Kun.uz barchani Ramazon hayiti bayrami bilan muborakbod etadi

O‘zbekiston 05:45 / 24.05.2020 7617

Bu yilgi Ramazon oyiga tibbiy cheklovlar to‘g‘ri kelgani kabi, Hayit bayrami ham o‘zgacha bir muhitda – koronavirus pandemiyasi bois joriy qilingan karantin sharoitida nishonlanmoqda. Shunga qaramay, oylarning sultoni Ramazonda har bir mo‘min-musulmon uylarida bo‘lsin, imkonlari yetgunicha toat-ibodatda bo‘lishga harakat qildi. 

Hosil yetilganidan so‘ng yig‘ib olinganidek, bugun shunday bir kunki, bu kunda Ramazon oyida qilingan ibodatlar qabul bo‘ladigan, unga behisob ajr-u savoblar beriladigan hamda gunohlardan poklanadigan kundir. Bu kunda qilingan xayrli duolar mustajob bo‘lishini Alloh taboraka va taolodan so‘raymiz. 

Qalblarimizdagi iymon yanada ziyoda bo‘lsin, xonadonlarimizdan qut-baraka arimasin, vatanimiz yanada obod, xalqimizning turmushi yanada farovon bo‘lsin! Koronavirus pandemiyasi ham dunyodan tezda bartaraf bo‘lsin!

Shirin kalom ulashish, mehr ko‘rsatish, ota-onalarimiz duosini olish, tabassum bilan muomalada bo‘lish kabi yuksak axloq namunalari mo‘min-musulmonning nafaqat ulug‘ ayyom kunlaridagi, balki kundalik hayotidagi ajralmas odobidir.

Dunyo mo‘min-musulmonlarining hayotida bugungi xursandchilik kunlari bardavom bo‘lishini tilagan holda, istagimiz shuki, xonadoningizdan tinchlik-xotirjamlik, dasturxoningizdan qut-baraka va turmushingizdan yaxshiliklar arimasin.

Alloh taolo Ramazon oyida qilgan ibodatlarimiz va tavbalarimizni qabul qilsin. Haq yo‘ldan adashtirmasin. Xayrli amallarimiz yilbo‘yi bardavom bo‘lishini nasib etsin, bu ishlarga O‘zi muvaffaq aylasin. Bilib-bilmay qilgan katta-yu kichik gunohlarimizni kechirsin!

Ramazon Hayiti muborak bo‘lsin!

Ko‘proq yangiliklar: