Saudiya Arabistoni bayram kunlarini karantinda o‘tkazadi

Jahon 22:40 / 23.05.2020 14892

Mamlakatda ayni paytda virusga chalinish holatlari soni 70 mingdan oshdi. Virus tufayli vafot etganlar esa 379 nafarni tashkil qilmoqda. 

Cheklovlar yumshatila boshlangandi, biroq…

Ta'kidlash joizki, Saudiya Arabistoni aprel oyi oxirida cheklovlarni yengillashtira boshlagandi. Bu esa o‘z navbatida korxonalarni qayta ochish va erkin harakatlanishga imkon bergandi. Biroq vaziyat yomonlashib borishi ortidan hukumat may oyi boshida beshdan ortiq kishi bir joyda yig‘ilmasligini  va ijtimoiy masofa qoidalarini nazorat qilish uchun yangi maxsus politsiya bo‘linmasini joriy etdi.

Ushbu mamlakat ayni kunga qadar koronavirus «o‘tmish»ini qanday yashadi?

Cheklovlar

Foto: Arab News

Mazkur mamlakatda virusdan zararlanish bilan bog‘liq ilk holat 2 mart kuni Bahrayn orqali Erondan qaytgan fuqaroda aniqlangandi. Vaqt o‘tishi bilan epidemiya ko‘lami shiddat bilan kengayib bordi. Koronavirusga qarshi kurash doirasida 5 mart kuni Buyuk jome sterilizatsiyalash maqsadida vaqtincha yopildi va islomiy muqaddas qadamjolar xavfsizligi bo‘yicha qo‘shimcha ehtiyot choralari ko‘rildi. 8 mart kuni Qatif gubernatorligi hududi va undan tashqarida barcha transport vaqtincha to‘xtatilishi (chunki mamlakatda tasdiqlangan barcha holatlar Qatif hududiga to‘g‘ri kelmoqda) ma'lum qilindi.

19 mart kuni esa koronavirus yoyilishi oldini olish maqsadida Makka va Madinadagi ikki masjidning ichki va tashqi qismida kundalik va juma namozlarini o‘qishga cheklov joriy etildi. Ayni cheklov mamlakatning barcha hududlari uchun ham taalluqli ekani aytildi. 20 mart kuni Ichki ishlar vazirligi barcha ichki reyslar, poyezdlar, avtobuslar va taksilar faoliyati 14 kunga to‘xtatilganini ma'lum qildi.

24 mart kuni ertalab soat 6:00 dan kechki soat 7:00gacha butun mamlakat bo‘ylab komendantlik soati joriy etildi.

29 mart kuni podshoh Salmon virusga chalinganlarning barchasini viza yoki iqama (yashash huquqi) bilan bog‘liq maqomidan qat'i nazar bepul davolashni buyurdi.

New York Times gazetasi 8 aprel kuni Saudiya podshohlik xonadonining 150 nafar a'zosida koronavirus testi ijobiy chiqqani haqida xabar tarqatdi. Podshohning jiyani Faysal ibn Bandar Ol Saud jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgani aytildi.

Sport musobaqalari

7 mart kuni Saudiya Arabistoni Bosh sport idorasi barcha sport musobaqalari yopiq eshiklar ortida o‘tkazilishi, 23 martdan 1 aprelgacha bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan 2020 yilgi Saudiya Olimpiya o‘yinlari esa keyingi bildirishga qadar to‘xtatib turilishi e'lon qilindi.

Ta'lim

8 mart kuni Saudiya Arabistoni Ta'lim vazirligi virusning tarqalishini nazorat qilish uchun mamlakatdagi barcha o‘quv muassasalari, shu jumladan, davlat va xususiy maktablar, kasb-hunar ta'limi muassasalari yopilishini e'lon qildi.

Ko‘ngilochar maskanlar va tadbirlar

14 mart kuni Saudiya Munitsipal va qishloq ishlari vazirligi barcha savdo markazlari, istirohat bog‘lari va ko‘ngilochar hududlar, 15 martda esa restoranlar, qahvaxonalar yopilishini e'lon qildi. Bundan tashqari, vazirlik ijtimoiy tadbirlar, shu jumladan, dafn marosimlari va to‘y o‘tkazish taqiqlanishini bildirdi.

Iqtisodiyot

2020 yil 10 mayda Saudiya Arabistoni 1 iyundan e'tiboran ming riyol – oylik yashash uchun to‘lanadigan nafaqa to‘xtatilishi, 1 iyuldan boshlab esa qo‘shimcha qiymat solig‘i 5 foizdan 15 foizgacha oshirilishini e'lon qildi.

Podshohlik xarajatlarni 100 milliard riyolga (26,6 mlrd AQSh dollari) kamaytirdi. 2020 yilning birinchi choragida 9 mlrd AQSh dollari miqdoridagi budjet taqchilligi ham neft narxi pasayishi va pandemiyaning iqtisodiy oqibatlari tufayli yuz berdi.

Bemorlarni davolashda tibbiy robotdan foydalanilmoqda

Saudiya Arabistoni shifoxonalari koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun sun'iy intellektni amalda qo‘llamoqda. Ar-Riyod va Jidda shaharlarining tibbiy majmualarida bemorlarni tekshiradigan va ularga tashxis qo‘yadigan, Xitoyda ishlab chiqarilgan tibbiy robotlardan foydalanilmoqda.

Qurilma zarur asbob-uskunalarga ega. Bu esa shifokorlarga Covid-19 holatlariga tashxis qo‘yish, xavfsiz masofada ishlash, rentgen natijalarini olish va smartfon ilovasi yordamida bemorning tibbiy tarixidagi yozuvlarni tekshirish imkonini beradi. Ayni paytda tibbiy robot shifokorlar va bemorlar orasidagi aloqalarni 95 foizga kamaytirishga xizmat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: