Samarqandda ikki nafar shunday xodim pul evaziga karantin qoidasini buzgan haydovchilarning mashinasini jarima maydonchasidan olib chiqib bermoqchi bo‘lgan vaqtda qo‘lga olindi.
Samarqand viloyati IIBga Jomboy tumanida joylashgan MChJlarning birida haydovchi bo‘lib ishlovchi A.A. tomonidan murojaat kelib tushgan. U o‘ziga tegishli bo‘lgan «Labo» mashinasida 2020 yil 7 may kuni Samarqand shahri bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtda to‘xtatilgan va maxsus ruxsatnomasi bo‘lmagani sabab DSENM xodimi tomonidan bayonnoma rasmiylashtirib, mashinasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
A.A. 12 may kuni Samarqand viloyat DSENBga borganida, u yerda ishlovchi O. ismli shaxs 4 500 000 (to‘rt million besh yuz ming) so‘m evaziga mashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berishni taklif qilgan. Arizada A.A. uning mashinasi N-1 toifasiga kirishini, «SES» xodimi esa undan noqonuniy tarzda 4,5 million so‘m pul olganini aytib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizaga asosan 20 may kuni Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1980 yil Samarqand viloyatida tug‘ilgan, Samarqand viloyat Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat boshqarmasida mansabdor shaxs bo‘lib ishlovchi N.O. ariza muallifidan olgan 4 500 000 so‘m miqdordagi pullarni qaytarib berayotgan vaqtda ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
18 may kuni Samarqand viloyati IIBga xuddi shu mazmundagi yana bir ariza tushgan. Samarqand tumanida yashovchi ariza muallifi F.F. o‘ziga tegishli «Kobalt»da 14 may kuni karantin qoidalarini buzib harakatlangani uchun uning avtomobili DSENM xodimlari tomonidan tuzilgan bayonnoma asosida jarima maydonchasiga joylashtiriladi.
F.F. Samarqand tumani DSENMga borganida u yerda ishlovchi Z. ismli shaxs Samarqand viloyati DSENMning mansabdor shaxslari orqali uning avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya va mansabdor shaxslarga pora berishini ro‘kach qilib 1 000 000 (bir million) so‘m pul so‘raydi.
Mazkur arizaga asosan, 18 may kuni Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1979 yil tug‘ilgan, Samarqand tumani DSENB bo‘limida ishlovchi S.Z. ariza muallifidan 1 000 000 so‘m miqdoridagi pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 211-modda 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.