51-yulduz. Puerto-Riko AQSh tarkibiga shtat bo‘lib kiradimi?

Jahon 18:40 / 25.05.2020 17020

Oldingi referendum 2017 yil 11 iyunda o‘tkazilgan va o‘shanda orolning ko‘pchilik aholisi AQSh tarkibida qolish uchun ovoz bergan edi. Noyabrda o‘tkazilajak referendumda Puerto-Riko aholisi yana AQSh tarkibiga 51-shtat bo‘lib qo‘shilish yoki qo‘shilmaslikni yoqlab ovoz beradi. To‘g‘ri, hal qiluvchi qarorni baribir AQSh Kongressi qabul qiladi, ammo shunday bo‘lsa-da, orolliklarning fikri ko‘p narsani anglatadi.

Ma'lumot uchun, Puerto-Riko AQShga erkin tarzda qo‘shilgan va hozir ham AQSh boshqaruvidagi davlat hisoblanadi.

Puerto-Riko oroli 1493 yilda Xristofor Kolumb tomonidan kashf etilgan. O‘sha paytda orolda o‘zlarini taino deb ataydigan hindu qabilalari yashagan. Ular o‘z orolini Boriken deb atagan. Kolumb esa orolga San Xuan de Bautista deb nom beradi. Keyinroq orol ispanlar tomonidan bosib olinadi va hindular qirib tashlanadi. Ispanlar u yerda Puerto-Riko shahriga asos solishadi. O‘shanda orol va uning poytaxti ikki xil nomlanishi dengizchilarga noqulaylik tug‘diradi va 1520-yillardan boshlab butun orol Porto-Riko (ma'nosi «qimmatbaho bandargoh») deb ataladi.

XIX asrning so‘ngiga qadar Ispaniya mulki hisoblangan orol 1898 yilda bo‘lib o‘tgan AQSh-Ispaniya urushi paytida amerikaliklar tomonidan egallab olinadi. 1917 yilda qabul qilingan Jons-Shefrot aktiga ko‘ra orol aholisi AQSh fuqarolari hisoblanadi va bu akt hozirgacha amal qiladi.

1932 yil AQSh Kongressi tomonidan orolning Porto-Riko nomi Puerto-Rikoga o‘zgartiriladi. 1947 yilgacha orolni AQSh prezidenti tomonidan tayinlangan gubernatorlar boshqarib kelgan. Shu yili AQSh hukumati Puerto-Riko gubernatorini orolliklarning o‘zi saylashi tartibini joriy etadi. O‘shandan beri orol aholisi o‘z gubernatorini saylab keladi.

Puerto-Riko aholisi AQSh fuqarolari hisoblansa-da, ular AQSh saylovlarida ovoz berish huquqiga ega emas. Shuningdek, orol aholisi federal budjetga soliq to‘lamaydi.

Puerto-Riko haqida asosiy ma'lumotlar:

Rasmiy tillar: ispan va ingliz tili;
Poytaxti: San-Xuan shahri;
Boshqaruv ko‘rinishi: AQSh boshqaruvidagi gubernatorlik;
Maydoni: 9 104 kvadrat kilometr;
Aholisi: 3 195 153 nafar (2018 yil ma'lumoti);
Yalpi ichki mahsulot hajmi: 77,4 milliard dollar;
YaIM hajmi aholi jon boshiga hisoblaganda: 19 600 dollar;

AQSh tarixi: Kim qachon qo‘shilgan?

Zamonaviy AQSh hududi XVIII asrda yaxlit bir davlat bo‘lmay, uning turli hududlari boshqa davlatlar tomonidan boshqarilgan. Masalan, mamlakatning katta qismi Buyuk Britaniya hududi hisoblangan bo‘lsa, yana bir qismi Ispaniyaga, yana bir qismi Niderlandiyaga tegishli bo‘lgan. 1776 yilda mustaqilligini e'lon qilgan AQSh o‘shanda quyidagi 13ta shtat tomonidan tuzilgan. Mamlakat bayrog‘idagi 13ta qizil va oq chiziqlar aynan ularni ifodalaydi.

Nyu-Hempshir provinsiyasi, keyinchalik Nyu-Hempshir shtati;
Massachusets-Bey provinsiyasi, keyinchalik Massachusets va Men shtatlari;
Rod-Aylend koloniyasi, keyinchalik Rod-Aylend shtati;
Konnektikut koloniyasi, keyinchalik Konnektikut shtati;
Nyu-York provinsiyasi, keyinchalik Nyu-York va Vermont shtatlari;
Nyu-Jyersi provinsiyasi, keyinchalik Nyu-Jyersi shtati;
Pensilvaniya provinsiyasi, keyinchalik Pensilvaniya shtati;
Delaver koloniyasi, keyinchalik Delaver shtati;
Merilend provinsiyasi, keyinchalik Merilend shtati;
Virjiniya dominioni, keyinchalik Virjiniya, Kentukki va G‘arbiy Virjiniya shtatlari;
Shimoliy Karolina provinsiyasi, keyinchalik Shimoliy Karolina shtati;
Janubiy Karolina provinsiyasi, keyinchalik Janubiy Karolina shtati;
Jorjiya provinsiyasi, keyinchalik Jorjiya shtati.

AQSh tuzilgandan so‘ng Buyuk Britaniya bilan urush boshlanadi. AQSh o‘z mustaqilligini munosib himoya qiladi. 1783 yilda Parijda imzolangan tinchlik shartnomasiga ko‘ra, Buyuk Britaniya AQShni mustaqil davlat deb tan oladi.

AQShga qo‘shilgan shtatlarning tartib ro‘yxati quyidagicha:

Delaver - 1787 yil 7 dekabr;
Pensilvaniya - 1787 yil 12 dekabr;
Nyu-Jyersi - 1787 yil 18 dekabr;
Jorjiya - 1788 yil 2 yanvar;
Konnektikut - 1788 yil 9 yanvar;
Massachusets - 1788 yil 6 fevral;
Merilend - 1788 yil 28 aprel;
Janubiy Karolina - 1788 yil 23 may;
Nyu-Hempshir - 1788 yil 21 iyun;
Virjiniya - 1788 yil 25 iyun;
Nyu-York - 1788 yil 26 iyun;
Shimoliy Karolina - 1789 yil 21 noyabr;
Rod-Aylend - 1790 yil 29 may;
Vermont - 1791 yil 4 mart;
Kentukki - 1792 yil 1 iyun;
Tennesi - 1796 yil 1 iyun;
Ohayo - 1803 yil 1 mart;
Luiziana - 1812 yil 30 aprel;
Indiana - 1816 yil 11 dekabr;
Missisipi - 1817 yil 10 dekabr;
Illinoys - 1818 yil 3 dekabr;
Alabama - 1819 yil 14 dekabr;
Men - 1820 yil 15 mart;
Missuri - 1821 yil 10 avgust;
Arkanzas - 1836 yil 15 iyun;
Michigan - 1837 yil 26 yanvar;
Florida - 1845 yil 3 mart;
Texas - 1845 yil 29 dekabr;
Ayova - 1846 yil 28 dekabr;
Viskonsin - 1848 yil 29 may;
Kaliforniya - 1850 yil 9 sentabr;
Minnesotta - 1858 yil 11 may;
Oregon - 1859 yil 14 fevral;
Kanzas - 1861 yil 29 yanvar;
G‘arbiy Virjiniya - 1863 yil 20 iyun;
Nevada - 1864 yil 31 oktabr;
Nebraska - 1867 yil 1 mart;
Kolarado - 1876 yil 1 avgust;
Shimoliy Dakota - 1889 yil 2 noyabr;
Janubiy Dakota - 1889 yil 2 noyabr;
Montana - 1889 yil 8 noyabr;
Vashington - 1889 yil 11 noyabr;
Aydaho - 1890 yil 3 iyul;
Vayoming - 1890 yil 10 iyul;
Yuta - 1896 yil 4 yanvar;
Oklahoma - 1907 yil 16 noyabr;
Nyu-Mexiko - 1912 yil 6 yanvar;
Arizona - 1912 yil 14 fevral;
Alyaska - 1959 yil 3 yanvar;
Havayi - 1959 yil 21 avgust;

AQSh shtatlari haqida qiziqarli ma'lumotlar

AQSh shtatlarining har birida o‘z konstitutsiyasi bor. Shtatlarning ma'muriy bo‘linishi qanday tarzda bo‘lishi ularning konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, Nebraska shtatidan boshqa barcha shtatlarda xuddi AQSh Kongressi va Senatiga o‘xshash ikki palatali parlament mavjud. Shtatlardagi qonunchilik palatalarining necha yilga saylanishi turlicha. Aksariyatida ular ikki yilga saylanadi. Shtatlarning Oliy sudlari ham turli muddatga tayinlanadi yoki saylanadi.

Shtatlarni saylov yo‘li bilan saylanadigan gubernatorlar boshqaradi. Ba'zi shtatlarda hududning konstitutsiyasiga qarab gubernatorlar AQSh prezidentlari kabi to‘rt yildan ikki muddatga saylanishi mumkin. Yana ba'zi joylarda gubernatorlar shtatni ikki muddatdan ham ortiqroq boshqarishi mumkin. O‘ndan ortiq shtatlarda esa gubernatorlarning saylovda qatnashishi va shtatni boshqarishi bo‘yicha hech qanday cheklov yo‘q.

Gubernatorlik saylovlarida unga parallel ravishda shtat vitse-gubernatori ham saylanadi. Faqatgina Tennesi va G‘arbiy Virjiniya shtatlarida vitse-gubernatorni saylovchilar emas, shtat senati saylaydi. Umuman olganda, AQShning har bir shtatida ikki xil – federal va mahalliy qonunlar ishlaydi. Shtatlarning aksariyati okruglarga bo‘linadi. Okruglarda xizmat ko‘rsatadigan okrug bosh sherifi, prokurori, sudyasi, soliq boshlig‘i – ya'ni «to‘rtlik» saylov yo‘li bilan tanlanadi. Ha, amerikaliklarning juda ko‘p vaqti saylovlarda o‘tib ketadi.

Mamlakatdagi 50ta shtatning 33tasida ma'muriy markaz yirik shaharlarda emas, balki kichikroq shaharlarda joylashgan. Masalan, Kaliforniyaning ma'muriy markazi shtatning eng katta shahri Los-Anjyelesda emas, Sakramento shaharchasida joylashgan. Nyu-York ma'muriy markazi ham Nyu-York shahrida emas, balki Olbani shaharchasida.

Puerto-Riko shtat maqomini olishi mumkinmi?

Hozircha Puerto-Rikoda AQShning 51-shtati bo‘lish imkoniyati past baholanmoqda. 2017 yil ham bu davlatda uning AQShga 51-shtat bo‘lib qo‘shilishi yuzasidan referendum o‘tkazilgan edi. O‘shanda orol aholisi AQShga teng huquqli shtat bo‘lib qo‘shilishni yoqlab ovoz bergan, ammo AQSh Kongressi va Oliy sudi Puerto-Rikoni shtat qilib qo‘shib olishga rozi bo‘lmagandi. Qiziq, ba'zi davlatlar maydonini kengaytirish uchun o‘lib tirilayotgan bir vaqtda AQSh o‘z tarkibiga qo‘shilishni istayotgan hududni xotirjamlik bilan rad etgan.

Puerto-Rikoda aholisi bu gal ham AQShga 51-shtat bo‘lib qo‘shilish uchun ovoz berishiga shubha yo‘q. Ammo AQSh Kongressi va Oliy sudi bu safar qanday qarorga kelishi aniq emas. Agar bu safar Puerto-Rikoga shtat maqomi beriladigan bo‘lsa, AQShning boshqa huquqsiz hududlari ham shtat maqomini so‘ray boshlashi mumkin.

AQSh ixtiyorida Puerto-Rikodan tashqari shtat maqomini olmagan AQSh Virjin orollari, Shimoliy Marianna orollari, Guam va Amerika Samoasi kabi hududlar bor. Ular ham kelajakda shtat maqomini so‘rab AQSh hukumatiga murojat qilishi mumkin.

Masalan, Osiyo qit'asiga yaqin hududda joylashgan Guam oroli ham AQShga tegishli. Bu orol aholisi ham AQSh fuqarolari hisoblanadi, ammo ular ham Puerto-Riko aholisi kabi saylash huquqiga ega emas. Bugun orolda qariyb 200 ming kishi yashaydi. Agar Puerto-Riko AQShning 51-shtati maqomini olsa, kelajakda bu orol ham AQShning to‘laqonli shtati bo‘lish uchun harakat qilib ko‘rishi ehtimoli yuqori. AQSh esa hadeb bayrog‘idagi yulduzchalar sonini oshirishni istamaydi.

Darvoqe, Puerto-Riko masalasi jiddiyga o‘xshamoqda, chunki allaqachon AQShning 51ta yulduzdan iborat yangi bayrog‘i uchun dizaynlar taklif qilish boshlangan...

Ko‘proq yangiliklar: