O‘zbekiston | 08:24 / 25.05.2020
2427
2 daqiqa o‘qiladi

Mineral-xomashyo bazasi yangi tartib bo‘yicha rivojlantiriladi

Vazirlar Mahkamasining 19.05.2020 yildagi «Mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 297-son qarori qabul qilindi.

Hujjat Prezidentning 18.11.2019 yildagi «Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4522-son qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqildi.
 
Norma’ning yozishicha, tasdiqlangan Nizomga muvofiq quyidagilar belgilandi:

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan yer osti boyliklarining geologiya-qidiruv ishlarini o‘tkazishni tashkil etish tartibi;

yer osti boyliklarini geologik o‘rganish, mineral xomashyoni qazib olish va qayta ishlash sohasida o‘rta (3 yilgacha) va uzoq muddatli (5 yildan 15 yilgacha) istiqbolga mo‘ljallangan davlat dasturlarining asosiy vazifalari;

obektlarni tanlash mezonlari hamda dasturlarni shakllantirish tartibi va muddatlari.
 
Yillik davlat dasturiga kiritiladigan har bir obekt bo‘yicha texnik ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda infratuzilmani yaxshilashga zarur bo‘lgan mablag‘larning hisobi amalga oshiriladi, kapital qo‘yilmalar va asbob-uskunalarni xarid qilishga zarur xarajatlar hujjatlar bilan asoslanadi.
 
Mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturi loyihasi Davlat geologiya qo‘mitasining ilmiy-texnik kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi. So‘ngra loyiha Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Energetika vazirligiga kelishish uchun kiritiladi.
 
Hujjat 20.05.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid