2020 yil 18 may kuni soat taxminan 07:00larda Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani IIB xodimlari tomonidan “Qoradori-2020” tadbiri o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, uning davomida To‘rtko‘l tumani “Miskin YPX” blok postida, J.B. boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli transport vositasi to‘xtatilib, avtomashina ko‘zdan kechirilganida, ko‘p miqdorni tashkil qiluvchi 446 dona “Tropikamid” dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, avtomombil yo‘lovchisi S.N. o‘z ko‘rsatmalarida ushbu 446 dona “Tropikamid” kuchli ta'sir qiluvchi moddasi fuqaro Sh.A.ga tegishli ekanligi, u o‘z yashash uyida “Tramadol” psixotrop moddasini saqlayotganligi haqida bayon qilgan.
Holat yuzasidan To‘rtko‘l tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 3-qismi (Kuchli ta'sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha Sh.A.ning Sh.Rashidov ko‘chasidagi yashash xonadonida o‘tkazilgan tintuv tergov harakati davomida uch dona “Tropikamid” kuchli ta'sir qiluvchi moddasi va oq rangli paketda 248 o‘ramdagi 2 ming 480 dona “Tramadol Lannaxer Tramadol 50 mg” vositasi, qora rangli paketga o‘ralib, skochlangan holatda saqlanayotgan jami 236 dona “Regapen” vositasi hamda jami 50.000 so‘m pullar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.