Karantin choralari odamlarning kundalik odatlariga qanday ta'sir ko‘rsatmoqda?

Jahon 11:10 / 26.05.2020 19104

BBC nashri sotsiolog olimlarning mulohazalari va pandemiyaning kundalik hayotimizga qanday ta'sir o‘tkazishi haqidagi dastlabki izlanishlar natijalarini e'lon qildi.

Lokdaunning besh bosqichi
Avstraliya psixologlari assotsiatsiyasi rahbari Mariya Kollinz o‘z maqolasida karantinda yoki o‘z-o‘zini yakkalash sharoitidagi odamlar boshidan kechiradigan beshta asosiy bosqichni sanab o‘tdi. Bu shkala 1969 yilda Doktor Elizabet Kyubler-Ross tomonidan joriy qilingan qayg‘uni qabul qilishning an'anaviy bosqichlaridan — «ishonchsizlik (rad qilish), g‘azablanish, tortishish, tushkunlik, tan berish»dan bir oz farq qiladi. 

Uning fikricha, koronavirusdan izolyatsiyalanish bosqichlari quyidagicha ko‘rinadi: «ishonchsizlik (rad etish), g‘azab, qayg‘u, ko‘nikish va umid». 

Kollinzning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik mart oyi o‘rtalari va oyning ikkinchi yarmida boshdan kechirgan birinchi bosqichda odamlar o‘zlariga hatto ko‘rinmaydigan sababga ko‘ra o‘z odatlarini tubdan o‘zgartirish va hayotlarini cheklash zarurligini rad etishdi. 

Odatiy turmush tarzi allaqachon barbod bo‘lgan va insonning qo‘lidan mutlaqo hech narsa kelmaydigan bir vaqtda ishonchsizlik g‘azabga aylanadi. Umuman olganda, o‘z xohishi bilan yoki tashqaridan izolyatsiyalangan odamlar bu bosqichni ham boshdan kechirib bo‘lishdi.

Kimsasiz ko‘chalar ko‘rinishi - lokdaunning og‘ir psixologik ta'sirlaridan biridir / Getty Images

Uchinchi bosqich – qayg‘uni – derazadan (odatda juda gavjum bo‘ladigan) bo‘sh ko‘chaga qaragan, noma'lum muddatga yopilgan do‘konlar qatori yonidan o‘tayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda o‘sha vaqtgacha abstrakt tushuncha bo‘lgan koronavirus kimningdir yaqinini hayotdan olib ketganini ko‘rgan har qanday odam his qiladi.

Meri Kollinz shkalasi bo‘yicha, hozir aksariyatimiz ko‘nikish bosqichidamiz. Yangi kundalik harakatlar odatiyga aylandi. «Biz yangi voqelikni – bu uy sharoitida ishlashmi yoki bolalarning masofadan ta'lim olishimi – qabul qiladigan darajaga yetib keldik. Yoki ishsiz qolishning barcha qiyinchiliklarini boshdan kechirib, endilikda hukumat yordamini kutyapmiz», deb yozadi u. 

Beshinchi bosqich ya'ni nekbinlik esa karantin choralarining yengillashishi bilan boshlanadi. «Ko‘nikish bosqichida asab tizimi barqarorlashadi, so‘ngra tanada adrenalin ishlab chiqarila boshlaydi, odamlar yanada ijodkor va samaraliroq bo‘lib boradi, idrok o‘tkirlashadi», deb tushuntiradi Kollinz. 

Biroq, lokdaunning to‘liq olib tashlanishiga hali ancha vaqt bor, inqiroz oqibatlari esa o‘zini yillar davomida sezdiradi – bu bizning kunlik harakatlarimizga ta'sir ko‘rsatdi va muqarrar ravishda ta'sir ko‘rsatishda davom etadi. 

Kambag‘allar va bogemalar. Karantinni kim buzmoqda
Sotsiologlar, psixologlar, ijtimoiy antropologlar va inson amaliyotini o‘rganadigan boshqa olimlar ochiq-oydin tan olishmoqda: ular keng ko‘lamli tadqiqotning endigina boshida turishibdi. Bundan tashqari, ular o‘rganayotgan voqea ayni hozirgi vaqtda sodir bo‘lmoqda va barcha mutaxassislarning ham izolyatsiyada bo‘lgan boshqa insonlar kabi erkinliklari cheklangan. Shuning uchun ko‘plab savollarga javoblar hali mavjud emas, faqat dastlabki kuzatuvlar mavjud. 

Masalan, barcha mamlakatlarda karantin choralariga rioya qilmaslik holatlari kuzatilmoqda. Politsiya bunga ogohlantirish va jarimalar bilan javob beryapti. Parijdagi Ijtimoiy fanlar oliy maktabiga taklif qilingan sotsiolog Aleksandr Bikbovning ta'kidlashicha, bu qonunbuzarliklarni ongli ravishda amalga oshiradigan ikki xil toifa odamlar bor.

Ko‘chalarni to‘sib turgan niqobli politsiyachilar - bu bahorning yana bir ramzidir / Getty Images

«Burjuaziyaga xos mavzelarda odamlar nafaqat mahsulot sotib olish uchun uylaridan chiqishadi, balki to‘planib olib suhbat qurishyapti. Qizig‘i: biz ta'lim ko‘rgan, madaniyatli insonlardan odatda ko‘proq intizom va ongli bo‘lishni kutamiz», deydi Bikbov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ayniqsa katta yoshli guruhlarda sezildi: odamlar o‘zlarining ko‘p yillik odatlarini qayta tiklashmoqda, masalan, odatiy kruassan sotib olish uchun nonvoyxonaga borishadi. Majburiy ijtimoiy masofa saqlashni mutlaqo zarur deb hisoblashmaydi. 

Sotsiolog buni «mamnuniyat bilan o‘lish erkinligi» deb atadi va 2015 yildagi kafe va restoranlarda sodir bo‘lgan teraktlardan keyin ma'lum odamlar guruhi o‘zini qanday tutganini esladi – o‘sha vaqtda ular hayot uchun qanchalik xavf yuzaga kelganiga qaramay, restoranlarga borishdan voz kechmaslik uchun butun boshli kampaniya uyushtirishgan (fransuz tilida ular haqida «burjua bogemiyasi» ta'rifi mavjud).

«Bu xavfni mensimaslik va shu kabi odamlar hayot uslubi o‘zgartirilishini burjua shaxsiyatiga nisbatan tahdid sifatida qabul qilishadi», deydi Bikbov.

Ikkinchi guruh – katta shaharlarning boy bo‘lmagan qismlari aholisi va ular boshqa sabablarga ko‘ra g‘azablanishdi. Ko‘p qavatli uyga qamalib qolib, daromadlaridan mahrum bo‘lishdi va odatiy hayot cheklanishi choralari haqida shifokorlardan emas, balki ular bilan doimiy dushmanlik holatida bo‘lgan ma'murlar yoki politsiyadan eshitishdi.

Aynan shuning uchun ushbu choralar maqsadga muvofiq bo‘lsa ham, kambag‘allar ularni oddiy hayotda har doim biror nimani taqiqlaydigan, kaltak bilan urib, qoidabuzarliklar uchun hibsga oladigan odamlarga nisbatan norozilik hissi sababli ularga rioya etishni istashmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: