Parlament saylovlarida majoritar tizimdan aralash tizimga o‘tish masalasi o‘rganib chiqiladi

O‘zbekiston 07:29 / 26.05.2020 5679

O‘zbekiston saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturi loyihasi e'lon qilindi.

Unga ko‘ra, parlament saylovlarida majoritar tizimdan aralash (majoritar proporsional) tizimga o‘tish masalasini o‘rganib chiqish rejalashtirilmoqda.

Saylovchilardan yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzodning saylangan deb hisoblanishi (mutlaq ko‘pchilik) to‘g‘risidagi qoida o‘rniga, saylovchilarning eng ko‘p ovozini olgan nomzodning saylangan deb topilishi (nisbiy ko‘pchilik) haqidagi qoidani parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarda joriy etish masalasini o‘rganish ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, parlament va mahalliy vakillik organlari saylovlariga oid Markaziy saylov komissiyasining normativ-huquqiy hujjatlarini quyidagilarni nazarda tutgan holda qayta ko‘rib chiqish mo‘ljallangan:

saylov komissiyalari faoliyatini soddalashtirish, yuritiladigan hujjatlar nomenklaturasini maqbullashtirish;

siyosiy partiyadan kuzatuvchining vakolatga kirishish muddatini aniqlashtirish (partiyaga saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan paytdan boshlab);

saylov komissiyalari a'zolariga haq to‘lash tartib-taomillarini soddalashtirish va birxillashtirish;

siyosiy partiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi imzolarni tekshirish jarayonlarini aniqlashtirish;

tashqi reklama vositalarida siyosiy partiyalar va nomzodlarga bepul joy ajratilish amaliyotidan voz kechish;

saylov kuni va ovozlarni sanab chiqish jarayonida saylov uchastkalari va okrug saylov komissiyalarida bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar toifasini belgilash;

ovozlarni sanab chiqish va saylov natijalarini aniqlash tartibini, barcha qadamlarni bayon etgan holda soddalashtirish;

saylov kampaniyasining turli bosqichlarida saylovchilar sonini e'lon qilish.

Ko‘proq yangiliklar: