Zakot, fitr va fidya: kimlar tomonidan va qancha miqdorda beriladi?

Jamiyat 04:00 / 23.05.2020 60897

Kun.uz muborak Ramazon oyi munosabati tashkil etib kelayotgan turkum suhbatlarning navbatdagisida moliyaviy ibodatlar haqida so‘z boradi. Bu mavzuda ma'lumot olish uchun «Islomobod» jome masjidi imom-xatibi Abdulloh domla Yo‘ldoshevga murojaat qildik.

Zakot – islom farzlaridan biri

Zakot – Islomdagi besh ustunning biri. Zakot ommaviy qilinadigan ibodat emas, u faqatgina moli ma'lum nisobga, me'yorga yetgan kishi uchun farz bo‘ladi.

Bu yil mablag‘i 22 mln so‘mdan oshgan kishilar molining 40dan bir qismini zakot qilib berishi kerakligi xususida muftiy hazratlarining fatvolari chiqarildi.

Zakot Ramazon oyida berilishi kerak degan ko‘rsatma mavjud emas. Nega nisobga yetgan molimizning qirqdan bir qismini kambag‘allarga, miskinlarga, yetim va ehtiyojmandlarga aynan Ramazon oyida beramiz? Chunki boshqa oylarda qilingan savob uchun bitta ajr olinsa, Ramazoni sharifda ado etilgan zakot, namoz, ro‘za va sadaqamizga 700 barobargacha ajrni ziyod qilib berish xushxabari muborak hadisi shariflarda keltirilgan.

Shuning uchun butun dunyo musulmonlari Alloh taolo huzurida yanada ko‘proq savobga erishaylik, degan maqsadda zakotni Ramazon oyida beradilar, ulamolar ham shunga tavsiya qilishgan.

«Islomobod» jome masjidi imom-xatibi
Abdulloh Yo‘ldoshev

Fitr sadaqasi

Bir oy mobaynida Ramazon ro‘zasini tutgan ro‘zador kamchilikka, nuqsonga yo‘l qo‘yishi mumkin, chunki gunohkor bandamiz. Qilgan xatomizga istig‘for keltiramiz, lekin ana shuning ijobatini so‘rash uchun sadaqa beriladi.

Ramazon oyida tutgan ro‘zalarning kafforoti, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni yopsin, degan maqsadda beriladigan sadaqa – fitrdir.

Ramazon oyida fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi.

Bu yil 2 kilo bug‘doyning qiymati, ya'ni 8 ming so‘m – bir kishi uchun fitr sadaqasi me'yori qilib ulamolar kengashi tomonidan belgilandi.

Faqatgina bu bilan cheklanib qolinmaydi. Xalq orasida o‘ziga to‘q kishilar bor, ular bir kishiga 8 ming so‘m berish juda kam mablag‘ deb bilsalar, 2 kilo xurmo, 2 kilo mayiz qiymatidan kelib chiqqan holda fitr sadaqasini berishlari mumkin. Bir kilo mayizning narxi 100 ming so‘m deb oladigan bo‘lsak, fitr sadaqasi 200 ming so‘m deb belgilanib, ehtiyojmandlarga berilishi mumkin. Bu – bir oilaning bir necha kunlik ehtiyojiga yaraydi. Fitr beruvchining ham sadaqasi bajo bo‘ladi, ham ro‘zalariga kafforat bo‘ladi, ham bir oilaning hojatini ado etib, savobga erishadi.

 

Fidya sadaqasi

Qur'oni karimda Alloh taolo kasal bo‘lasanmi, safarga chiqib qiynalasanmi, qanday bo‘lmasin, Ramazon ro‘zasini 30 kun tutib bergin demagan. Safarga chiqqan yoki kasallik bilan og‘rib qolgan kishi uchun Ramazon ro‘zasining sanoqlari boshqa kundadir, deyiladi.

Kasallik ikki xil bo‘ladi – tuzaladigan va tuzalmaydigan kasallik. Misol uchun, qandli diabet bilan og‘rigan bemor har qanchadir muddatda tamaddi qilib turishi kerak, ular tez chanqaydi. Och yursa, bu kasallikning kuchayishiga sabab bo‘ladi. Shunda shariat yengillik beradi.

«Bandalarimizni toqati yetmaydigan ishga buyurmaymiz», dedi Alloh Taolo o‘z kalomida. Qanday bo‘lsa ham ibodat qilasan, degan shart qo‘yilmaydi.

Bunday bemorlar fidya berishadi.

Ulamolar kengashi tomonidan bu yilda fidyaning kunlik miqdori 20 ming so‘m etib belgilangan. Bemor 10 kun ro‘za tuta olmasa, 200 ming so‘m fidyani ehtiyojmandlarga beradi.

Tuzalmaydigan bemorlar butun Ramazon oyi davomida tuta olishmasa, bir oy uchun hisoblab, 600 ming so‘m fidya beradilar.

Dinimizning go‘zalligini qarangki, bir musulmon kishi bemor bo‘lib, ibodatdan qolib ketsa, mana shuning kafforati boshqa musulmonlarni xursand qiladi. Ham jismonan, ham ruhan, ham ma'nan dinimizga to‘g‘ri rioya qilsak, inshaalloh, sog‘lom muhitda istiqomat qilamiz.

Butun xalqimiz ibodat qilib, zakot, fitr, fidya sadaqotini bergan bo‘lsalar, Ramazon oyiga xos savobga ega bo‘lishlarini Alloh nasib qilsin. Kelasi yilgi Ramazoni sharifga butun xalqimiz bilan ziyod bo‘lib, sog‘-salomat, illat va kasalliklarsiz yetishishni, savobli ishlarni ado etishni nasib etsin.

Ko‘proq yangiliklar: