Koronavirus AQSh prezidentlik saylovlariga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

Jahon 11:51 / 27.05.2020 10151

Bayden g‘alabani ilib ketishi mumkin, agar...

59-prezidentlik saylovlari tobora yaqinlashmoqda. Ammo epidemiya yoz oylari, ayniqsa, saylovlar paytida mamlakatga qanday ta'sir o‘tkazadi, degan savol kun tartibidan tushmayapti.

Tramp va Demokratlar partiyasi nomzodi Jo Bayden o‘rtasidagi raqobat davom etmoqda, biroq barchani tashvishlantirayotgan asosiy muammo – Amerika iqtisodiyotining kelgusi taqdiridir.

Mamlakat miqyosida o‘tkazilgan so‘rovnomalarda oldinga chiqib olgan Bayden, «tebranuvchi» shtatlarda ham Tramp bilan yakkama-yakka kurashadiganday ko‘rinyapti. Ommaviy axborot vositalaridagi materiallarni ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, Covid-19 epidemiyasi iqtisodiyotga – Tramning «shaxmat taxtasi»dagi eng asosiy figuraga zarba bergani oydinlashadi.

Tramp ma'muriyatining epidemiyaga qarshi chora ko‘rishda kechikkan-kechikmagani, virusning Xitoydagi laboratoriyadan chiqqan-chiqmagani xususida jiddiy bahsga kirishgan respublikachilar va demokratlar, aytish mumkinki, so‘nggi yillardagi eng muhim prezidentlik saylovlarini kun sanab kutishmoqda.

Mana shunday inqiroz sharoitda qaysi masalalar saylovlarga ta'sir o‘tkazishi mumkinligi Amerika jamoatchiligining diqqat markazida bo‘lib turibdi.

Ushbu munozaralar fonidagi umumiy fikr shundan iboratki, agar Tramp saylovlarga qadar iqtisodiy tiklanishni amalga oshira olsa, saylovda uning qo‘li baland keladi. Ammo u buni uddalay olmasa, Bayden osonlikcha g‘alabani ilib ketishi mumkin. 

Iqtisodiy tiklanish nimani anglatadi?

Shubhasiz, Tramp uchun eng katta qiyinchilik – saylovga qadar iqtisodni oyoqqa turg‘izishdir. Zotan, prezidentlik davrida ko‘plab munozarali ishlarga qo‘l urgan Trampning «iqtisodiy muvaffaqiyati» hatto liberal ommaviy axborot vositalari tomonidan ham qabul qilinishi kerak bo‘lgan bir jihat sifatida ajralib turadi.

Avvaliga Rossiya masalasidan ortiqcha lat yemay chiqib olgan Tramp iqtisodiy muvaffaqiyatlardan sarmast bo‘lib, ikkinchi prezidentlik davriga kirishish uchun yeng shimarayotgandi. Biroq kutilmaganda epidemiya balosi o‘rtadan chiqib qoldi.

Sog‘liqni saqlash sohasida jiddiy muammolarga, hatto niqob yetkazib berishda qiyinchiliklarga duch kelgan hukumat virusga qarshi chora ko‘rishda kechikish, epidemiyaga yetarlicha to‘g‘ri baho bermaganlikda ayblandi. Ustiga ustak, mamlakat iqtisodiyoti kuchli zarbaga uchradi.

«Buyuk tushkunlik»dan keyin eng jiddiy iqtisodiy inqirozni boshdan kechirgan Amerika xalqi, tabiiyki, Oq uy va Kongressdan keluvchi «iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash» yangiliklariga diqqat-eʼtiborini qaratdi.

Ushbu jarayonda taxminan 40 million kishi ishsizlik nafaqasini olish uchun murojaat qildi, ishsizlik ko‘rsatkichi 15 foizga ko‘tarildi, yirik chakana savdo kompaniyalari bankrot bo‘ldi va minglab biznes qo‘rg‘onlarining eshigiga qulf urildi.

Garchi, epidemiya avj olishida Trampning ayblanishiga doir yetarlicha dalillar bo‘lmasada, Covid-19 bilan bog‘liq jarayonni yaxshi boshqara olmagani uning zarariga ishlashi mumkin. Shuning uchun ham Tramp iqtisodiy inqiroz chuqurlashishi epidemiyadan ko‘ra ko‘proq yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligini hisobga olib, iqtisodiyotni iloji boricha tezroq normal holatga keltirish harakatida.

Iqtisodiy tiklanish jarayonini yoz oylarida sezilarli darajaga ko‘tarishni istagan prezident noyabr oyidan oldin saylovchilar tilidan «Mana, iqtisodiyot tiklanmoqda. Tramp prezidentligining ikkinchi davrida iqtisodiyot yanada ko‘tariladi», degan gapni eshitishni istamoqda. Masalan, uning «Virusga qarshi vaksina topilishi yoki topilmasligidan qat'i nazar, biz bu iqtisodiy normallashtirish jarayonini boshlaymiz» degan gapini ham mana shu istakning o‘ziga xos ifodasi sifatida qabul qilish mumkin.

Xo‘sh, Trampning bu boradagi imkoniyati qanday?

Tramp o‘z qo‘lidagi barcha imkonlardan foydalansada, u bu boradagi barcha huquqiy yoki texnik imkoniyatlarga ega emas. Qolaversa, federal hukumat bilan bir qatorda shtatlarning ham so‘z haqqi bo‘lgan «Iqtisodiyotni normal holatga qaytarish» masalasi respublikachi shtatlar va demokratlarni qisman ajratib qo‘ydi.

Hozirgi vaqtda 20ga yaqin shtat iqtisodiy normallashishga qaytish uchun jiddiy choralar ko‘rmoqda. Ularning aksariyati markaziy va g‘arbiy mintaqalardagi respublikachi shtatlardir.

Mana shunday vaziyatda Tramp iqtisodiy tiklanish «V»  shaklida, ya'ni juda tez amalga oshirilishini ta'kidlamoqda va hatto o‘z saylovchilariga buni va'da qilmoqda. Biroq iqtisodchilar inqirozdan jiddiy zararlangan Amerika iqtisodiyotini «V»  shaklida tiklanish jarayoniga olib kirish u qadar oson kechmasligini aytishmoqda.

Aytish mumkinki, Trampning bu boradagi qobiliyatiga saylovchilar tomonidan beriladigan baho va ishonch Amerika prezidentining ikkinchi muddatga saylanishida eng muhim omilga aylanadi.

Respublikachi saylovchilar Trampni ayblaydimi?

Garchi epidemiya tufayli 100 mingdan oshiq kishi vafot etgan va millionlab odamlar ishsiz qolgan bo‘lsa ham, bu nuqtada juda muhim bir savol o‘rtaga chiqadi: 2016 yilda Trampni yoqlab ovoz bergan saylovchilar uni hozirgi iqtisodiy holat uchun javobgar, deb biladimi?

Mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotlarga nazar tashlansa, Bayden kurash maydonida Tramp bilan birga bo‘y ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, Oq uyga olib boruvchi yo‘lda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etuvchi Florida, Michigan, Viskonsin, Shimoliy Karolina, Minnesota, Pensilvaniya va Arizona kabi hududlardagi so‘nggi so‘rovnoma natijalari ham Bayden bemalol Trampning «panjasiga panja urish»i mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Biroq konservativ ommaviy axborot vositalariga qaralsa, Tramp elektorati uni epidemiya aybdori, iqtisodiy inqiroz javobgari deb bilmayotganini ko‘rish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, respublikachi saylovchilarning saylov kunigacha iqtisodiy bo‘hronda kimni ayblashi Trampning taqdiriga katta ta'sir o‘tkazishi aniq.

Keksa yoshdagi saylovchi kimga ovoz beradi?

Butun dunyoda bo‘lgani kabi AQShda ham koronavirusga chalingan odamlarning aksariyati keksa insonlardir. Zotan, mamlakat bo‘ylab o‘n minglab odamlar vafot etdi, yuz minglab odamlar og‘ir muolajalar olishga majbur bo‘ldi.

Ta'kidlash joizki, aynan ushbu saylovchilarning 3 noyabr kuni beradigan ovozi Trampning ham, Baydenning ham imkoniyatlariga jiddiy ta'sir qiladi. 2016 yilda 65 yoshdan oshganlarning 52 foiz ovozini qo‘lga kiritgan Tramp uchun ushbu saylovda xuddi shunday muvaffaqiyatga qayta erishish juda qiyin masala. Shuning uchun ham demokratlarning saylovoldi jarayonida keksa yoshdagi saylovchilar orasida o‘zini ko‘rsata olgan Baydenning bu masalada Trampdan orqada qolmasligi taxmin qilinmoqda. Mazkur jarayonda ko‘plab qariyalar yashaydigan Florida shtatining tanlovi juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Epidemiyaning ikkinchi to‘lqini bo‘ladimi?

AQShda epidemiyaga qarshi kurash davomida eng ko‘p tilga olingan doktorlardan biri – AQSh Allergiya va yuqumli kasalliklar instituti direktori doktor Entoni Fauchi boshchiligidagi ko‘plab mutaxassislar kuzda epidemiyaning ikkinchi to‘lqini bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirishmoqda.

Garchi Tramp ikkinchi to‘lqinga katta tayyorgarlik ko‘rilganini, u birinchi to‘lqindagiday salbiy ta'sir ko‘rsatmasligini ta'kidlayotgan bo‘lsada, yangi to‘lqinning ham og‘ir kechishi mumkinligini tusmol qilayotganlar ko‘pchilik.

Masalan, AQShning Biotibbiyot ilmiy izlanishlar va rivojlanish agentligining sobiq direktori Rik Brayt Kongressda «Agar Covid-19 epidemiyasining milliy rejasi kuzga qadar ilgari surilmasa, AQSh o‘z zamonaviy tarixining eng qorong‘i qishi bilan ro‘baro‘ kelishi mumkin», dedi.

Shuni ham ta'kidlash joizki, yangi to‘lqin paydo bo‘lishi saylovlar o‘tkazilish-o‘tkazilmasligi yoki qanday shaklda o‘tkazilishi bilan bog‘liq savollarni ham tug‘dirishi mumkin. Har qanday holatda ham saylovlar o‘tkazilishi kutilayotgan bo‘lsada, yoz oylarida epidemiyani ortda qoldirish va kuzda ikkinchi to‘lqinga duchor bo‘lish xavfi o‘rtasida juda katta psixologik farq bo‘lishi aniq. Shu bois, birinchi to‘lqinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan Tramp ma'muriyatining ikkinchi to‘lqinda tashlaydigan qadamlari saylovchilarning qarorlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir o‘tkazadi.

Qanday xulosaga borish mumkin?

2016 yilgi saylovlarda Trampni boshqa respublikachi nomzodlardan ajratib turgan va uni Oq uyga yetaklagan muhim xususiyatlardan biri uning demokratlarga qarshi qaratgan ayirmachi nutqi edi. Ayni paytda ushbu ayirmachi nutq hali ham Trampning foydasiga ishlashi mumkin, deb o‘ylaydigan ko‘plab mutaxassislar bor.

Ta'kidlash joizki, Tramp ommaviy axborot vositalari va demokratlarning koronavirusga oid nutqlarini «respublikachilarni birlashtiruvchi» elementga aylantira oladi. Ushbu elementlarning barchasi ketma-ket yozib chiqilsa, shunday xulosaga borish mumkin: epidemiya ortidan yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz tufayli «taxti qimirlab qolgan» Tramp uchun saylovlargacha bo‘lgan 6 oylik muddat uning butun siyosiy karerasidagi eng muhim davr bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: