O‘zbekiston mudofaa vazirining maslahatchisi lavozimi joriy etiladi

O‘zbekiston 09:10 / 23.05.2020 5378

Prezidentning “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Toshkent shahar hokimligining:

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi shaklidagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyatini Toshkent shahri, Olmazor tumani, Sag‘bon ko‘chasi manzilida tashkil etish;

Majmua hududida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti, Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli, Mudofaa vazirligi Harbiy orkestrlar xizmatini bepul foydalanish huquqi bilan joylashtirish;

Majmua huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Quyidagilar Majmuaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

Ikkinchi jahon urushi janglarida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunasini ko‘rsatgan ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabani ta'minlashga qo‘shgan munosib hissasini keng miqyosda yoritish, yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish;

O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida erishilgan G‘alabaga qo‘shgan munosib hissasini ilmiy asosda o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish;

O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki, front ortidagi mehnat qahramonliklari, yurtimizga evakuatsiya va deportatsiya qilingan turli millat vakillari, xususan, bolalarning bag‘rikenglik bilan kutib olinishi singari tarixiy voqealarni aks ettirish orqali yosh avlodni g‘oyaviy chiniqishini shakllantirish va keksa avlod bilan ruhiy bog‘liqlikni kuchaytirish, ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash;

aholining tarix bilan hamnafas bo‘lib, o‘tganlar xotirasini yod etishi, ularga hurmat bajo keltirishi, shuningdek, mazmunli dam olishi bilan bog‘liq ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar hamda respublika va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, mahorat darslari, ijodiy kechalar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish;

Ikkinchi jahon urushi davriga oid xorijiy muzey ekspozitsiyalari va arxivlar fondlarini o‘rganish, O‘zbekiston xalqining g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini aniq tarixiy hujjatlar bilan asoslash uchun maqsadli, fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish hamda ularni keng jamoatchilikka taqdim etish;

Majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi fondlari va ekspozitsiyalarini Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimizga oid arxiv hujjatlari hamda ularning mardligi va yuksak jasoratini haqqoniy yoritishga qaratilgan mamlakatimiz va xorijdagi Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq hujjatlar va boshqa eksponatlar bilan muntazam boyitib borish;

Ikkinchi jahon urushiga oid muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash, yangilarini aniqlash, to‘plash, ular haqidagi ma'lumotlarni nashrga tayyorlash va chop etish;

urush davridagi yurtdoshlarimizning jangovar va front ortidagi fidokorona xizmatlari haqida tarixiy xotirani mustahkamlash maqsadida ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda Majmuada ochiq darslar, ma'ruza va seminar mashg‘ulotlar o‘tkazishni, talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashini tashkillashtirish;

Majmuada turistlar, tadqiqotchilar va tashrif buyuruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va uning turistik salohiyatini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Majmua hududida joylashgan bino, inshoot va boshqa obektlardan maqsadli foydalanish va ularning belgilangan tartibda saqlanishini ta'minlash;

Majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi ekspozitsiyasini takomillashtirishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, ilmiy-tadqiqotlar olib borish hamda noan'anaviy ko‘rgazmalar yaratish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ushbu yo‘nalishdagi chet el muzeylari bilan ko‘rgazmalar tashkil etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish;

Majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi ashyolari va kolleksiyalariga oid ma'lumotlar bazasini shakllantirish, yuritish, ularni yangilab borish, elektron nusxada O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari Milliy arxiviga topshirish, bosma hamda elektron nusxada O‘zbekiston Respublikasi Milliy muzey fondiga kiritish hamda muzeyning fondi reyestri va yo‘l ko‘rsatkichini kataloglashtirish ishlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

aholiga madaniy-dam olish xizmatlari ko‘rsatish.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma'naviyat va ma'rifat markazi, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, Qurolli Kuchlar davlat muzeyi, Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli hamda Mudofaa vazirligi Harbiy orkestri faoliyatini muvofiqlashtirish va samarali boshqarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining madaniy ishlar bo‘yicha maslahatchisi – “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi boshlig‘i lavozimi joriy etiladi va uning mavqei, barcha ta'minot turlari bo‘yicha Mudofaa vazirligi markaziy apparati bosh boshqarma boshlig‘i lavozimiga tenglashtiriladi.

Ushbu lavozim Mudofaa vazirligining umumiy shtat birliklari soni doirasida joriy etiladi.

Belgilanishicha:

a) Majmuani saqlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

Majmua mulkini ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar to‘liq “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi;

b) Majmua hududi, bino va inshootlariga xizmat ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

v) Majmua boshlig‘ining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston Respublikasi tarixini o‘rganish bo‘limi mutaxassislaridan tashqari Majmuaning ma'muriy-boshqaruv, ijodiy xodimlari va mutaxassislari mehnatiga haq to‘lash davlat muzeylari xodimlari uchun belgilangan bazaviy lavozim maoshlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi, bunda ushbu xodimlarga bazaviy lavozim maoshlari (tarif razryadlari) 1,5 oshirish koeffitsiyentini qo‘llagan holda belgilanadi;

g) Majmua boshlig‘ining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston Respublikasi tarixini o‘rganish bo‘limi bosh, yetakchi, katta va kichik ilmiy xodimlari lavozimlaridagi mutaxassislari mehnatiga haq to‘lash qonunchilikda belgilangan budjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlarida amalga oshiriladi;

d) “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasini rivojlantirish jamg‘armasi quyidagi manbalar:

pullik xizmat ko‘rsatishdan, Majmuaga va uning obektlariga kirish uchun chiptalar sotish, uning mulkini ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar;

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga ajratilgan budjet mablag‘laridan tegishli moliya yili uchun Majmuaning xarajatlar smetasining 5 foizi miqdoridagi mablag‘lar;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ajratilgan maqsadli hamda o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari bo‘yicha ajratiladigan grantlar;

yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan amalga oshirilgan beg‘araz moliyaviy yordamlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan tashkil qilinadi;

ye) Majmuaga tashrif buyurish uchun bir martalik chipta narxi Toshkent shahrida joylashgan boshqa muzeylarga bir martalik tashrif buyurish uchun chiptalarning o‘rtacha narxini chiqargan holda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi:

Ikkinchi jahon urushi, urush qatnashchilari va front orti faxriylarining qahramonligiga oid materiallarni hamda Majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi fondida saqlanayotgan eksponatlar va ma'lumotlar asosida ilmiy tadqiqotlar olib borish va Majmua fondini doimiy ravishda boyitish ishlarini amalga oshiriladi;

Respublika oliy va oliy harbiy ta'lim muassasalari talabalari (kursantlari), magistrantlari va doktorantlari tomonidan urush yillariga oid ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishlari tashkil etiladi, ushbu maqsadda “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi obektlarida alohida o‘quv xonalari ajratiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda badiiy, ilmiy-ommabop bosma va elektron kitoblari nashr etadi.

Ko‘proq yangiliklar: