JSST koronavirusni davolashda gidroksixloroxinni qo‘llashni to‘xtatdi

Jahon 20:28 / 26.05.2020 6909

“Klinik sinovlar o‘tkazish bo‘yicha ijrochi guruh gidroksixloroxinni qo‘llash bo‘yicha vaqtincha tanaffus oldi”, deb aytgan JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus.

Uning ta'kidlashicha, JSST ushbu dori vositasining ustunliklari va zararlarini tegishlicha baholashi lozim. Sinovlar gidroksixloroxinning koronavirusni davolashda qo‘llanishining xavfsiz ekani haqida ma'lumotlar olinmaguncha o‘tkazilmaydi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirusga chalinmaslik uchun gidroksixloroxin qabul qilayotganini aytgan. Uning ta'kidlashicha, ushbu dorini ko‘plab shifokorlar va virusga chalinish xavfi yuqori bo‘lgan joylarda ishlovchilar qabul qiladi.

Biroq ko‘plab siyosatchilar, jumladan AQSh kongressi vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Trampni gidroksixloroxin qabul qilayotgani uchun tanqid qilgan. Shuningdek, senat a'zosi Chak Shumer “har qanday ekspert gidroksixloroxin koronavirusga qarshi yordam bermasligini aytishi mumkinligini, shu sababli Tramp odamlarga yolg‘on umid berayotganini” aytgan.

Gidroksixloroxin bezgakka qarshi dori vositasi bo‘lib, o‘nlab yillardan beri mavjud. Oxirgi oylarda ko‘plab davlatlarda u koronavirusga qarshi qo‘llanmoqda.

Ko‘plab olimlar ushbu dorini qo‘llashda ehtiyot bo‘lishga chaqirishadi. Yevropaning dori vositalari agentligida ta'kidlanishicha, gidroksixloroxinni xloroxin kabi, klinik sinovlar va umummilliy ko‘lamdagi favqulodda vaziyatlardan tashqari, koronavirusga qarshi qo‘llamaslik kerak.

Ko‘proq yangiliklar: