘oyasi o‘tmishda qolib ketishi mumkin", deydi Barclays banki bosh direktori. Morgan Stanley boshlig‘i uning banki ortiqcha ko‘chmas mulkdan xalos bo‘lishga tayyorligini ma'lum qildi. Britaniyalik biznesmen Martin Sorell esa qimmat ofislarga sarflayotgan 35 million funt sterlingni ishchilarga sarflagan ma'qulligini aytmoqda.

Ofisda kun o‘tkazishlar yakuniga yetmoqda, deydi "Mehnat quvonchi" (The Joy of Work) kitobi muallifi Bryus Deysli. "Afsuski, bizda bu borada samimiy his-tuyg‘ular paydo bo‘lishi mumkin, ammo menimcha, bugungi ofis tushunchasi o‘tmishda qoladi", dedi Deysli BBC Radio 4ga bergan intervyusida.

"Shu kunlarda yetakchi OAV xodimlaridan biri bilan gaplashdim, - deydi ekspert. – Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari idoraga har kuni 1400 kishi ishlagani kelardi. So‘nggi ikki oy ichida bu raqam 30 kishiga tushib ketdi, ammo bu natijaga ta'sir qilmadi".

Katta ofislar o‘tmishda qolishi mumkin

 Biroq, Jon Kass nomidagi London biznes maktabi professori Andre Spaycer ofislar bilan xayrlashish hali erta deb hisoblaydi.

Foto: Getty Images

 U ofislarda ish vaqtining keskin qisqarishini bashorat qilmoqda, ammo ofisdagi mehnat yo‘qolib ketmasligiga ishonadi. Uning fikriga ko‘ra, masofadan ishlaydigan xodimlar kamroq ko‘tariladi - ular ko‘p ham sezilmaydi. Va yaqinlashib kelayotgan tanazzulni hisobga olgan holda, ko‘pchilik rahbariyat ko‘z oldida bo‘lishni xohlaydi.

 "Iqtisodiy inqiroz paytida odamlar ayniqsa o‘ylashga moyil: ish joyida bo‘lish kerak, xo‘jayin meni doim ko‘rib turishi kerak", deydi Spaycer. Uning qo‘shimcha qilishicha, top-menejyerlar doimiy ravishda ofisda ishlaydi, oddiy xodimlar esa rahbariyat bilan ko‘rishish uchun haftada bir yoki ikki marta paydo bo‘ladi.

Twitter allaqachon shunga o‘xshash model bilan tajriba o‘tkazmoqda - korporatsiya barcha ishchilarga muddatsiz ravishda masofadan ishlashga ruxsat berdi, ammo ofislarni ochiq qoldirdi.

Uyda ishlash yangilik emas. So‘nggi o‘n yilliklarda tobora ko‘proq kompaniyalar ishchilarni masofadan ishlashga o‘tkazish yoki ofislar o‘rniga arzonroq joylarni ijaraga olish orqali mablag‘larini tejamoqda. "Menimcha, tejamkorlik - muhim rag‘bat, - deydi professor Spaycer. - Ko‘plab kompaniyalar ijaraga ko‘p pul sarflayapmiz, ko‘proq uydan ishlaylik degan qarorga keladi. Bu allaqachon boshlandi".

Bu bizga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

Ko‘pchiligimiz masofadan ishlashning afzalliklari va kamchiliklarini ko‘rdik. Yaxshi tomoni: yo‘lga vaqt sarflanmaydi. Yomon tomoni: hamkasblar bilan muloqotning kamligi. Ammo ba'zi o‘zgarishlar ongimizning tub-tubiga ta'sir qiladi.

Foto: Getty Images

"Menimcha, biz juda ko‘p narsani yo‘qotmoqdamiz va buning uchun yig‘lash kerak, - deydi ofislardagi odamlar haqidagi bir nechta hujjatli va badiiy kitoblar muallifi Lyusi Kellouey. - Asosiysi, ofisda ishimizning ahamiyatini his qilamiz. Ishning ko‘p qismini noutbuk bilan yuzma-yuz o‘tkazish esa, ochig‘ini aytaman, ma'nosiz ko‘rinishi mumkin".

 Faoliyatingiz mazmunli ekanligiga ishonch hosil qilishingizning eng oson yo‘li – siz bilan bir xil ish bajarayotganlar qurshovida bo‘lish, deya qo‘shimcha qiladi Kellouey. Ofis bizni ma'lum bir tartibga o‘rgatadi va hayotimizni boyitadi.

"U yerga borganingizda, boshqa odamga aylanasiz, - deydi u. – Kimga qanaqa, ammo shaxsan men ertalabdan kechgacha uyda o‘tirishdan zerikaman. Kiyinib, ofisga borishni, do‘stlarimga aylangan insonlarni ko‘rishni va chin dildan suhbat qurishni istayman".

 Ammo professor Spayser tadqiqot natijalarini keltiradi, unga ko‘ra odamlar masofadan yanada samarali ishlaydi va o‘z hayotlaridan ko‘proq mamnun bo‘lishadi –birinchi navbatda ular katta shaharlar aholisining eng katta muammosi - uydan ishga qatnashdan ozod bo‘lishdi. 

 Boshqa tarafdan, ba'zi respondentlar uyda o‘zlarini "surgun"dagidek his qilishlarini va rahbariyat bilan shaxsiy muloqotlar yetishmayotganligini aytgan.

 "Ba'zilar uchun rahbarning nigohlariga tushish hayotdagi eng muhim narsa hisoblanadi. Agar ular o‘rniga boshqa birov shunday qilsa, xavotirga tushishadi. Xodimlar va rahbarlar uchun masofadan ishlashning kamchiligi mana shunda", deb ta'kidlaydi professor.

 Uydan ishlashning noqulay tomonlarini sanarkan, u keng va tor uylarda yashovchilar hamda erkaklar va ayollar o‘rtasida imkoniyatlar tengsizligi kelib chiqishini qayd etdi.

Foto: Getty Images

 "Men ishlayotgan akademik sohada jurnallarda muallifi ayollar bo‘lgan maqolalar soni keskin kamayib ketdi," deydi u. - Buning sababi shuki, ayollar uyda bo‘lgan paytida ko‘proq e'tiborini bolalar va uy ishlariga qaratadi".

 Yosh xodimlar tajribali kattalardan saboq ololmaydilar, ko‘plab yaxshi g‘oyalar tug‘iladigan norasmiy suhbatlar o‘tmishda qoladi, deya afsuslanadi "Baxtli mehnat" asari muallifi Bryus Deysli.

 "Kompaniyalar ofislar bilan birga ularning ishlarini ijodiy va samarali qilgan ko‘plab narsalardan mahrum bo‘ladi" deydi u.

 Hozirda Britaniyadagi ofis xodimlarining aksariyati uydan ishlashga majbur. Hukumat ishga qaytilganidan keyin bir vaqtning o‘zida bir necha kishining bitta xonada bo‘lmasligini, ofisning ma'lum joylarida bir tomonlama harakatlanishni tashkil etishni, oshxonada birgalikda ovqatlanish o‘rniga uydan ovaqt olib kelishni va ikki metrlik masofani saqlashni ta'minlashni tavsiya qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: